Aka-singil

Assalomu alaykum! Bir tanishim ajrashgan va uning bir qizi bor. Ularni boqish akaning zimmasiga o‘tadimi. Bu vojib amalmi? Akasining ham o‘z oilasi va farzandi bor.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ ثَابِتٍ قَالَ قَالَ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ مَنْ أَرَادَ أَنْ يَصِلَ أَبَاهُ بَعْدَ مَوْتِهِ فَلِيَصِلْ إِخْوَانَهُ Sobitdan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob: «Kim otasiga o‘limidan keyin silai rahm qilmoqchi bo‘lsa, uning aka-ukalariga silai rahm qilsin», dedi». Sharh: Ota vafot etib ketdi. Bola o‘tib ketgan otasiga silai rahm qilmoqchi. Agar u otasining aka-ukalariga – amakilariga niyat bilan yaxshilik qilsa, xuddi otasiga yaxshilik qilgandek bo‘ladi. Chunki odatda amakilar doimo jiyanlardan katta bo‘ladilar. Zotan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Otasi yo‘qning otasi amakisidir», deganlar. Demak, ota yo‘q paytida amaki otaning o‘rniga qoladi. Shuning uchun amakilarni ehtirom qilish, ularning duosini olish, ularga yaxshilik, ehson va silai rahm qilish xuddi otaga qilgan yaxshiliklar o‘rniga o‘tar ekan. عَنْ ثَابِتٍ الْبُنَانِيِّ قَالَ بَلَغَنَا أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ قَالَ مَنْ أَحَبَّ أَنْ يَصِلَ أَبَاهُ فِي قَبْرِهِ فَلِيَصِلْ إِخْوَانَ أَبِيهِ بَعْدَهُ Sobit Bunaniydan rivoyat qilinadi: «Bizga Umar ibn Xattobning «Kim otasiga qabrida silai rahm qilishni istasa, otasining aka-ukalariga silai rahm qilsin», degani etgan». Ibn Hibbon va Bag‘aviy rivoyat qilishgan. Sharh: Qarang, ota-ona dunyodan o‘tib ketgandan keyin ham farzandlarda ularning haqlari qolar ekan. Farzand qabrida yotgan otasiga ham yaxshilik qilishi mumkin bo‘lib, buning uchun u otasining aka-ukalariga yaxshilik qilishi etarli ekan. عَنْ سَعِيدِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم حَقُّ كَبِيرِ الْإِخْوَةِ عَلَى صَغِيرِهِمْ حَقُّ الْوَالِدِ عَلَى وَلَدِهِ Sa’id ibn Amr ibn Osdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aka-ukalarning kattasining kichigidagi haqqi otaning bolasidagi haqqichadir», dedilar». Sharh: Katta akaning ukalaridagi haqqi otaning bolasidagi haqqi kabidir. Shuning uchun oilada ota vafot etib ketsa, katta o‘g‘il boshliq bo‘lib qoladi. Boshqa farzandlar uning ukalari, singillari va hokazo, kim bo‘lsa bo‘lsin, otaga qanday itoat qilsa, katta akaga shunday itoat qilishi kerak. Chunki buni Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytib turibdilar. Katta akaning haqqi otaning boladagi haqqi kabi bo‘lishini yaxshi bilishimiz kerak. Binobarin, otaga oq bo‘lishdan saqlangandek, katta akaning ham dilini og‘ritib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish, uning izzat-hurmatini o‘rniga qo‘yish ukalarga, singillarga lozimdir. Musulmonlarda bu hadisi sharifga yaxshi amal qilib kelingan. Oilalarda otadan keyin katta aka boshliq bo‘lib qolgan. Uni ukalari otalari o‘rnida hurmatlaganlar va unga itoatda bo‘lganlar. ("Yaxshilik va silai rahm" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 03:53 | Савол-жавоблар | 175 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar