Ushbu kasbda ish yurutish mumkinmi?

Assalamu alaykum! Aziz ustozlar! Men kompyuter dasturchisi bo‘lib ishlayman. Shu kunlarda menga bir taklif tushdi. Bu loyihada men bir necha dasturchilar qatorida ish beruvchiga internet tarmog‘ida va yangi telefon tizimlarida reklama ko‘rsatish tizimini tuzishim kerak bo‘ladi. Bu dasturda men faqat dastur algoritmlarini yozaman. Reklama mavzusini, dizaynini, rasmlarini va matnlarini men chizmayman va tanlamayman. Ish beruvchi korxona reklama tizimida turli korxonalarning mahsulotlarini reklama qiladi. Reklamalar har qanday mavzuda bo‘lishi mumkin. Ularning ichida kazino va boshqalari ham uchrashi mumkin. Reklama tarkibi menga ma’lum emas. Shu loyhada men qatnashishim ma’qulmi yoki noma’qulmi? Alloh sizlardan rozi bo‘lsin!

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” surasi 2-oyatida:
«....Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang».
Ushbu mo‘’jazgina jumla dunyodagi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida hisoblanadi. Islomdan avvalgi davrda hamkorlik qoidasi urug‘chilik, qabilachilik va boshqa shunga o‘xshash o‘lchovlar asosida bo‘lar edi. O‘ziga yaqin bo‘lgan shaxs, toifa, qabila, davlat yoki xalq nima qilsa, unga hamkor bo‘lish zarur edi. Jumladan, zulm va dushmanlik ishlarida ham.
Islomda esa hamkorlikning bosh sharti yaxshilik va taqvodir. Agar shu shart vujudga kelsa, hamma bilan hamkorlik qilinaveradi. Ammo qaerda gunoh va yomonlik bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hamkorlik qilinmaydi.
Bu ishlarning hammasi Alloh taologa bog‘liq. Mazkur ishlarni amalga oshirishda, albatta, taqvo shart. Shuning uchun ham
«Allohga taqvo qiling», – deb alohida ta’kidlanmoqda.
Inson Allohdan qo‘rqqanidagina Allohni rozi qiladigan hamkorliklarni amalga oshiradi. Inson Allohga taqvo qilgandagina undan yaxshilik kutish mumkin. Kimki yaxshilik qilsa, o‘zigadir. Yomonlik qilsa ham o‘zigadir. Allohdan qo‘rqmagan, Uning amrida yurmaganlar bilib qo‘ysinlarki:
«Albatta, Alloh iqobi shiddatlidir». (Tafsiri Hilol).
Bu sohani bizdan ko‘ra o‘zingiz yaxshi bilasiz. Yuqoridagi oyati karimadan qay biriga tushishini o‘zingiz hal qilib olavering. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:29 | Савол-жавоблар | 140 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar