Istinjo qilish to‘g‘risida

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Tahorat buzilishining sabablaridan biri el kelishi hisoblanadi. El kelib tahorat buzilganda qayta mustahab qilinib (el kelgan joy qayta yuvilib) so‘ng tahorat olinadimi yoki mustahab qilmasdan tahorat olinadimi? Bavl qilinganda bavl qilingan joyni o‘zini yuvib so‘ng tahorat olinsa kifoya qiladimi? Iloji bo‘lsa istinjo haqida ham ma’lumot bersangiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu sarlavha ostida kelgan ma’lumotlarni «xalo odoblari» desak ham xato qilmagan bo‘lamiz. Har bir kishining kundalik hayotida bir necha bor takrorlanib turadigan bu muhim amalga shariatda katta e’tibor berilgan. Bugungi kunda shaxsiy ozodalik deb nomlanayotgan ishni Islom qadimdan o‘ta tartibli ravishda yo‘lga qo‘yib qo‘ygan. Keling, o‘sha ma’lumotlarni o‘rganishga kirishaylik. ISTINJO «Istinjo»ning lug‘aviy ma’nosi «axlatni ketkazish»dir. Fuqaholar istilohida esa, najosatni suv va unga o‘xshash narsa ila ketkazish yoki toshga o‘xshash narsa ila artishga «istinjo» deyiladi. Uyqu va eldan boshqa har bir tahoratni ketkazuvchidan toshga o‘xshash narsa ila istinjo qilmoq sunnatdir. Suyak, tezak va o‘ng qo‘l bilan emas. So‘ng uni yuvmoq odobdir. Agar u maxrajdan bir dirhamdan ko‘proq tarqalgan bo‘lsa, u (yuvmoq) vojibdir. Ikki a’zoda va badanning boshqa qismida najosat bo‘lmasa, istinjo qilishning keragi yo‘q.Uyqu va elga o‘xshash hushidan ketish, jinnilik, mastlik kabi tahoratni ketkazuvchi narsalardan ham istinjo qilinmaydi. Qolganlaridan, agar najas bir dirham miqdoridan kam bo‘lsa, istinjo qilish sunnatdir. Ko‘pchilik ulamolar istinjo qilish erkagu ayollarga sunnati muakkadadir, deganlar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni doimo qilganlar. Qo‘lini yuvgandan keyin uni barmoqlarining ich tarafi bilan, maxrajini mubolag‘a ila bo‘shashtirgan holda yuvadi. Keyin qo‘lni yuvadi. Xaloda qiblaga qaramoq yoki unga ortini qilmoq makruhdir. Uyqu va eldan boshqa har bir tahoratni ketkazuvchi narsadan toshga o‘xshash narsa ila yaxshi tazalangunicha istinjo qilmoq sunnatdir. Uyqu va elga o‘xshash: hushidan ketish, jinnilik, mastlik kabi tahoratni ketkazuvchi narsalardan istinjo qilinmaydi. Qolgan hollarda, agar najas bir dirham miqdoridan ko‘p bo‘lsa, istinjo qilish vojibdir. Vojib bo‘lganda ham, suv bilan istinjo qilish vojib bo‘ladi. Agar undan kam bo‘lsa, istinjo sunnat hisoblanadi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «وَمَنِ اسْتَجْمَرَ فَلْيُوتِرْ، مَنْ فَعَلَ فَقَدْ أَحْسَنَ وَمَنْ لَا فَلَا حَرَجَ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim tosh ila istinjo qilsa, toq qilsin. Kim shundoq qilsa, yaxshi qilibdi. Kim qilmasa, tanglik (gunoh) yo‘q», – dedilar». Abu Dovud, Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan. Istinjo tosh, kesak va shunga o‘xshash narsalar bilan, maxraj toza bo‘lganiga ko‘ngil to‘lgunicha qilinadi. Ya’ni bunda maxsus adad belgilanmaydi. Ko‘pchilik ulamolar har safar istinjo qilish erkagu ayollarga sunnati muakkadadir, deyishgan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni doimo qilganlar. Suyak, tezak va o‘ng qo‘l bilan emas. Bu hukmni fuqaholar quyidagi shar’iy dalillardan olishgan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه   قَالَ: اتَّبَعْتُ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم وَخَرَجَ لِحَاجَتِهِ فَكَانَ لَا يَلْتَفِتُ فَدَنَوْتُ مِنْهُ، فَقَالَ: «ابْغِ لِي أَحْجَارًا أَسْتَنْفِضْ بِهَا أَوْ نَحْوَهُ وَلَا تَأْتِنِي بِعَظْمٍ وَلَا رَوْثٍ». فَأَتَيْتُهُ بِأَحْجَارٍ بِطَرَفِ ثِيَابِي فَوَضَعْتُهَا إِلَى جَنْبِهِ وَأَعْرَضْتُ عَنْهُ، فَلَمَّا قَضَى أَتْبَعَهُ بِهِنَّ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam hojatlariga chiquvdilar, ortlaridan bordim. Odatda u kishi ortlariga qaramas edilar. U kishiga yaqinlashuvdim: «Menga toshlardan olib kel, ular bilan istinjo qilaman, (yoki shunga o‘xshashroq gap aytdilar) suyak yoki tezak olib kelma», – dedilar. U zotga kiyimimning etagiga tosh solib keltirib, yonlariga qo‘ydim va o‘girilib ketdim. U kishi qazoi hojat qilib bo‘lib, ularni ishlatdilar». Buxoriy rivoyat qilgan. Suyak – taom chiqindisi, tezak – hayvon chiqindisi hisoblanishi e’tiboridan shu gap aytilgan. Shuningdek, bu ikki narsaning xususiyatlariga ega bo‘lgan narsalar bilan ham istinjo qilib bo‘lmaydi. Ba’zi ulamolar taom, ko‘mir, shisha, latta, daraxt bargiga o‘xshash narsalar bilan istinjo qilish ham makruh, deganlar. Shundoq bo‘lganidan keyin, foydali narsalar bilan istinjo qilib bo‘lmasligi o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi. Ba’zi qadimgi ulamolarimiz qog‘oz bilan istinjo qilish makruh, deyishgan. Chunki ularning vaqtida qog‘oz kamyob bo‘lgan. Hozir ham foydalaniladigan qog‘oz bilan, xususan, yozuvi bor qog‘oz bilan istinjo qilishga ruxsat yo‘q. Ammo istinjo uchun alohida tayyorlangan qog‘oz bilan istinjo qilishga hamma ulamolar ruxsat berishgan. Chunki u ayni shu maqsad uchun maxsus tayyorlangan narsadir. عَنْ سَلْمَانَ رضي الله عنه قِيلَ لَهُ: قَدْ عَلَّمَكُمْ نَبِيُّكُمْ  كُلَّ شَيْءٍ حَتَّى الْخِرَاءَةَ، فَقَالَ: أَجَلْ، لَقَدْ نَهَانَا أَنْ نَسْتَقْبِلَ الْقِبْلَةَ لِغَائِطٍ أَوْ بَوْلٍ، أَوْ أَنْ نَسْتَنْجِيَ بِالْيَمِينِ، أَوْ أَنْ نَسْتَنْجِيَ بِأَقَلَّ مِنْ ثَلَاثَةِ أَحْجَارٍ، أَوْ أَنْ نَسْتَنْجِيَ بِرَجِيعٍ أَوْ بِعَظْمٍ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishiga: «Nabiyingiz sizlarga hamma narsani, hatto, qandoq bo‘shanishni ham ta’lim berdi», deyildi. Bas, u kishi: «To‘g‘ri. Batahqiq, u zot bizni qazoi hojat uchun yoki bavl uchun qiblaga qaramog‘imizdan, o‘ng qo‘l bilan istinjo qilmog‘imizdan va uchtadan kam tosh bilan istinjo qilmog‘imizdan hamda chiqindi va suyak bilan istinjo qilmog‘imizdan nahiy qilganlar», – dedi». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Bu hadisda istinjoga ishlatish durust bo‘lmagan narsalardan ayrimlari sanab o‘tilmoqda. So‘ng uni yuvmoqlik odobdir. عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه : أَنَّ هَذِهِ الْآيَةَ: نَزَلَتْ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم : «يَا مَعْشَرَ الْأََنْصَارِ، إِنَّ اللهَ قَدْ أَثْنَى عَلَيْكُمْ فِي الطُّهُورِ فَمَا طُهُورُكُمْ؟»، قَالُوا: نَتَوَضَّأُ لِلصَّلَاةِ وَنَغْتَسِلُ مِنَ الْجَنَابَةِ وَنَسْتَنْجِي بِالْمَاءِ، قَالَ: «فَهُوَ ذَاكَ فَعَلَيْكُمُوهُ». رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَالْبَيْهَقِيُّ. Ibn Moja, Hokim va Bayhaqiylar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan erlar bor» oyati nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey ansorlar jamoasi! Alloh sizlarni poklikda maqtadi. Sizning pokligingiz nimadir?» – dedilar. «Namozga tahorat qilamiz. Janobatdan g‘usl qilamiz. Suv ila istinjo qilamiz», – deyishdi. «U – ana o‘sha! Uni mahkam tutingiz!», – dedilar». Mazkur oyati karimada Qubo masjidi nazarda tutilgan. Masjidning jamoati ansorlardan iborat edi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga mazkur savol bilan murojaat qilganlar. Agar u maxrajdan bir dirhamdan ko‘proq tarqagan bo‘lsa, u (yuvmoq) vojibdir. Najosat bir dirhamdan ko‘proq joyga tarqagan bo‘lsa, uni yuvish vojib bo‘ladi. Quruq narsalar bilan tozalanish to‘liq poklamaydi, shu bois, u najosat bir dirhamdan oz miqdorda bo‘lganidagina joiz hisoblanadi, chunki bu afv qilingan miqdordir. Undan ortig‘ini suyuqlik bilan poklash lozim. Agar suv bilan istinjo qilish sog‘likka zarar bo‘lsa, quruq narsalar bilan tozalanishning o‘zi kifoya qiladi. Qo‘lni yuvgandan keyin uni barmoqlarining ich tarafi ila maxrajini mubolag‘a ila bo‘shashtirgan holda yuvadi. Keyin qo‘lni yuvadi. Maxrajdagi najasni yuvishdan oldin qo‘lni yuvish uning tozalash asbobi bo‘lganidandir. Maxrajni bo‘shashtirish ila uning barcha erlaridagi najasotni yuvish osonlashtiriladi. Keyin qo‘lni yuvadi. Shunda qo‘liga tekkan najosat va noqulay hidlar ketadi. Xaloda qiblaga qaramoq yoki ortini qilmoq makruhdir. Bu hukmni fuqaholarimiz quyidagi va shunga o‘xshash boshqa dalillardan olganlar. عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأََنْصَارِيِّ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «إِذَا أَتَى أَحَدُكُمُ الْغَائِطَ فَلَا يَسْتَقْبِلِ الْقِبْلَةَ وَلَا يُوَلِّهَا ظَهْرَهُ، شَرِّقُوا أَوْ غَرِّبُوا». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki birortangiz qazoi hojatga borsa, qiblaga yuzlanmasin va unga ortini ham o‘girmasin. Sharqqa yoki g‘arbga qaranglar», – dedilar». Beshovlari rivoyat qilingan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم : «إِنَّمَا أَنَا لَكُمْ بِمَنْزِلَةِ الْوَالِدِ أُعَلِّمُكُمْ، فَإِذَا أَتَى أَحَدُكُمُ الْغَائِطَ فَلَا يَسْتَقْبِلِ الْقِبْلَةَ وَلَا يَسْتَدْبِرْهَا وَلَا يَسْتَطِبْ بِيَمِينِهِ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga xuddi otaning o‘rnidaman, sizlarga ta’lim beraman. Qachonki birortangiz qazoi hojatga borsa, qiblaga yuzlanmasin, unga orqasini o‘girmasin, o‘ng qo‘li bilan poklanmasin», – dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Demak, qazoi hojat qilayotgan odam qiblaga qarab ham, qiblaga ortini qilib ham qazoi hojat qilmasligi kerak. Hadisdagi sharqqa yoki g‘arbga qaranglar, degan gap Madiynai munavvara ahliga aytilgan. Ular sharqqa yoki g‘arbga qarasalar qibla yon tomonlarida qoladi. Boshqa joylarda qibla sharq yoki g‘arbda bo‘lishi mumkin. Ularga bu gap tegishli bo‘lmaydi. Ular qiblaga qarab yoki ortlarini qilib qazoi hojat qilmasliklari uchun sharq yoki g‘arbga qaramasliklari kerak bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi gaplari Islom dini xalo odobi masalalariga jiddiy e’tibor berganiga dalolatdir. Avval aytganimizdek, insoniyat tarixida Islom birinchi bo‘lib bu ishlarni tartibga solishni boshlagan. Masalaning jiddiyligidan bu ish haqida Islom shariatining ikkinchi masdari bo‘lmish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida alohida e’tibor berilgan. Eng mo‘’tabar hadis, fiqh va odob kitoblarida, albatta «xalo odoblari» bobi bo‘ladi.

20 Апрел 2022, 20:06 | Савол-жавоблар | 239 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar