Bir inson o‘limi sababli bahs

Assalomu alaykum! Kunlarning birida bir voqea sodir bo‘ldi va shu joyda o‘rtoqlar orasida bahslashib qoldik. Sizlardan bir iltimos shu bahsga aniqlik kiritib bersangizlar. O‘sha kuni bir mashhur g‘ayridin inson o‘limi haqida eshitib qoldik. Shaxsan meni u kishiga hurmatim o‘rtachadan baland bo‘lgani uchunmi, o‘sha xabarni eshitib Allohim rahmatiga olsin deb gapirdim. Shu o‘rinda o‘rtoqlardan biri musulmon bo‘lmagan odamga nisbatan «Alloh rahmatiga olsin» deb aytilmaydi deb ishonch ila qattiq gapirdi. O‘z gaplarini bu soxada 7 yildan ortiq o‘qigani va turli xil kitoblarni o‘qiganini aytdi. Men javoban sizni fikriz noto‘g‘ri deb javob qildim. Chunki biz insonlar hammamiz kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar Alloh oldida teng va barobarmiz. Shundoq ekan, insonlarni musulmon va musulmon bo‘lmaganlarga ajratish noto‘g‘ri bo‘ladi. Boshqa din vakiligiga kelsak Allohim insonlarning qaysi din vakili bo‘lishi emas, balkim u insonni Allohni (Xudo, rabbim, iloh, ruslarda Box, vsevыshniy va hokazo), ya’ni kim, uning yagonaligini tan olishi va yolg‘iz unga ishonishi muhim. Dinlarga kelsak, har zamonlarda Alloh payg‘ambarlarni jo‘natib biz insonlar to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish maqsadida ko‘rsatamalar bergan va o‘sha vaqtlarda dinlar kelib chiqqan (asosiylari: bani isroil, xristianlar (pravoslav) va oxirgisi islom dini va uning asosi Qur’oni kitobi. Xullas din turi muhim emas, avvalo insonni yolg‘iz Xudoga ishonishi deb ta’kidladim. Shu jumladan qaysi payg‘ambarimiz ekanlari esimda yo‘q, lekin kunlarni birida o‘z ummatlari bilan ketayotganlarida bir yahudiy murdasini ko‘tarib ketayotganlarini uchratib qolibdilar. Shunda payg‘ambarimiz darhol odamlar oldiga o‘tib olib murda tobutini ko‘tarib olib ketdilar. Ammo ummatlaridan birortasi ham ularga qo‘shilmadi. O‘likni kuzatib qo‘yib qaytganlarida ularni savolga tutishdi. Nega siz g‘ayridinni tobutini ko‘tarib olib kuzatib qo‘ydiz, axir u boshqa din vakiliku. Shunda payg‘ambarimiz javob qildilar u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, avvalom bor u inson va Allohimni bandasi va men aynan o‘sha insonga nisbatan ish tutdim va uning qaysi din vakili bo‘lishi muhim emas deb javob qildilar.
O‘rtoqlarim esa uni 7 yil o‘qiganiyu turli xil kitoblarni o‘qigani eshitib u tomonga og‘ib ketishdi. Tepada keltirgan fikr va mulohazalarimni inobatga olgan holda menga va o‘rtoqlarimga va umuman boshqalarga ham o‘zini asl musulmonman deb yurganlar uchun ham javob bersangizlar.
Savol: boshqa din vakiliga nisbatan (musulmon bo‘lmagan) — ollohim o‘z rahmatiga olsin — deb aytish to‘g‘rimi yoki yo‘qmi?
Hurmat ila — Kamoliddin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Musulmon kishi boshqa din vakillari bilan dunyoviy ishlarda inoq va totuv bo‘lib yashashlari kerak. Qarindosh yoki qo‘shni bo‘lishsa ularni haqqlarini o‘rnida ado qilish kerak. Qur’on bunga buyuradi. Ota-ona bo‘lsa ularni ham haqqlarini ado qilish kerak. Ammo siz istig‘for aytib noto‘g‘ri qilgansiz va sizni keltirgan misolingiz ham hadisda kelmagan. Alloh taolo “Tavba” surasida marhamat qiladi: مَا كَانَ لِلنَّبِيِّ وَالَّذِينَ آمَنُواْ أَن يَسْتَغْفِرُواْ لِلْمُشْرِكِينَ وَلَوْ كَانُواْ أُوْلِي قُرْبَى مِن بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمْ أَنَّهُمْ أَصْحَابُ الْجَحِيمِ۝ 113. Nabiyga va mo‘minlarga mushriklar uchun, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ular olov sohiblari ekani ayon bo‘lganidan keyin mag‘firat so‘rashlari durust emasdir. Oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad Ibn Musayyibdan, u esa otasidan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Abu Tolibning vafoti yaqinlashganda, uning oldiga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirdilar. Uning huzurida Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayya ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Ey amaki, «Laa ilaaha illallohu», desang, Allohning huzurida sen haqingda duo qilaman, – dedilar. Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayyalar esa: – Ey Abu Tolib, Abdulmuttolibning dinidan yuz o‘girasanmi? – dedilar. U bo‘lsa: – Men Abdulmuttolibning dinidaman, – dedi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: – Agar man qilinmasam, sening uchun istig‘for aytaman, – dedilar. Shunda Alloh taolo «Nabiy va mo‘minlarga mushriklar uchun, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ular do‘zax sohiblari ekani ayon bo‘lganidan keyin mag‘firat so‘rashlari durust emasdir» oyatini nozil qildi». Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamgaki ruxsat yo‘q ekan, boshqalarga bo‘lmasligi aniq gap. Bu erda iymon va e’tiqod aloqasi hamma aloqalardan ustun turishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Mo‘min kishi uchun iymoni hamma narsadan afzal, shuning uchun u avvalo, iymon, din qardoshlari ila aloqa va bog‘lanishlarni yo‘lga qo‘yadi. Qon-qardoshlik aloqasi esa bu joyda hech narsani hal qilmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va mo‘minlarga mushriklar uchun istig‘for aytish joiz emasligini bayon qiluvchi bu oyati karimadan keyin o‘z-o‘zidan bir haqli savol paydo bo‘ladi. U «U holda nima uchun Ibrohim alayhissalom o‘zining mushrik otasi uchun istig‘for aytgan?» degan savoldir. Arabiston yarim orolida, xususan, Makkada Ibrohim alayhissalomning qissalari mashhur edi. Chunki qissa aynan shu erlarda bo‘lib o‘tgandi. Makkaliklar o‘zlarining Ibrohim alayhissalom dinidan ekanliklari bilan faxrlanar edilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: وَالَّذِي نَفْسُ مَحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَا يَسْمَعُ بِي أَحَدُ مِنْ هَذِهِ الْأُمَّةِ يَهُودِيٌّ وَلَا نَصْرَانِيٌّ ثُمَّ يَمُوتُ وَلَمْ يَؤْمِنْ بِالَّذِي أُرْسِلْتُ بِهِ إِلَّا كَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّارِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Muhammadning joni Uning qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, ushbu ummatdan birortasi – yahudiysimi, nasroniysimi, mening haqimda eshitsayu, so‘ngra menga yuborilgan narsaga iymon keltirmay o‘lib ketsa, albatta, do‘zax egalaridan bo‘ladi», dedilar». Muslim rivoyat qilgan. Sharh: Muallif rahmatullohi alayhining bu hadisni Alloh faqat Islom dininigina qabul qilishi haqidagi faslda keltirishlarining sababi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisni «Muhammadning joni Uning qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki» deb, Alloh taolo bilan qasam ichib, boshlamoqdalar. Shuning o‘zi hadisda keladigan gap o‘ta ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oddiy narsalarga Alloh taolo bilan qasam ichmaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «ushbu ummatdan» degan iboralarini tushunishimiz uchun bir oz izoh lozim bo‘ladi. «Ummat» Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ikkiga bo‘linadi. Birinchisi – umumiy ma’nodagi ummat. Bu ummat «Ummati da’vat», ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlari qaratilgan ummat deyiladi. Bu ummat er yuzining barcha aholisidir, chunki Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlari er yuzining barcha aholisiga qaratilgan. Ikkinchisi – xos ma’nodagi ummat. Bu ummat «Ummati ijobat», ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlariga ijobat qilgan, dinlarini qabul qilgan ummat, deyiladi. Bular er yuzidagi barcha musulmonlardir. Ushbu hadisi sharifda gap «Ummati da’vat» – butun er yuzi aholisi haqida ketmoqda. Demak, er yuzida kim Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida, u kishining dinlari haqida eshitsa, unga Muhammad sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirib, Islom diniga kirish lozim bo‘ladi. Agar kirmasa, kofir bo‘ladi, do‘zaxga tushadi. Hadisda «yahudiysimi, nasroniysimi» deb, ikki dinga mansub bo‘lgan qavmlar alohida zikr qilinishining ham sababi bor. Ushbu hadis aytilgan paytda yahudiylik va nasroniylik er yuzidagi ilohiy ta’limot asosidagi dinlar edi. Alloh taolo ularning qavmiga Muso va Iyso alayhissalomlarni payg‘ambar qilib yuborgan, Tavrot va Injil kitoblarini tushirgan edi. Bu qavmlar ahli kitob deb ataladi. Ularga alohida munosabatda bo‘linadi, chunki ularning er yuzidagi boshqa din ahllaridan farqi bor. Boshqa dinlarning ilohiy, samoviy din ekanligi ma’lum emas. Alloh taolo ularga payg‘ambar yuborgani, kitob tushirgani ham aniq emas. Modomiki yahudiy va nasroniy qavmlar Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida eshitganlarida iymon keltirishlari lozim ekan, dinlarining samoviy ekanligi ma’lum bo‘lmagan, umuman dini yo‘q yoki soxta dinlarga e’tiqod qilib yurganlarning iymon keltirishi lozimligi turgan gap. Yahudiy dini samoviy din bo‘lgan. Alloh taolo Muso va Horun alayhissalomlarni bu dinning payg‘ambarlari qilib yuborgan. Tavrotni o‘sha dinning muqaddas kitobi qilib tushirgan. Shu bilan birga, bu din vaqtinchalik ekanligini, keyin yana boshqa din kelishini aytgan. Nihoyat, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Islom dini bilan kelishlari haqida ham bashorat bergan. Alloh taolo Iyso alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborib, u zotga Injilni tushirishi bilan yahudiy dini va Tavrot kitobi amaldan qoldi. Ammo bu dindan foyda olib turgan boshliqlar bu haqiqatni e’tirof qilmadilar. Iyso alayhissalomga iymon keltirish o‘rniga u zotga dushmanlik qildilar, «Tavrotda bashorati berilgan payg‘ambar bu emas, boshqa», dedilar. Iyso alayhissalomga iymon keltirib, masiyhiy, ya’ni nasroniy bo‘lganlar u kishining shariatlariga, Injilga amal qilib yurdilar. Vaqt o‘tishi bilan dinni va Injilni buzsalar ham, baribir o‘zlarini «Nasroniy» deb, «Injil ahli» deb yurdilar. Alloh taolo ularga ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Islom dini bilan kelishlari haqida bashorat bergan edi. Bu haqda alohida kitoblar ham yozilgan. Kezi kelganda, Alloh xohlasa, bu to‘g‘rida batafsil gapiramiz. Vaqti-soati kelgach, Alloh taolo O‘zining haq va’dasiga vafo qilib, O‘zi bashorat bergan so‘nggi Rasuli – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxirgi va mukammal din – Islom dini ila butun bashariyatga payg‘ambar etib yubordi. Nasroniy dini ham, Injil ham amaldan qoldi. O‘zini bilgan yahudiy va nasroniylar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xabarlarini eshitishlari bilan u zotga iymon keltirib, musulmon bo‘ldilar. Ko‘pchilik esa yana noto‘g‘ri ta’vilga o‘tib, «Tavrot va Injilda bashorati berilgan payg‘ambar boshqa» deb, iymon keltirmadi. Demak, Islomning olamiyligi va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning er yuzining barcha aholisiga payg‘ambarliklarining ma’nosi shu. Shuning uchun ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda: «Ushbu ummatdan birortasi – yahudiysimi, nasroniysimi mening haqimda eshitsayu, so‘ngra menga yuborilgan narsaga iymon keltirmay o‘lib ketsa, albatta, do‘zax egalaridan bo‘ladi», dedilar. Shunga binoan er yuzi aholisidan kimga Islom chaqirig‘i etsa, musulmon bo‘lmog‘i lozim. Islomni qabul qilmasa, kofir bo‘ladi va do‘zaxga tushadi. Islom chaqirig‘i etmagan kishilar esa «fitrat ahli» deyiladi. Chaqiriq etmagani uchun ularni kofir deb hukm chiqarilmaydi, do‘zaxga tushishlari haqida ham hukm qilinmaydi. Ular fitrat ahli deb nomlanadilar va qiyomatda boshqa jonzotlar qatori tuproqqa qorishib ketadilar. Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, bizlarni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati ijobatidan bo‘lishga muyassar qildi. Yurtlarimizni qadimdan Islom nuri ila munavvar ayladi. Xalqlarimizni chin muxlis musulmonlardan qilib, Islom uchun xizmat qilgan mashhur xalqlardan qildi. Xalqimizdan chiqqan ulamolarni Islom olamining peshqadam ulamolaridan qildi. Ushbu kitobda hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o‘rganar ekanmiz, deyarli har bir hadisda Buxoriy, Nasaiy, Termiziy kabi imomlarimizning xizmatlari borligiga guvoh bo‘lib, faxrlanib turibmiz. Ushbu hadisdan olinadigan foydalarni takrorlashning hojati yo‘q. Faqat o‘rganish, tushunib etish va ularga amal qilishimiz kerak. Biz haq yo‘lda, haq dinda ekanligimizni anglab etishimiz va bu haqiqatni bilganimizcha boshqa kishilarga ham anglatishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 04:49 | Савол-жавоблар | 202 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar