Etimlarning haqqi

Assalomu alaykum! Bir tanishim payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning : «Sizlarni topayotga foydangizda etimlarni ham haqqi bor» degan hadislari bor dedilar. Agar shunday bo‘lsa, 50.000 so‘mdan etimni haqqi qanchaligini hisoblab bersangizlar. Javob uchun oldindan rahmat. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Etimlarning haqlari haqidagi aynan siz aytgan hadisni topa olmadik.  Alloh taolo “Zariyat” surasida marhamat qiladi : إِنَّ الْمُتَّقِينَ فِي جَنَّاتٍ وَعُيُونٍ۝  آخِذِينَ مَا آتَاهُمْ رَبُّهُمْ إِنَّهُمْ كَانُوا قَبْلَ ذَلِكَ مُحْسِنِينَ۝ 15. Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlardadir. 16. Robblari bergan narsalarni oluvchilardir. Chunki ular bundan oldin yaxshilik qiluvchi bo‘lganlardir. Ya’ni bu dunyoda yaxshi ishlar qilib yurgan taqvodorlar endi jannatda Parvardigorlari bergan ne’matlarni qabul qilib oladilar. Ularning bunday izzat-ehtiromga sazovor bo‘lishlarining sababi dunyo hayotida ehson qiluvchilardan bo‘lganlaridir. Ularning ushbu oliy maqomga etkazuvchi boshqa amallari ham bor edi, jumladan: كَانُوا قَلِيلًا مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ۝ 17. Ular kechalari oz uxlar edilar. Ya’ni kechani ibodat bilan bedorlikda o‘tkazib, oz uxlar edilar. Ushbu oyat tafsirida ulamolarimiz Abdurrohman ibn Zayd ibn Aslamdan quyidagi rivoyatni keltiradilar: «Bir kishi: – Ey Abu Usoma, men bir sifatni o‘zimizda topmayapman. Alloh taolo bir qavmni eslab, «…kechalari oz uxlar edilar», degan edi. Biz esa kechasi juda oz bedor bo‘lamiz, – dedi. Shunda Abu Usoma roziyallohu anhu: – Mudroq bosganda uxlab, uyg‘onganda Allohga taqvo qilganlarga yaxshiliklar bo‘lsin, – dedilar». Demak, ko‘p ibodat qilaman deb, o‘zini qiynash darajasiga bormaslik kerak ekan. Vaqtida uxlab, uyg‘oqlik vaqtini bekor o‘tkazmasdan, ibodat va taqvodorlik qilishning o‘zi katta gapdir.  وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ۝ 18. Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar. Sahar chog‘ida turish, Allohga istig‘for aytib, gunohidan kechishini so‘rash juda ham fazilatli ish bo‘lib, buni qilgan kishilar xayr-baraka, ulug‘ martabalarga erishadilar. Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom: «Albatta, Alloh taolo har kuni kechaning uchdan biri qolganda, dunyo osmoniga tushadi va tong otguncha: «Tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman. Istig‘for aytuvchi bormi? Mag‘firat qilib, gunohini kechaman. So‘rovchi bormi? So‘raganini beraman»,– deydi», – deganlar». Shuning uchun iloji boricha, saharda turib, ibodat qilish, istig‘for aytishga urinish lozim. وَفِي أَمْوَالِهِمْ حَقٌّ لِّلسَّائِلِ وَالْمَحْرُومِ۝ 19. Va molu mulklarida so‘rovchi va bechoralarning haqqi bordir. Biz «so‘rovchi» deb tarjima qilgan so‘z Qur’oni Karim matnida «soil» deb kelgan, ya’ni bu nochorligidan o‘zgalardan moliyaviy yordam so‘rovchi deganidir. «Bechora» esa «mahrum» deb zikr qilingan, ya’ni nochor bo‘lsa ham, iffatli bo‘lgani uchun uyalib, hech kimdan moliyaviy yordam so‘ramay yurgan odam. Shunda oyat «Taqvodorlar so‘ragan va so‘ramagan muhtoj kishilarga o‘z mollaridan ma’lum miqdorda haq ajratib qo‘ygan kishilardir» degan ma’noni bildiradi. Taqvodor, dindor kishilar qo‘llariga kelgan mol-dunyoning hammasi faqat o‘zlariniki emas, balki unda muhtojlarning ham haqqi borligini doimo yaxshi tushunib yuradilar. Bu oyatda taqvodorlarning sifatlari bayoni bilan birga, mazkur suraning asosiy mavzularidan biri bo‘lmish rizq masalasi zikr qilinyapti. Kishilarning qalblarini baxillikdan tozalash, faqat rizq ila mashg‘ul bo‘lib, boshqa muhim narsalarni unutib qo‘ymaslik kerakligi eslatilmoqda. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Kim Alloh taolo maqtagan ushbu zotlar safida bo‘lishni xohlasa, molidan ma’lum bir qismini bechora va mahrumlarga ajratadi. Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir idishlari bo‘lib, hadya sifatida kelgan mollarini teng yarmini, kasb qilib topganlarini o‘ndan birini ajratib qo‘yar edilar. Qachon biror ehtiyoji bor inson biror narsa so‘rab kelsa, o‘sha ajratganidan berar edilar. Bu bilan sadaqai xoyrot qilish ishi hamma vaqt davom etar, muhtojlar ham hech vaqt quruq ketmas edilar. U zot shogirdlariga ham shuni vasiyat qilar edilar. Yonidagi ishchilari “biz u idishni quruq qolganini hech ko‘rmaganmiz” deyishgan. Albatta bunda idishning qurimasligini emas Alloh taolo maqtagan bandalarning safida bo‘lishni niyat qilish kerak. Vallohu a’lam!

26 Май 2022, 13:11 | Савол-жавоблар | 173 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar