Mo‘ylov haqida

Assalamu alaykum, aziz va qadrli ustozlar! Izlash xizmatidan foydalandim ammo biroz tushunmadim! Mo‘ylovni, ustarada qirib olsa bo‘ladimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mushriklarga xilof qilinglar; soqollarni to‘liq qo‘yinglar, mo‘ylablarni qiringlar», dedilar». «Ibn Umar roziyallohu anhu haj yoki umra qilsa soqolini tutamlab turib, ortig‘ini olar edi». Beshovlari rivoyat qilgan.
Mushrik va majusiylar soqollarini qirib, mo‘ylablarini o‘stirar ekanlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga bu holning aksini qilishni, mo‘ylabni qirib, soqolni o‘stirishni amr qilmoqdalar. Ushbu rivoyatdagi «mo‘ylablarni qiringlar» birikmasi ulamolar orasida, mo‘ylabni qirish afzalmi yoki qaychilab qisqartish afzalmi, degan masalada ikki xil ijtihod kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Molikiylar ayni ushbu rivoyatni mahkam tutib, mo‘ylabni qirish mustahabdir, deydilar. Hanafiy, Shofe’iy va Hanbaliylar esa, mo‘ylabni qisqartish yaxshi, uni labning qizg‘ish qismi ochilib turadigan qilib qisqartish kerak, deydilar. «Ibn Umar roziyallohu anhu haj yoki umra qilsa soqolini tutamlab turib, ortig‘ini olar edi». Shu erga kelganda soqolni qandoq qo‘yish kerakligi haqida avval boshlangan tortishuvni davomini o‘rganishimiz ma’qul bo‘ladi. Ushbu bobning boshida kelgan «O‘n narsa fitratdandir» deb boshlanuvchi hadisning «soqolni ko‘paytirish» jumlasiga qilingan sharhda, soqolning qanchalik bo‘lishi haqida bir oz ixtilof bo‘lgan. O‘sha ixtilofning ashaddiylashgan ko‘rinishi hozir ham ba’zi-ba’zida zohir bo‘lib turadi.
Hanbaliy mazhabi asosida o‘z fikrlari ila ijtihod qiladigan guruhlar umuman soqolga tig‘ tekkizish mumkin emas, deydilar. Ular o‘zlarining bu gaplariga ushbu lafzni va yana shu ma’noga yaqin hadisi shariflarni dalil qilib keltiradilar. Bu masalaning tafsilotiga o‘sha hadisi shariflarni o‘tganish paytida o‘tamiz, degan edik.
O‘sha aytilgan hadis ushbu o‘rganayotgan hadisimizdir. Oldin o‘tgan hadisi sharifda «soqollarni to‘liq qo‘yinglar» deyilgan edi. Soqolga hech tig‘ tekkazib bo‘lmaydi, deydiganlar ushbu jumlaning zohiriy ma’nosini oladilar. Ular soqollarni to‘liq qo‘yish ularga tig‘ tekkizmaslik ila bo‘ladi, deydilar.
Jumhuri ulamolar, jumladan, Hanafiy, Molikiy va Shofe’iy mazhabi ulamolari esa, ushbu Ibn Umar roziyallohu anhuning amallari haqidagi rivoyatni dalil qilib, soqolni har odamning o‘z tutamida bir tutam bo‘lishi sunnatdir. Undan ortig‘i qisqartiriladi, deydilar.
Ulamolarimiz soqolni haddan tashqari uzaytirib yuborish sunnatga xilofdir deganlar. («Ixtiyor lita’liyli al-Muxtor» kitobi, 4-juz, 430 bet.)
Qarshi taraf, Ibn Umarning qilgan ishi hujjat bo‘la olmaydi, deydilar.
Buning javobiga jumhur, bundoq ishni Ibn Umardek zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xilof tarzda qilishi mumkin emas, deydilar.
Shu bilan birga Imom Termiziy rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharifni ham keltiradilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam soqollarining yon tomonidan va uzunidan olar edilar».
Ushbu hadisi sharifga amal qilaroq, soqolni qisqartib, ziyoda bo‘lib ketgan tolalarni tekislab, atroflarini qirib to‘g‘rilab yurish tavsiya qilinadi.
Hanafiy mazhabi ulamolari mo‘ylabni har juma kuni qisqartirib turish sunnatligini ta’kidlaganlar.
Mo‘ylabning ikki osilib turadigan tarafining hukmi ham o‘zinikiga o‘xshash.
Mo‘ylabni qirq qundan ortiq qisqartmay yurish makruhdir.
Hanafiy ulamolar soqolning bir qabzadan uzunini qisqartib turish sunnatligini ta’kidlaganlar.
Ibn Obidiynning Haskafiydan naql qilishicha mazkur ish vojibdir.
Soqolni yaxshilab parvarishlab yurish sunnatdir. Uni qarovsiz qoldirish makruhdir.
Soqolni tarab, unga xushbo‘y narsa surtib yurish sunnat.
Soqolda oq paydo bo‘lganda uni qoradan boshqa rangga bo‘yash sunnatdir. Uni qoraga bo‘yash makruh.
O‘zini ulug‘ yoshda qilib ko‘rsatish uchun soqolni oqqa bo‘yash makruh. Soqolning oqini yulish ham makruh.
Tahorat va g‘uslda siyrak soqolli odam teriga suv etkazadi. sersoqol odam soqolini taxlil qilib yuvadi.
Tayammumda soqolining biror tolasini ham qo‘ymay mash qiladi. Vallohu a’lam.

28 Апрел 2022, 02:50 | Савол-жавоблар | 221 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar