Nikoh buzilgan-buzilmaganligi haqida

Assalomu alaykum! Meni turmush o‘rtog‘im 8 yildan beri Rossiyada yashaydi. Biz ularni oldidan 4 yarim yil oldin kelganmiz. Lekin kelib 3-farzandimni tuqqanimdan keyin ZAGS yo‘qligi sababli farzandimni o‘zimi nomimga oldim va shundan janjal chiqib men ota uyiga ketdim. Bir kuni turmush o‘rtog‘im telefon qilib “uyga ket” dedi. Men yo‘q dedim va “uyga bormasang javob senga” dedi. Shu bo‘yicha qaytib gaplashmadik. Yaqinda telefon qilib “o‘shanda nima niyatda aytgandiz, shunchaki qo‘rqitibmi yoki ajrashish bo‘lganmi niyatiz” deb so‘rasam “erga tegmoqchimisan, tegsang tegaver” dedi. Bu bilan bizni oramizga taloq tushganmi? Shuni bilmayabman. Men boshqa turmush qurmoqchiman, chunki farzandlarimga xech qanaqa yordam bermaydi. Zo‘rg‘a 3 nafar farzandim uchun 150.000-200.000 aliment to‘laydi. Hozirgi kunda ota-onam qarmog‘ida qiynalyotganligim va  sog‘ligim yaxshi bo‘lmayotganligi sababli bir inson menga uylanmoqchi. Meni ikkilanayotganligim sababi o‘sha vaqtda aytgan “uyga bormasang javob” degan gapi taloq o‘rniga o‘tadimi? Iltimos shu masalani aniqlab beringlar. Oldindan katta rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Nima niyatda aytganligini o‘zidan so‘rang. Erga tegsang tegaver so‘zi ham janjal yoki taloq muzokarasi vaqtida aytilsa taloq tushadi. O‘sha vaqtdan ayolning iddasi boshlangan bo‘ladi. Quyida "Kifoya" kitobidan iqtibos keltiramiz: Kinoyali taloq uning va undan boshqa narsaning ehtimoli bor narsadir. Bunda taloqni ham, boshqa ma’noni ham anglatadigan lafzni xotiniga nisbat berib ishlatiladi. «Bas», «chiq», «ket», «tur» kabilarda rad va javob ehtimoli bor. Ya’ni xotinning savolini rad qilish yoki ijobiy javob berish ehtimoli bor. «Xolisan», «begonasan», «ajragansan», «kesilgansan» va «haromsan»ga o‘xshashlarda so‘kish ehtimoli bor. Ya’ni «yaxshilikdan xolisan», «toatdan begonasan», «to‘g‘ri yo‘ldan ajragansan», «yaxshi axloqdan kesilgansan», «suhbatga haromsan» kabilar bo‘lishi mumkin. «Sana», «bachadoningning tozaligini bil», «sen bittasan», «sen hursan», «ixtiyoringni qilaver», «ishing o‘z qo‘lingda», «yo‘lingni ochib qo‘ydim» va «sendan ajradim» kabilarda ikkisining ham ehtimoli yo‘q. Ya’ni javobning ham, so‘kishning ham ehtimoli yo‘q. Bunga o‘xshash lafzlarda taloqning yoki boshqa narsaning ma’nosi bo‘lishi mumkin. Masalan, «Sanayver», deganda «Alloh taoloning senga bergan ne’matlarini sana», degan bo‘lishi ham, «Taloqsan, iddangni sana», degan bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, «Bachadoningning tozaligini bil»da «Agar toza bo‘lsa, taloq qilmoqchiman» ma’nosi ham, «Seni taloq qildim, endi bachadoningning tozaligini bilgin» legan ma’no ham bo‘lishi mumkin. «Sen bittasan», deganda «Sen bittasan, sendan boshqa yo‘q», degan bo‘lishi ham, «Sen bitta taloqsan», degan bo‘lishi ham mumkin. «Sen hursan», deganda «Sen cho‘rilikdan hursan», degan bo‘lishi ham, «Sen nikoh bog‘lanishidan hursan», degan ma’noda gapirgan bo‘lishi ham mumkin. «Ixtiyoringni qilaver»da «Xohlagan ishingni qilaver», degan bo‘lishi ham yoki «Taloqda ixtiyoringni qilaver», degan bo‘lishi ehtimol. «Ishing o‘zingning qo‘lingda», deganda «Bilgan ishingni qilaver», degan bo‘lishi ham yoki «Taloq ishi sening qo‘lingda, xohlasang, o‘zingni o‘zing taloq qilaver», degan bo‘lishi ham ehtimol. «Yo‘lingni ochib qo‘ydim» va «Sendan ajradim»da ma’no oydin. Bas, rizolikda hammasi, g‘azabda avvalgi ikkisi va taloq muzokarasi bo‘lib turganda birinchisi niyatga qarab bo‘ladi. Mazkur jumlalardan kinoya lafzlari uch qismga bo‘linishi bilinadi: 1. Xotinning taloq haqidagi savoliga javobning ehtimoli bor lafzlar. 2. So‘kish ehtimoli bor lafzlar. 3. Mazkur ikki ma’nodan boshqa ma’nolarning ehtimoli bor lafzlar. Shuningdek, kinoya lafzlarining aytiladigan holatlari ham uch xil bo‘ladi: 1. Rozilik holati. 2. Fazab holati. 3. Taloqning muzokarasi bo‘lib turgan holat. Agar kinoya lafzlarining uch turi ham rozilik holatida, g‘azab yoki taloq to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lmay turib aytilgan bo‘lsa, taloq tushmaydi. Ammo er: «Men bu gapni taloq niyati bilan aytdim», desa, taloq tushadi. Agar g‘azab, urush-janjal holati bo‘lsa, birinchi va ikkinchi qismdagi lafzlar bilan darhol taloq tushmaydi, balki erning niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Taloqni niyat qilgan bo‘lsa, tushadi, bo‘lmasa, yo‘q. Ammo g‘azab holatida «sanayver» kabi savolga radni yoki so‘kishdan boshqa ma’noni ifoda qiladigan lafzlarni aytganda taloq tushadi. Mazkur lafzlarni g‘azab ustida aytgan er keyinchalik: «Men taloqni niyat qilmagan edim», desa, gapi qabul qilinmaydi. Er-xotin orasida taloq masalasi o‘zaro bahs qilib turilganda er mazkur uch xil lafzlardan birini aytsa, birinchi toifadagi lafzlarda niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Qolgan ikkisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taloq tushaveradi. Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 13:32 | Савол-жавоблар | 158 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar