Onkolog vrach bemor ayollarni ko‘rish

Assalomu alaykum! Kasbim, onkolog vrachman. Qabulimda ko‘p ayollar xam bo‘ladi va ularni ko‘rib, tekshiruvdan o‘tkazaman, chunki shaxrimizda yagona mutaxasisman. Kasbim yuzasidan nomaxramlarni ko‘rishim gunox bo‘ladimi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Tekshiruvlar uchun avrat joylarga qarash
Jarrohlik amaliyoti bajariladigan bemorga amaliyot foydali yoki foydasiz ekanligi, amaliyot zarur suratda uning zararlaridan saqlanish uchun va boshqa tibbiy maqsadda avrat sanalgan joylarni ham tekshirishga to‘g‘ri keladi. Bunday suratda avratga qarashning hukmi nima bo‘ladi? Doktor va yordamchilari bu borada qanday yo‘l tutishlari kerak?  Buning uchun avvalo avrvtning miqdorini bilib olish kerak. AVRAT MASALASI Erkak kishining avrati kindigi ostidan to ikki tizzasining ostigachadir.
Bu hukmning dalili quyidagilar: رَوَى الدَّارَقُطْنِيُّ مِنْ حَدِيثِ أَبِي أَيُّوبَ قَالَ  قَالَ رَسُولُ اللهِ     مَا فَوْقَ الرُّكْبَتَيْنِ مِنَ الْعَوْرَةِ، وَمَا أَسْفَلَ مِنَ السُّرَّةِ مِنَ الْعَوْرَةِ Imom Dora Qutniy Abu Ayyub roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ikki tizzadan yuqori narsa avratdandir. Kindikdan pastdagi narsa avratdandir», deganlar.

Hur ayolning jamiki badani avratdir. Yuz, ikki qo‘l va oyoq bundan mustasno.
Bu hukmning dalillari:
Alloh taolo Nur surasida:  قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ۝ وَقُل لِّلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ 30. Mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan o‘ta xabardordir.
31. «Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar»,
degan (31-oyat).
«Zohir bo‘lgan ziynatlar» deganda namozda yuz, ikki qadam va ikki kaft anglanadi. Namozdan tashqarida ikki qadam ham avratdir.
«Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar».
Ya’ni boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘kslari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا  أَنَّ أَسْمَاءَ بِنْتَ أَبِي بَكْرٍ دَخَلَتْ عَلَى رَسُولِ اللهِ   وَعَلَيْهَا ثِيَابٌ رِقَاقٌ، فَأَعْرَضَ عَنْهَا رَسُولُ اللهِ   وَقَالَ   يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ تَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلَّا هَذَا وَهَذَا ، وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ  رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَOisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Asmo binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girib oldilar va:
«Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men:
«Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas», deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».

«Avratni to‘sish» deganda shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.
2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi.
Avratini to‘sishga hech narsa topa olmagan odam hech bo‘lmasa loy bilan bo‘lsa ham uni to‘sadi va o‘tirib, imo bilan namoz o‘qiydi.

Ayol kishining ayol kishiga qarashi joiz bo‘lgan joyi ham erkakning erkakdan qarashi mumkin bo‘lgan joyi bilan bir hil. Ayol ayolning kindigidan tizzasigacha bo‘lgan joyiga qarashi haromdir. Erkak ham erkakning kindigidan tizzasining ostigacha qarash harom.

Asliy hukm yuqorida zikr qilinganidek avratga qarash harom. Ko‘rish ham ko‘rsatish ham. Bundan ba’zi holatlarni istisno qilingan. O‘shalardan biri inson o‘lar darajada och qolishidir. Alloh taolo qur’oni karimda marhamat qiladi: إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةَ وَالدَّمَ وَلَحْمَ الْخِنزِيرِ وَمَا أُهِلَّ بِهِ لِغَيْرِ اللّهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلاَ عَادٍ فَلا إِثْمَ عَلَيْهِ إِنَّ اللّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ 173. Albatta, U Zot sizlarga faqat o‘limtikni, qonni, cho‘ch¬qa go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni harom qil¬di. Kimki maza talab qiluvchi va haddan oshuvchi bo‘lmagan holda majbur bo‘lib qolsa, unga gunoh yo‘q. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.

Yana biri tibbiyotdagi holatdir. Shariatimizda "الضرورات تبيح المحظورات" 
“Zaruratlar man qilingan ishlarni muboh qiladi”, “xojatlar umumiy va xususiy holatlarda zarurat darajasiga tushadi” qoidasi bor. Qarashsiz ish bitmasa, qarashga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga:  يَجِبُ عَلَى الْمُضْطَرِّ مُرَاعَاةُ قَدْرِ الضَّرُورَةِ، لِأَنَّ مَا أُبِيحَ لِلضَّرُورَةِ يُقَدَّرُ بِقَدْرِهَا “Zaruratmand shaxsga zarurat miqdorini rioyasini qilish kerak. Chunki zarurat uchun berilgan ruxsat zarurat miqdorichagina belgilanishi vojib.
Kasallikni tekshirish va o‘rganish uchun  ayolning uyatli joylarini ochib ko‘rish  hukmi xususida:
Ba’zi jarrohlar kasallikni tekshirish maqsadida bemorning uyatli a’zosini ochib ko‘radilar, bunga  ayniqsa, peshob yo‘li , tanosil a’zolari va bola bilan bog‘liq kasalliklar kiradi. Ba’zan bu a’zolarni rentgen qildirish kerak bo‘ladi va ba’zida  yashiroq ko‘rish uchun bemorning oldi yoki orqa teshigidan rangli suyuqlik yuboradilar.
Bunday holatda bemorning uyatli joylarini ochib ko‘rsatishi shar’iy nuqtai nazardan qanday baholanadi?    Bu borada shifokor va unga assistent  brigada qanday yo‘l tutishi kerak?
Shariat hukmiga ko‘ra  erkak bo‘lsin yo ayol, uning boshqalar oldida  o‘z uyatli a’zosini ochib ko‘rsatishi haromdir.
Faqat zarur hollarda va hojatga ehtiyoj tug‘ilganda  o‘z uyatli joyini ochishga ruxsat berilgan.
Shariatda qoida bor: Hojat va zaruriyat  bu ta’qiqlanganlarni o‘rinli, joyiz  qiladi.
Hojat hoh umumiy yo juz’iy bo‘lsin, u ehtiyoj darajasida deb qabul qilinadi.
Zarurat tug‘ilganda kishi uyatli joyini ko‘rishga ruxsat yoki er-xotinga, yoki shifokorning davo chorasini ko‘rishi uchun beriladi; binobarin zarurat tug‘ilganda shifokor va uning assistentlariga uyatli a’zolarni boshqa yo‘l bilan tekshirish mumkin bo‘lmagan holda  ijozat beriladi.
Shu bois shifokor va uning  assistent xodimlari tananing ko‘rish va tekshirish kerak bo‘lgan  qismini ko‘rsin, asl ko‘rsatmaga ko‘ra shar’an  uyatli joylarni ochish va unga qarash – har ikkisini harom qilgan.   Shuning uchun zarurat darajasida ko‘rsin. Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 06:57 | Савол-жавоблар | 161 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar