Ustaning mas’uliyatsizligi

Assalamu alaykum! Muhtaram "Zikr ahlidan so‘rang hay’ati" a’zolari. Men hozir chet eldaman, avtomobilimni ta’mirlash ustaxonasiga bergan edim. Bu erdagi usta mas’uliyatsizligidan men olib kelgan ehtiyot qismni yaroqsiz qilib qo‘ydi. Shunda men “siz e’tiborsizlik bilan ishga yondoshdingiz, bu ehtiyot qismni falon pulga oldim” desam, usta “mayli, ayb menda, o‘sha miqdordagi pulni olmayman” deb aytdi va rozi bo‘lgan bo‘ldi. Endi “shuncha ish qilgan usta pul olmay moshinamni tuzatib, chiqarib yubordi” deb vijdonim qiynalayapti. Mas’uliyatsizligi tufayli xizmat haqqini bermaganim to‘g‘rimi yoki rozi qilib xizmat haqqini berishim kerakmidi? Javob uchun tashakkur va ehtirom ila, O‘sh shahridan Odiljon. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! IShChINING ZOMIN
BO‘LIShI HAQIDAGI FASL الْأَجِيرُ الْمُشْتَرَكُ لَا يَسْتَحِّقُ الْأَجْرَ إِلَّا بِالْعَمَلِ، وَلَهُ أَنْ يَعْمَلَ لِلْعاَمَّةِ، كَالقَّصَّارِ وَنَحْوِهِ. وَلَا يَضْمَنُ مَا هَلَكَ فِي يَدِهِ وَإِنْ شُرِطَ عَلَيْهِ الضَّمَانُ، بَلْ بِعَمَلِهِ، إِلَّا الْآدَمِيَّ إِنْ لَمْ يَتَجَاوَزِ الْمُعْتَادَ. Mushtarak ish bajaruvchi faqat ishi uchun haq oladi. Uning omma uchun ish qilishga haqqi bor. Unga kir yuvuvchi va shunga o‘xshashlar misoldir. U qo‘lida halok bo‘lgan narsaga zomin emas, agar unga zomin bo‘lish shart qilingan bo‘lsa ham. Balki ishi tufayli zomin bo‘ladi. Faqat odamzod bundan mustasno. Agar odatdagidan tashqari ish qilmagan bo‘lsa.
Endi «Muxtasari Viqoya»da kelgan matnlarni sharh qilishga o‘taylik.
Mushtarak ish bajaruvchi faqat ishi uchun haq oladi. Uning omma uchun ish qilishga haqqi bor. Unga kir yuvuvchi va shunga o‘xshashlar misoldir.
«Mushtarak ish bajaruvchi» deganda faqat bir kishiga bog‘lanib qolmagan ishchi yoki hunarmand ko‘zda tutiladi. Tikuvchi, bo‘yoqchi va shularga o‘xshashlar. Unga qilgan ishi uchun haq beriladi. U bir kishiga bog‘lanib qolmay, kim buyurtma bersa, o‘shaning ishini qilib, haqini olaveradi.
U qo‘lida halok bo‘lgan narsaga zomin emas, agar unga zomin bo‘lish shart qilingan bo‘lsa ham.
Agar birov tashlab ketgan narsa uning aybisiz halokatga uchrasa, mushtarak ishchi to‘lab bermaydi.
Balki ishi tufayli zomin bo‘ladi.
Masalan, kiyimni tikayotib, buzib qo‘ydi. Kiyim uning aybi bilan buzildi. Bu paytda to‘lab beradi.
Faqat odamzod bundan mustasno. Agar odatdagidan tashqari ish qilmagan bo‘lsa.
Kemaga chiqqan odam g‘arq bo‘lsa yoki birovning ulovini ijaraga minib ketayotgan odam yiqilib, zarar tortsa, ulov egasi zomin bo‘lmaydi. Ya’ni ijara shartnomasiga asosan xun to‘lamaydi. Ammo mazkur zararning yuzaga kelishida jinoyati bo‘lsa, unga yarasha javob beradi.
Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, mushtarak ish bajaruvchi unga ishonilgan amalni bajarishda barcha vositalarni qo‘llashi kerak bo‘ladi. Ya’ni unga ishonib topshirilgan amal yoki narsaga talafot etishining oldini olishga harakat qilishi lozim. Beparvoligi yoki molga talafot etishining oldini olishga imkoni bo‘laturib qilmaganligi sababidan mol talafotga uchrasa, zomin bo‘ladi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qo‘lga olgan narsasi to topshirgunicha zimmasidadir», deganlar. Ali roziyallohu anhuning bo‘yoqchi va zargarni zomin qila turib: «Odamlarga faqat mana shu(zomin bo‘lish)gina to‘g‘ri bo‘ladi», deganlari rivoyat qilingan. Shuningdek, Umar roziyallohu anhudan odamlarning molini saqlash maqsadida yollangan kishini zomin qilganlari ham rivoyat qilingan. Chunki mushtarak ish bajaruvchi ana shu amal yoki narsani unga egadorliksiz manfaat olish niyatida oladi. Oriyaga olgan kishi kabi zomin bo‘ladi. (Fiqhul Islamiy va adillatuhu, 5-juz, 497-bet.)(“Kifoya” kitobidan)
  Ehtiyot qismning qiymatidan ortiqcha xizmat haqqini to‘laysiz. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:04 | Савол-жавоблар | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar