Soqolning holati

Assalomu alaykum!xurmatli ustozlar.izlash xizmatida batafsil o‘qib tushunmaganim uchun savol berishga majbur bo‘ldim. Ustozlar sunnatga muvofiq soqol qanday qo‘yiladi uzunligi va ko‘rinishi (formasi) qanday bo‘lishi kerak. Soqol qattan o‘ssa hammasi o‘stiriladimi yani jag‘ning tagini nazarda tutyapman. Yoki ikki yuzning yon tomoni bilan jag‘ning tagidagi soqol o‘stiriladimi. Men shunday soqol qo‘ymoqchi edim. Shunday qilsam sunnatga muvofiq bo‘ladimi. Iltimos shu masalaga oydinlik kiritib bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: عَشْرٌ مِنَ الْفِطْرَةِ: قَصُّ الشَّارِبِ، وَإِعْفَاءُ اللِّحْيَةِ، وَالسِّوَاكُ، وَاسْتِنْشَاقُ الْمَاءِ، وَقَصُّ الْأَظْفَارِ، وَغَسْلُ الْبَرَاجِمِ، وَنَتْفُ الْإِبِطِ، وَحَلْقُ الْعَانَةِ، وَانْتِقَاصُ الْمَاءِ، قَالَ مُصْعَبٌ: وَنَسِيتُ الْعَاشِرَةَ، إِلَّا أَنْ تَكُونَ الْمَضْمَضَةَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O‘n narsa fitratdandir: mo‘ylabni qaychilash, soqolni o‘stirish, misvok, burunga suv olib tozalash, tirnoqlarni qisqartirish, bo‘g‘imlarni yuvish, qo‘ltiq
(tuki)ni yulish, qovuq (tuklari)ni qirish, suv ila istinjo qilish», dedilar.
Mus’ab: «O‘ninchisini unutdim, menimcha, og‘izni suv bilan tozalash bo‘lsa kerak» dedi».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda hozirgi g‘arb madaniyati Islomdan o‘n besh asr kech qolib targ‘ib qilayotgan «shaxsiy tozalik ishlari» haqida so‘z ketmoqda.
Islom bunday ishlarni «Fitrat sunnatlari» – Alloh taolo insonni yaratgandagi sof tabiat va Alloh taolo insonlarga yuborgan sof dinlar sunnati, deb nomlagan.
Qarang, nomlashda ham qancha farq bor. Islomiy nomlash insonni yaratgan Robbning ko‘rsatmasi ila bo‘lgan. G‘arbiy nomlash bo‘lsa, madaniyatni kechikib anglagan insonning o‘z fikridan chiqqandir. Shuning uchun ham bu ikki nom o‘rtasida osmon bilan erchalik farq bor.
Ushbu ma’nodagi hadisi shariflar «Poklik kitobi»da ham o‘tgan bo‘lib, o‘shanda bu masalalarning ba’zi nuqtalarini batafsil tahlil qilganmiz. Hozir esa ularni tanishayotgan bobimizning mavzusidan kelib chiqqan holda o‘rganishga o‘tamiz.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avval «fitrat sunnatlari» o‘nta ekanligini e’lon qilib qo‘yib, keyin ularni birma-bir nomlab chiqmoqdalar.
1. «Mo‘ylabni qaychilash»
Ya’ni, mo‘ylabning lab ustiga o‘sib tushgan qismi qirqilib, labning qizg‘ish qismi yaxshilab ochilishi, unga mo‘ylabning tuklari tushmasligi kerak. Shuningdek, boshqa taraflarga qarab o‘sgan, tartibsiz bo‘lib ketadigan mo‘ylablar ham qaychilab turiladi.
2. «Soqolni o‘stirish»
Ya’ni, soqolni mo‘ylabga o‘xshatib qirqib turilmaydi, uning uzun bo‘lishiga qo‘yib beriladi. Ammo soqolning uzunligi qancha bo‘lishi kerakligi haqida bir oz ixtilof bo‘lgan. O‘sha ixtilofning ashaddiylashgan ko‘rinishi hozir ham ba’zi-ba’zida zohir bo‘lib turadi.
Hanbaliy mazhabi asosida o‘z fikrlari ila ijtihod qiladigan guruhlar soqolga umuman tig‘ tekkizish mumkin emas, deydilar. Ular o‘zlarining bu gaplariga ushbu lafzni va yana shu ma’noga yaqin hadisi shariflarni dalil qilib keltiradilar. Ushbu bobning boshida kelgan «O‘n narsa fitratdandir» deb boshlanuvchi hadisning «soqolni o‘stirish» jumlasiga qilingan sharhda soqolning uzunligi qancha bo‘lishi haqida bir oz ixtilof bo‘lganligi, ba’zilar soqolga umuman tig‘ tekkazish mumkin emas, deb dalillar keltirgani haqida aytib o‘tilgan edi. Endi bu masalaga biroz to‘xtalib o‘tamiz.
Oldin o‘tgan hadisi sharifda «soqollarni o‘stiringlar» deyilgan edi. Soqolga hech tig‘ tekkazib bo‘lmaydi, deydiganlar ushbu jumlaning zohiriy ma’nosini oladilar. Ular soqollarni o‘stirish to‘liq qo‘yish ila, ularga tig‘ tekkizmaslik ila bo‘ladi, deydilar.
Jumhur ulamo ahli, jumladan, Hanafiy, Molikiy va Shofe’iy mazhabi ulamolari esa Ibn Umar roziyallohu anhuning ushbu amallari haqidagi rivoyatni dalil qilib, soqolning uzunligi har odamning o‘z tutamida bir tutam bo‘lishi sunnatdir, undan ortig‘i qisqartiriladi, deydilar.
Ulamo ahli soqolni haddan tashqari uzaytirib yuborish sunnatga xilofdir, deganlar. («Ixtiyor lita’liyli al-Muxtor» kitobi, 4-juz, 430 bet.)
Qarshi taraf Ibn Umarning qilgan ishi hujjat bo‘la olmaydi, deydilar.
Bunga javoban jumhur ulamo bunday ishni Ibn Umardek zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xilof tarzda qilishi mumkin emas, deydilar.
Shu bilan birga, Imom Termiziy rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharifni ham keltiradilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam soqollarini yon tomonidan va uzunidan olar edilar».
Ushbu hadisi sharifga amal qilaroq, soqolni qisqartib, ziyoda bo‘lib ketgan tolalarni tekislab, atroflarini qirib-to‘g‘rilab yurish tavsiya qilinadi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 11:31 | Савол-жавоблар | 185 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar