Madinada masjiddagi voqea

Assalomu alaykum! Men bir yil oldin Umra amalini qilish uchun Saudiyaga borgandim. Madinada bo‘lgan vaqtimda bir kuni bomdod namozi tugaganidan so‘ng jamoat katta imom namoz o‘qiydigan joyni tagiga borib nafl namozni o‘qishni boshladilar(Nabiy masjidida imom tepada, yani hammadan teparoqdagi joyda turib namoz o‘qiydi). Hamma shu joyda namoz o‘qimiz deb kutib turgandi. Men yaqin turgan edim bir odam namozini tugatib, namoz o‘qib olishim uchun menga joy berdi. Men nafl namozi deb niyat qilib namoz o‘qishni boshladim, shu payt xarbiy formadagi masjid qoruvullari menga va barcha shu joyga namoz o‘qiyotganlarga qarab arabchada "Shirk keltirmanglar, bu gunoh" deb bir necha marta aytdi. Shundan beri “shirk keltirdimmi” deb qiynalaman. Savolim: shu joyda namoz o‘qish gunohmi? Gunoh bo‘lsa nega hamma shu joyda namoz o‘qiyman deb shoshadi yoki kutib o‘tiradi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bamdod namozidan keyin nafl namoz o‘qilmaydi. “Subhidan keyin uning sunnatidan boshqa nafl o‘qish makruhdir”. (Kifoya). Siz aytgan joy Rasululloh solallohu alayhi vasallamning qabrlari bor uy bilan minbarlari orasidagi joy bo‘lsa kerak. U haqda Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Uyim bilan minbarim orasidagi joy jannat bog‘chalaridan bir bog‘chadir”, dedilar. Odatda odamlar u erda namoz o‘qishga shoshiladilar. Bamdodning farzi o‘qilganidan keyin u erda ham nafl o‘qish makruhdir. Ular nega  "Shirk keltirmanglar, bu gunoh" deganini tushunmadik. Yoki boshqa so‘z aytgan bo‘lishsa, siz tushunmagandirsiz. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:26 | Савол-жавоблар | 194 | Haj va umra
|
Boshqa savol-javoblar