Tilovati sajdaning qilinish tartibi

Assalomu alaykum! Tilovati sajdaning bajarilishini batafsil tushuntirib beringizlar. Alloh azza va jalla Sizlardann rozi bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! TILOVAT SAJDASI HAQIDAGI FASL تَجِبُ سَجْدَةٌ بَيْنَ تَكْبِيرَتَيْنِ بِشُرُوطِ الصَّلَاةِ، بِلَا رَفْعِ يَدٍ وَتَشَهُّدٍ وَسَلَامٍ. وَفِيهَا سُبْحَةُ السُّجُودِ، عَلَى مَنْ تَلَى آيَةً مِنْ أَرْبَعَ عَشَرَةَ الَّتِي فِي: آخِرِ الْأَعْرَافِ، وَالرَّعْدِ، وَالنَّحْلِ، وَبَنِي إِسْرَائِيلَ، وَمَرْيَمَ، وَأُولَى الْحَجِّ وَفِي الْفُرْقَانِ، وَفِي النَّمْلِ، وَفِي ﭑ السَّجْدَةِ، وَفِي ﭑ، وَفِي ﭤ السَّجْدَةِ، وَفِي النَّجْمِ، وَفِي انْشَقَّتْ، وَفِي اقْرَأْ. أَوْ سَمِعَهَا، وَإِذَا تَلَى الْإِمَامُ فَمَنْ سَمِعَهَا ثُمَّ اقْتَدَى بِهِ فِي رَكْعَةٍ أُخْرَى، سَجَدَ بَعْدَ الصَّلَاةِ، كَمُصَلٍّ سَمِعَ مِمَّنْ لَيْسَ مَعَهُ، وَمَنِ اقْتَدَى بِهِ فِي تِلْكَ الرَّكْعَةِ بَعْدَ سُجُودِ الْإِمَامِ لَا يَسْجُدُ وَقَبْلَهُ يَسْجُدُ مَعَهُ وَإِنْ لَمْ يَسْمَعْ، وَإِنْ تَلَا الْمَأْمُومُ لَا يَسْجُدُ إِلَّا سَامِعٌ خَارِجِيٌّ. وَالصَّلَاتِيَّةُ لَا تُقْضَى خَارِجًا، وَالرُّكُوعُ بِلَا تَوَقُّفٍ يَنُوبُ عَنْهَا، فَإِنْ كَرَّرَ فِي مَجْلِسٍ وَاحِدٍ أَوْ صَلَاةٍ، يَكْفِي سَجْدَةٌ، وَيُعْتَبَرُ فِي السَامِعِ مَجْلِسُهُ. وَإِسْدَاءُ الثَّوْبِ وَالْاِنْتِقَالُ مِنْ غُصْنٍ إِلَى غُصْنٍ آخَرَ تَبْدِيلٌ. وَيُكْرَهُ تَرْكُ آيَةِ السَّجْدَةِ وَحْدَهَا لَا عَكْسُهُ، وَنُدِبَ ضَمُّ غَيْرِهَا، وَاسْتُحْسِنَ إِخْفَاؤُهَا عَنِ السَّامِعِ. A’rofning oxiri, Ra’d, Nahl, «Banu Isroil», ­Maryam, Hajning birinchisi, Furqon, Naml, «Alif l­aam miym Sajda», Sod, «Haa miym Sajda», Najm, «Inshaqqot» va Iqro(suralari)dagi o‘n to‘rt oyatdan birini tilovat qilgan kishiga yoki eshitgan kishiga namozning shartlari bilan qo‘l ko‘tarish, tashahhud va salomsiz ikki takbir o‘rtasida bir sajda qilish vojib bo‘ladi. Unda sajdada aytiladigan tasbeh bor. Imom sajda oyatini tilovat qilganda uni eshitgan kimsa so‘ngra unga boshqa rak’atda iqtido qilsa, xuddi o‘zi bilan bo‘lmagan odamdan sajda oyatini eshitgan namozxon kabi, namozdan so‘ng sajda qiladi. Kim o‘sha rak’atda imomning sajdasidan keyin iqtido qilsa, tilovat sajdasini qilmaydi. Ammo oldin iqtido qilsa, agar eshitmagan bo‘lsa ham, u bilan birga tilovat sajdasini qiladi. Agar muqtadiy sajda oyatini tilovat qilsa, uni tashqaridan eshitgan kimsagina sajda qiladi. Namozdagi tilovat sajdasi tashqarida qazo qilinmaydi. To‘xtalmasdan qilingan ruku’ tilovat sajdasiga o‘rinbosar bo‘ladi. Agar bir majlisda yoki namozda sajda oyatini bir necha bor takror qilsa, bir sajda kifoya qiladi. Tinglovchida o‘zining majlisi e’tiborga olinadi. Kiyim to‘qishdagi yurish va bir shoxdan boshqa shoxga o‘tish joyni o‘zgartirishdir. Sajda oyatining o‘zini tark qilish makruhdir. Aksi makruh emas. Unga boshqasini qo‘shish mandubdir. Uni tinglovchidan maxfiy qilish yaxshidir. Ushbu faslda Qur’oni Karimdagi sajda oyatlari tilovat qilinganda sajda qilish, uning fazli, hukmlari va shunga oid boshqa masalalar o‘rganiladi. Odam bolasining baxt-saodati Alloh taoloning amriga bo‘ysunib, sajda qilishidadir. Ana o‘sha sajdalar ichida tilovat sajdasi ham bor. Chunki har bir tilovat sajdasida Alloh taologa sajda qilish haqida amr, shu ma’nodagi gap bor. Endi «Muxtasari Viqoya»dagi matnni sharhlashga o‘taylik. O‘n to‘rt oyatdan birini tilovat qilgan kishiga yoki eshitgan kishiga namozning shartlari bilan qo‘l ko‘tarish, tashahhud va salomsiz ikki takbir o‘rtasida bir sajda qilish vojib bo‘ladi Tilovat sajdasi bir sajdadan iborat bo‘lib, unga bosh qo‘yilayotganda bir takbir va undan bosh ko‘tarilayotganda yana bir takbir aytiladi. Tilovat sajdasini qilish vojibdir. Uning vojibligi quyidagi dalillardan olingan: Alloh taolo Sajda surasida: إِنَّمَا يُؤْمِنُ بِآيَاتِنَا الَّذِينَ إِذَا ذُكِّرُوا بِهَا خَرُّوا سُجَّدًا وَسَبَّحُوا بِحَمْدِ رَبِّهِمْ وَهُمْ لَا يَسْتَكْبِرُونَ «Albatta, oyatlarimizga ular‑la eslatilganda, sajdaga yiqiladigan, Robblariga hamd ila tasbeh aytadigan va mutakabbirlik qilmaydiganlargina iymon keltirurlar», degan (15-oyat). Alloh taolo Inshiqoq surasida sajda qilmaydiganlarni mazammat qilib: وَإِذَا قُرِئَ عَلَیْهِمُ الْقُرْآنُ لا یَسْجُدُونَ «Va qachon ularga Qur’on o‘qilsa, sajda qilmaslar», degan (21-oyat). عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صلي الله عليه وسلم يَقْرَأُ السُّورَةَ الَّتِي فِيهَا السَّجْدَةُ فَيَسْجُدُ وَنَسْجُدُ مَعَهُ، حَتَّى مَا يَجِدُ أَحَدُنَا مَكَانًا لِمَوْضِعِ جَبْهَتِهِ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam sajda oyati bor surani qiroat qilib, sajda qilar edilar. Biz ham u zot bilan sajda qilar edik. Hattoki birimiz peshonasiga joy topa olmay qolar edi». Uchovlari rivoyat qilishgan. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صلي الله عليه وسلم يَقْرَأُ عَلَيْنَا الْقُرْآنَ، فَإِذَا مَرَّ بِالسَّجْدَةِ كَبَّرَ وَسَجَدَ، وَسَجَدْنَا مَعَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْحَاكِمُ. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga Qur’on qiroat qilib berar, qachon sajda oyatidan o‘tsalar, takbir aytib, sajda qilar edilar. Biz ham u zot bilan sajda qilar edik». Abu Dovud va Hokim rivoyat qilishgan. Tilovat sajdasini qilish uchun shartlar namoz o‘qish uchun qo‘yilgan shartlarning ayni o‘zidir: musulmonlik, oqillik, balog‘atga etganlik va hayzu nifosdan pok bo‘lish. Tilovat sajdasi to‘g‘ri bo‘lishi uchun tahoratli bo‘lish, badan, kiyim va makonning pokligi, qiblaga yuzlanish, satri avrat va niyat shart. Unda qo‘l ko‘tarilmaydi, tashahhud va salom ham yo‘q, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tilovat sajdasini qilganlarida bu narsalarni qilmaganlar. Unda sajdada aytiladigan tasbeh bor. Ya’ni tilovat sajdasida turganda namoz sajdasida aytiladigan tasbeh aytiladi. U quyidagi o‘n to‘rt oyatdan birini tilovat qilgan kishiga yoki eshitgan kishiga vojib bo‘ladi. 1. A’rof surasining oxiridagi 206-oyat. 2. Ra’d surasidagi 15-oyat. 3. Nahl surasidagi 49-oyat. 4. «Banu Isroil» (Isro) surasidagi 109-oyat. 5. Maryam surasidagi 58-oyat. 6. Haj surasidagi birinchi sajda oyati, ya’ni 18-oyat (bu suradagi ikkinchi sajda oyati, ya’ni 77-oyat hanafiy mazhabiga ko‘ra vojib emas). 7. Furqon surasidagi 60-oyat. 8. Naml surasidagi 26-oyat. 9. Sajda surasidagi 15-oyat. 10. Sod surasidagi 24-oyat. 11. Fussilat surasidagi 37-oyat. 12. Najm surasidagi 62-oyat. 13. Inshiqoq surasidagi 21-oyat. 14. Alaq surasidagi 19-oyat. Imom sajda oyatini tilovat qilganda uni eshitgan kimsa so‘ngra unga boshqa rak’atda iqtido qilsa, xuddi o‘zi bilan bo‘lmagan odamdan sajda oyatini eshitgan namozxon kabi, namozdan so‘ng sajda qiladi. Bir odam masjidga kirsa, imom sajda oyatini tilovat qilib tilovat sajdasini qildi va yangi rak’atga turdi. Haligi odam o‘sha yangi rak’atga kelib qo‘shildi. U namozni o‘qib, salom berib undan chiqqanidan so‘ng tilovat sajdasini qiladi. Bu xuddi namoz o‘qiyotgan odam namozdan tashqaridagi yoki boshqa bir namozdagi odamdan sajda oyatining tilovatini eshitganga o‘xshaydi. U ham namozini o‘qib bitirganidan keyin tilovat sajdasini qiladi. Kim o‘sha rak’atda imomning sajdasidan keyin iqtido qilsa, tilovat sajdasini qilmaydi. Namozning ichida ham, uni tamom qilganidan keyin ham tilovat sajdasini qilmaydi. Chunki u o‘sha rak’atga qo‘shilishi bilan mazkur rak’atdagi hamma narsalarni, jumladan, tilovat sajdasini ham topgan bo‘ladi. Ammo oldin iqtido qilsa, agar eshitmagan bo‘lsa ham, u bilan birga tilovat sajdasini qiladi. Ammo mazkur shaxs imom tilovat sajdasini qilishidan oldin unga iqtido qilgan bo‘lsa, agar sajda oyatini eshitmagan bo‘lsa ham, imomga ergashib tilovat sajdasini qiladi. Chunki niyat qilib iqtido qilgandan keyin imomga ergashish lozim bo‘ladi. Agar muqtadiy sajda oyatini tilovat qilsa, uni tashqaridan eshitgan kimsagina sajda qilib, o‘zi sajda qilmaydi. Mabodo shunday vaziyat yuzaga kelib qolsa, bunda sajda oyatini tilovat qilgan muqtadiy tilovat sajdasini qila olmaydi. Chunki u bu ishni qilsa, imomiga xilof qilgan bo‘ladi. Uning imomi ham tilovat sajdasini qila olmaydi. Chunki uning o‘zi sajda oyatini tilovat qilgani yo‘q. U muqtadiyga ergashishi mumkin emas. Mazkur muqtadiy bilan birga namoz o‘qiyotgan boshqa muqtadiylar ham tilovat sajdasini qila olmaydilar. Chunki ular ham o‘z imomlariga ergashishlari shart. Ammo mazkur sajda oyati tilovatini namozdan tashqarida turib eshitgan odam tilovat sajdasini qiladi. Namozdagi tilovat sajdasi tashqarida qazo qilinmaydi. Chunki mazkur sajda namozning barkamolligi sifatida vojib bo‘lgan edi. Namozning barkamolligi uchun qilinishi lozim bo‘lgan amal namozdan tashqarida qilinmaydi. To‘xtalmasdan qilingan ruku’ tilovat sajdasiga o‘rinbosar bo‘ladi. Ya’ni birov namozda sajda oyatini tilovat qilgandan keyin uch oyat o‘tguncha ruku’ qilsa, o‘sha ruku’ tilovat sajdasi o‘rniga o‘tadi. Agar uch oyatdan o‘tib ketib qolsa, o‘sha ruku’ tilovat sajdasi o‘rniga o‘tmaydi. O‘sha odamdan tilovat sajdasi soqit bo‘lib, sajda qilmaganligi uchun gunohkor bo‘ladi. Ibn Umar roziyallohu anhu namozda sajda oyatini tilovat qilgandan keyin ruku’ qilib qo‘yar edilar. Chunki ruku’ ham mutavoze’lik uchun qilingan, sajda ham shunga qilingan. Agar sajda oyatini tilovat qilgandan keyin tilovat sajdasini niyat qilib namozning odatdagi ruku’sini va yana tilovat sajdasini niyat qilib namozning navbatdagi sajdasini qilsa, ham namozning, ham tilovat sajdasining o‘rniga o‘tadi. Agar niyat qilmasa, o‘tmaydi. Agar bir majlisda yoki namozda sajda oyatini bir necha bor takror qilsa, bir sajda kifoya qiladi. Sajda oyatini tilovat qiluvchi uni masjidda, kichik uyning ichida, yurib borayotgan ulov yoki kemaning ustida yoki namozdan oldin qilgan qiroatni o‘sha erda namozda takror qilsa, bir sajda kifoya qiladi. Chunki bu holatlarning barchasida makon bitta hisoblanadi va tilovatlar bir-biriga kirishib ketadi. Bunda takrorni qilib bo‘lib sajda qilsa ham, sajdani qilib olib, keyin takror qilsa ham, baribir. Tilovat qiluvchi yodlash uchun, ta’lim uchun, e’tibor yoki fahmlash uchun takror qiladi. Bularning har birida sajda qiladigan bo‘lsa, qiyinchilik tug‘iladi va o‘shandan qochib, takrorni tark qilish xavfi tug‘iladi. Alloh taolo esa dinda qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. U Zot O‘z Kitobida: «Va sizga bu dinda hech qanday tanglik qilmadi», degan (Haj surasi, 78-oyat). Yana boshqa bir oyatda: «Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va qiyinlikni iroda qilmaydi», degan (Baqara surasi, 185-oyat). Tinglovchida o‘zining majlisi e’tiborga olinadi. Sajda oyatini tinglovchiga tilovat sajdasining vojib bo‘lishi uning majlisi e’tiboridan bo‘ladi. Tilovat qiluvchi bir necha joyda tilovat qilgan bo‘lsa ham, tinglovchi bir joyda eshitgan bo‘lsa, bir marta tilovat sajdasi qiladi. Agar tilovat qiluvchi bir joyda o‘tirib tilovat qilsa va tinglovchi joyini almashtirib turgan bo‘lsa, almashgani adadicha sajda qiladi. Kiyim to‘qishdagi yurish va bir shoxdan boshqa shoxga o‘tish joyni o‘zgartirishdir. «Kiyim to‘qishdagi yurish» deganda avvalgi vaqtdagi qo‘l bilan o‘rmak o‘rnatib mato to‘qish, ya’ni ma’lum masofaga qoziq qoqilib, yigirilgan ipni o‘sha qoziqlar orasidagi masofaga borib-kelib to‘qish anglanadi. Demak, o‘rmakning bir tarafida turganda sajda oyatini o‘qisa yoki eshitsa, bir tilovat sajdasi, narigi tarafga borganda eshitsa, yana bir tilovat sajdasi vojib bo‘lgan. Shuningdek, daraxt ustidagi odam shoxdan shoxga o‘tsa ham joyi o‘zgargan hisoblanadi. Unga ham necha marta shoxdan shoxga o‘tsa, shuncha tilovat sajdasi vojib bo‘ladi. Sahroda va yo‘lda uch qadam yurilsa, bir majlisdan ikkinchi majlisga o‘tgan bo‘ladi va tilovat sajdasi qilish vojib bo‘ladi. Agar bir nechta sajda oyatini tilovat qilsa, bir majlisda bo‘lsa ham, o‘sha oyatlarning adadicha sajda qiladi. Sajda oyatining o‘zini tark qilish makruhdir. Namozdami yoki namozdan tashqaridami, tilovat qilayotganda sajda oyatining o‘zini qoldirib, undan keyingi oyatga o‘tib ketish makruhdir. Bunda sajdadan, Alloh taoloning toatidan yuz o‘girish sodir bo‘lgan bo‘ladi. Aksi makruh emas. Sajda oyatining yolg‘iz o‘zini tilovat qilish makruh emas. Bunda sajdaga qiziqish bor. Unga boshqasini qo‘shish mandubdir. Bir oyatni boshqa oyatdan afzal ko‘rishga o‘xshab qolmasligi uchun sajda oyatiga bir-ikki oyatni qo‘shib tilovat qilish yaxshi bo‘ladi. Sajda oyatini qiroat qilib turib, oxiridagi sajda ma’nosidagi so‘zni tilovat qilmasa, sajda qilmaydi. Agar sajda ma’nosidagi so‘zning o‘zini tilovat qilsa ham, sajda qilmaydi. Uni tinglovchidan maxfiy qilish yaxshidir. Chunki u tilovat sajdasiga tayyor bo‘lmasa, qiynalib qoladi. Misol uchun, tahorati bo‘lmasligi mumkin. Qiroati maxfiy bo‘lgan namozda imomning sajda oyatini tilovat qilishi makruh. Bunda muqtadiylarga shubha tushadi. Nima uchun sajda qilganlarini bilmay qoladilar. Juma va iyd namozlarida sajda oyatini tilovat qilish ham makruh. Agar imom minbarda sajda oyatini tilovat qilsa, minbarda turib yoki undan tushib tilovat sajdasini qiladi. Tinglovchilar ham tilovat sajdasini qiladilar. Tilovat sajdasini avval o‘rindan turib, keyin qilgan afzal. Sajda oyatini tilovat qilgan odam sajdadan bosh ko‘tarmagunicha, tinglovchi boshini ko‘tarmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam.

28 Апрел 2022, 10:36 | Савол-жавоблар | 224 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar