Maniy haqida

Assalomu alaykum! Biz bilamizki ko‘pincha yigitlarda va uylangan odamda ham har hojatga borganda, ya’ni kuchanganda maniy, najas (tiniq va xira suv) oqib qoladi. Shunda har hojatga borib kelib g‘usl (yuvinish) shartmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Maniy» – shahvat shiddatlashgan paytda otilib chiqadigan suyuqlikdir. Erkak kishining maniysi quyuq va oq, ayol kishining maniysi suyuq va sarg‘ish bo‘ladi. «Maziy» – erkak kishining jinsiy a’zosidan jinsiy aloqani o‘ylagan yoki xotinini quchoqlagan paytda chiqadigan oq suyuqlik. «Vadiy» – bavl qilgandan keyin ba’zida ajraladigan quyuq oq suyuqlik. Maziy yoki vadiy chiqqanidan g‘usl qilish yo‘q. Maniy shahvat bilan otilib chiqsa, g‘usl vojib bo‘ladi. Bunda boshqa jinsdagi shaxsga nazar solish, jinsiy yaqinlikni tafakkur qilish, bevosita quchoqlashish va shunga o‘xshash barcha omillar tufayli maniyning shahvat bilan otilib chiqishi nazarda tutiladi. Ammo maniy shaxsning og‘ir narsa ko‘tarishi, baland joydan yiqilib tushishi kabi omillar tufayli shahvatsiz ravishda chiqsa, g‘usl vojib bo‘lmaydi. Hanafiy mazhabi ijtihodiga binoan, er va ayol kishidan, xoh uyquda bo‘lsin, xoh uyg‘oqlikda bo‘lsin, maniy shahvat bilan otilib chiqqandagina, g‘usl vojib bo‘ladi. Birov mastlik yoki hushidan ketishdan so‘ng o‘ziga kelganida ho‘llikni ko‘rib, maniy deb gumon qilsa, g‘usl vojib bo‘ladi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:44 | Савол-жавоблар | 278 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar