Onam bilan munosabat

Assalomu alaykum! Otam musulmon onam yahudiylik dinida. Bu onasi rus ayoli bo‘lganligi sababli onasining yo‘lidan yurgan. Onam bilan munosabatimiz yaxshi, lekin jamoat joyida yomon. Onam o‘zgalar yonida ko‘pincha meni shaxsiyatimga tegadi va aybsiz mendan ayib izlaydi, juda qattiq kamsitadi. Bu xol kamida kuniga 1 marta bo‘lib turadi, onamning dunyo qarashi bilan meniki umuman kelishmay qoladi. Noxak gaplari o‘zgalar oldida meni shaxsiyatimga qattiq tegishlari dilimni og‘ritadi. Ba’zan yolg‘iz yashagim kelib qoladi. Nima qilay, men xam baxtli oilada onam bilan Ona bola bo‘lib yashagim keladi. Maslaxat bering?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu kabi holatlar sahoba roziyallohu anhumlarning davrlarida juda ko‘p bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday o‘rinlarda ularga islomning eng go‘zal axloqi ila muomalada bo‘lib, ular buyuradigan noshar’iy ishdan chetda bo‘lishni buyurganlar. Siz go‘zal axloq va oliy odob bilan muomala qilavering. عَنْ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: حَلَفَتْ أُمُّ سَعْدٍ أَلَّا تُكَلِّمَهُ أَبَدًا، وَلَا تَأْكُلَ وَلَا تَشْرَبَ حَتَّى يَكْفُرَ بِدِينِهِ، وَزَعَمْتَ أَنَّ اللهَ وَصَّاكَ بِوَالِدَيْكَ وَأَنَا أُمُّكَ وَأَنَا آمُرُكَ بِهَذَا، فَمَكَثَتْ ثَلَاثًا حَتَّى غُشِيَ عَلَيْهَا مِنَ الْجَهْدِ، فَقَامَ ابْنٌ لَهَا يُقَالُ لَهُ عُمَارَةُ فَسَقَاهَا. وَفِي رِوَايَةٍ: فَإِذَا أَرَادُوا أَنْ يَسْقُوهَا شَجَرُوا فَاهَا بِعَصًا ثُمَّ أَوْجَرُوهَا، فَجَعَلَتْ تَدْعُو عَلَى سَعْدٍ، فَأَنْزَلَ اللهُ تَعَالَى  (وَوَصَّيْنَا الْإِنسَانَ بِوَالِدَيْهِ حُسْنًا وَإِن جَاهَدَاكَ لِتُشْرِكَ بِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَا). رَوَاهُ مُسْلِمٌ هُنَا وَالتِّرْمِذِيُّ فِي التَّفْسِيرِ Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’dning onasi unga hatto u o‘z diniga kufr keltirmagunicha hech ham unga gapirmaslikka, eb-ichmaslikka qasam ichdi. Va «Alloh senga ota-onanga itoat qilishga amr qilgan, men onangman, men seni shunga amr qilmoqdaman!» dedi. Bas, uch kun turib, qiynalganidan hushidan ketib, yiqildi. Uning Umora degan o‘g‘li turib, unga (bir narsa) ichirdi». Boshqa rivoyatda: «Qachon unga ichimlik ichirmoqchi bo‘lishsa, og‘zini cho‘p bilan ochib turib, quyishar edi. U Sa’dni duoibad qila boshladi. Bas, Alloh taolo: «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya ‎qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan ‎narsani ‎Menga shirk keltirishingga zo‘rlasalar, bas, ularga ‎itoat etma!»ni nozil qildi», deyilgan. Muslim bu erda, Termiziy esa «Tafsir»da rivoyat qilganlar. Sharh: Bu o‘sha vaqtning mushriklari yangi musulmonlarni azoblashning turli uslublarini topganlariga yana bir dalildir. Sa’d ibn Abu Vaqqosga nisbatan u kishining onalari ma’naviy azob bergan. Eng aziz kishi bo‘lmish ona «Diningdan qaytmasang, senga gapirmayman, o‘zim eb-ichmayman», deb turib olishi o‘g‘il uchun eng og‘ir ma’naviy azob bo‘lishi turgan gap. Ehtimol, undan ko‘ra kaltaklab, azob bersalar, engilroq bo‘larmidi?! Sa’d ibn Abu Vaqqosning onalari bilan bo‘lib o‘tgan bu mojara haqida imom Termiziyning yuqorida zikr qilingan «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya ‎‎qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan ‎narsani ‎Menga ‎shirk keltirishingga zo‘rlasalar, bas, ularga ‎itoat ‎etma!» oyatining («Ankabut» surasi, 8-oyat) nozil bo‘lish sababi haqidagi rivoyatlarini o‘rgansak, holat yana ham ravshanlashadi. Imom Termiziy bu haqda quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Ushbu oyat Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu va uning onasi Hamna binti Abu Sufyon haqida nozil bo‘lgan. U onasiga yaxshilik qiluvchi edi. Onasi unga: «Bu yangi dining nima o‘zi? Allohga qasamki, avvalgi holingga qaytmaguningcha, o‘lsam ham ovqat emayman, ichimlik ichmayman. Keyin umrbod shu bilan or-nomusga qolib ketasan. Seni «Ey onasini o‘ldirgan», deb chaqirishadi», dedi. So‘ngra ayol bir kechayu bir kunduz taom emay, ichimlik ichmay yotdi. So‘ngra Sa’d roziyallohu anhu uning oldiga kelib: «Ey onaginam, agar sening yuzta joning bo‘lsa-yu, bitta-bittadan chiqib tursa ham, men dinimdan qaytmayman. Agar xohlasang, eb-ich, xohlamasang, eb-ichma», dedi. Sa’dning dinidan qaytishidan noumid bo‘lgan onasi eb-ichdi. Ana shunda Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qildi». Ulamolarimiz yuqorida zikri kelgan oyati karimaning Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu haqlarida nozil bo‘lganligini ta’kidlashadi. U kishi Makka yoshlari ichida onasini hurmat qilish bilan nom chiqargan edilar. Boshqa yoshlarga onani ehtirom etishda Sa’d roziyallohu anhu misol qilib ko‘rsatilar edi. Iymonga kelganlaridan so‘ng Sa’d ushbu nozik nuqtada sinovga uchradilar. Ammo u kishi iymonni ustun qo‘ydilar. O‘n etti yoshli yosh yigit Sa’d ibn Abu Vaqqosning din yo‘lida qilgan bu ishlari misli ko‘rilmagan qahramonlik edi. Shu bilan birga, Sa’d ibn Abu Vaqqos onalariga yaxshilik qilishda bardavom bo‘ldilar. Chunki Alloh taoloning «Va ularga bu dunyoda ma’ruf ila sohib bo‘l» degan qavliga binoan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga onalariga yaxshilik qilishda bardavom bo‘lishni amr qilgan edilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos dastlabki bosqichdagi musulmonlar duchor bo‘lgan barcha azob-uqubat va mashaqqatlarni dindoshlari bilan birga baham ko‘rdilar. Abu Nu’aym rahmatullohi alayhi «Hulyatul Avliyo»da keltirgan rivoyatda Sa’d ibn Abu Vaqqos quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bizga Makkada hayotning turli og‘irliklari, qiyinchiliklari va mashaqqatlari etar edi. Bizga balo etganda uni e’tirof qildik, unga o‘rgandik va sabr qildik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Makkada edim. Kechasi hojatga chiqdim. Birdan peshobim ostidan shitirlagan narsaning ovozini eshitib qoldim. Qarasam, tuyaning bir parcha terisi ekan. Uni olib, yuvdim, keyin kuydirib, ikki tosh orasiga olib, chaqdim. So‘ng uni suv bilan ichib, uch kun jon saqladim». Sa’d ibn Abu Vaqqos yoshligidan o‘zida jangovarlik sifatlarini mujassam qilgan holda o‘sgan edilar. U kishi kamon otishni juda ko‘p mashq qilar edilar. Shunday qilib, Sa’d ibn Abu Vaqqos o‘z vaqtining eng mohir va mashhur mergan kamonchisi bo‘lib etishdi. U kishining qalbini iymon nuri yoritgan lahzadan boshlab Islomning muxlis lashkariga aylandilar. U kishi har qanday og‘ir holatda ham dushmanga yuzma-yuz kelishdan tap tortmas edilar. O‘sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mushriklardan berkinib, namoz o‘qib yurgan paytlari edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bir guruh sahobiylar bilan Makkaning daralaridan birida yurib borar edilar. Bir payt bir to‘p mushriklar ularning ustilariga bostirib kelib qoldilar. Ular musulmonlarning dinlarini haqoratlab, o‘zlariga tajovuz qildilar. Shunda Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu tuyaning suyagi bilan mushriklardan birining boshini yordilar. Bu Islom yo‘lda to‘kilgan birinchi qon edi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 05:51 | Савол-жавоблар | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar