Abu Nasr Farobiy hazratlari haqida

Assalomu alaykum hurmatli Ustoz!!! Bizning bir savolimiz bor edi.Savolimiz yurtimizda etishib chiqqan olimlarimizdan biri Abu Nasr Farobiy hazratlati haqida edi.Ushbu olimni islom olamidagi o‘rni haqida sahih ma‘lumotlar bilmoqchi edik.Bir imomni masalasida eshitishimizcha Abu Nasr Farobiy hazratlari falsafa fanini chuqur o‘rganganligi sababli paygambar kelsa omilarga kelsin,bizdaqalarga emas degan gap aytgan dedi.shu gap qanchalik rost?Shu masala haqida bilmoqchi edik. Javobingiz uchun oldindan tashakkur!!!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Abu Nasr Farobiy O‘tror shahrida (Hozirgi Qozog‘istonning Chimkent viloyati hududida joylashgan shahar) 256-257 hijriy sanada tug‘ildi. Uning otasi harbiy sarkarda edi. Yosh va zehni o‘tkir Abu Nasr ilmga erta qiziqdi, arab, fors tilarini mukammal darajada o‘zlashtirdi. Forobiy sanskrit (qadimiy hind tili) tilini o‘rgandi va uni yaxshi bilardi. O‘zi turkiy xalqlarga mansub bo‘lib ona tilini yaxshi bilar va yoshligida turli tillarni va ilmlarni puxta egallagan edi. U ko‘roq Bag‘dodda yashagan. Arab tilini juda ham yaxshi bilar edi. U ko‘proq falsafa, mantiq va diniy ilmlarga qiziqar edi. Forbiy turli ilmlarni yaxshi o‘zlashtirgan mavsu’iy olim edi. U falsafa, mantiq, ilohiyot, axloq, siyosat, falakiyot, kimiyo, musiqo va boshqa ilimlarga oid o‘nlab kitoblarni yozgan. Forbiyning musiqa bo‘yicha yozgan kitobi Islom madaniyatida yozilgan eng asosiy arabcha kitob bo‘lib hozirgacha asosiy manbalardan bo‘lib kelmoqda. U «Qonun» nomli musiqa asbobini ixtiro qilgan.Abu Nasr Forobiy mashhur mutarjim Abu Bashir Matta bilan birgalikda Arastu (Aristotel) asarlarini tarjima qildi va uni dohiyona sharhlar ila boyitdi. Shundan keyin unga «al-Muallim as-soniy» («Ikkinchi muallim») va Sharq Arastusi unvoni berildi. Abu Nasr Forobiy ilm istab Samarqand, Buxoro, Hirot, Mazna, Harron, Shom va yana ko‘plab musulmon shaharlarida bo‘ldi. Abu Nasr Forobiy 336 hijriy yilda Damashq yaqinidagi qishloqlarning birida vafot etdi. Abu Nasr Forobiy 260dan ziyod ilmiy ish yaratdi. Ulardan ayrimlari quyidagilardir: 1. «Risola fi A’za il Inson». 2. «Risola fi A’za al-Hayvon». 3. «Risola fir Raddi ala Jolinus fima Nakaza fiha Aristotelis». 4. «Kitobun fi Aroi ahl il-Madinatil Fazila». 5. «Risola fil Millatil-fazila». 6. «Ta’liqot». 7. «Risola fi Tahsil is Saodat». 8. «Risola uyun ul-Masoil». 9. «Risola al-Mufarraqot». 10. «Risola fi Masnil aql» va hokazo.Forbiyning kitoblari ikki turga taqsimlanadi. Birinchisi falsafa va boshqa sohalarda yozgan kitoblari. Ikkinchisi Aflotun, Arastu va ularga ergashganlarning kitoblariga yozgan sharhlari. Ba’zi tadqiqotchilar mazkur kitoblarning soni qirq donaga etganini aytadilar. Forbiy o‘zining falsafiy faoliyatida Aflotun va Arastu hamda yunon falsafasi va Islom dini orasida muvofiqlashtirishga qattiq uringan. Uning o‘zi dinini mahkam tutadigan musulmon bo‘lgan. Shu bilan birga, u Aflotun va Arastu mazhabiga o‘xshash falsafiy mazhabga asos solgan birinchi musulmon faylasufdir.O‘sha paytda Aflotunning «at-Tosu’ot» nomli kitobi tarjima qilinib xato tariqasida Arastuning kitobi deb bilingan edi. Arabchada «Rububiyat» nomi bilan mashhur bo‘lgan bu kitobni o‘qigan Forobiy Arastuning fikrlari xuddi Aflotunnikiga o‘xshar ekanligiga hujjat va dalil topilganidan xursand bo‘lgan va mazkur ikki faylasfning boshqa kitoblarini ham muvofiqlashtish uchun harakat qilgan. Forbiy ham Aflotunni, ham Arastuni bir xilda yaxshi ko‘rar va qadrlar edi. Shu bilan birga bu ikki shaxsning fikrlari bir biriga zid bo‘lishini tasavvur qila olmas edi. Uning «al-Jam’u bayna ra’yay al-Hakimayni Aflotun al-Ilohiy va Arastutolis» - Ikki hakim – Aflotun ilohiy Arastularning fikrlarni jamlash deb atalgan kitob Forbiyning bu borada olib borgan hakatining gultoji hisoblanadi. Forbiy o‘zining bu ishi ila birinchi bo‘lib Islom olamida Aflotun falsafasini tarqalishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga xuddi shu ishning o‘zi musulmon faylasuflarga yunon falsafasini diniy masalalarda tap tortmay ishlatishga yo‘l ochib berdi.Forbiy birinchi bo‘lib Alloh taoloning borligiga olamni dalil qilib ketirmay U zotning borligini yolg‘iz aqliy dalil bilan isbot qilishning yangi uslubini keltirdi. U bor narsalarni ikkiga – vujudi mumkin va vujudi vojibga taqsimlaydi. Mumkinul vujud dunyodagi mavjudotlar bo‘lib ularning bo‘lishi mumkin bo‘lganidek, bo‘lmasligi ham mumkin. Ularga qarasak ba’zilari yo‘qolib, o‘rniga boshqalari paydo bo‘lib turganini ko‘ramiz. Ana o‘shalar o‘zidan boshqa narsaning tasiri tufayli o‘zgaradi va almashadi. Ularning har biriga alohida nazar solsak ham shu holni ko‘ramiz. Bu silsilaning oxirgi nuqtasi bo‘lishi kerak. Ana o‘sha oxirgi nuqta, hamma mumkinul vujudlarning borib taqaladigan nuqtasi vojibul vujud – vujudi vojib bo‘lgan, u bo‘lmasa boshqa narsalar bo‘lmaydigan zotdir. Forbiyning falsafasida Alloh – vojibul vujuddir. Mazkur aqliy dalilga binoan vojibul vujud quyidagi sifatlarga ega:1. Alloh taoloni ta’riflash mumkin emas.2. Alloh taoloning boshqa narsalarga o‘xshab mohiyati yo‘q.3. Alloh taolo zarurat yuzasidan yolg‘izdir, sherigi yo‘qdir.4. Alloh taolo modda emas. U xolis aqldir. U xolis yaxshilikdir.Forbiyning Islom aqiydasiga to‘g‘ri kelmaydigan falsafasidan biri «Alloh juz’iy narsalarni bilmaydi» deyishidir.Shuningdek, Forbiy e’tiqodga tegishli olamning yaratilishi, nafs, aql, nubuvvat va boshqa mavzularda ham falsafa yuritgan.Siz aytgan imomning gapidan bexabarman.

28 Апрел 2022, 05:51 | Савол-жавоблар | 193 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar