Imomlar duolari haqida

Assalamu alaykum! Hurmatli ustozlar. Savolim shuki, masjidlarda namozdan so‘ng imom duoni arab tilida qiladi. Ko‘pchilik (shularning ichida men xam) o‘sha arab tilidagi duolarni tushunmaydi. Faqat ba’zilar tushunishi mumkin. Duo qilayotgan inson duoni mazmunini tushunmay qo‘shilib duo qilishi joizmi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hadislarda, ko‘p o‘rinlarda duo qabul bo‘lishi zikr qilingan. O‘shalardan biri namozdan keyin qilinadigan duodir. Bu xususda ulamolarimiz, namozdan keyin qilinadigan duo barchaga tegishli bo‘lishini aytib o‘tganlar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning namozdan keyin qilgan duolarini qilish mandub amaldir. Shuning uchun imomlar ko‘proq u zotning qilgan duolari bilan duo qiladilar. U duolar lafzlari qisqa va ko‘p ma’nolarni o‘z ichiga olgan duolardir. Ularda insonning dunyo va oxirati uchun kerak bo‘ladigan barcha narsalar mujassamdir. Hamma uni yodlab tarjimalarini o‘rganishi zarur. Shunday bo‘lsada, eng afzali barcha namozxon fursatni g‘animat bilib, maxfiy holda o‘zining hojatini Allohdan so‘rashidir. Alloh taolo “A’rof” surasi 55-oyatida :
Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.("Tafsiri Hilol").
deb marhamat qiladi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:01 | Савол-жавоблар | 152 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar