Ismoil Muhammad Yusuf janoblariga

Assalamu Alaykum Ismoil Muhammad Yusuf janoblari! Bir nohush narsadan dilim hufton bo‘ladi. Qachon Olmazordagi yoki Chorsudagi kitob do‘koniga bormay, u erda Chorsudagi kitobfurushlarni ko‘raman. Men bunga qarshi emasman. Lekin bu narsa men kabi oddiy kitobxonlarning zarariga bo‘lmasligi lozim. Mana bir oydan oshdiki men Hazratning yangi kitoblarini ushbu do‘konlardan sotib ololmayapman. Qachon bormay yoki qo‘ng‘iroq qilmay “kitoblar tugadi” degan javobni olaman. Chorsuda esa, solishtirish uchun “Sog‘lom bola” kitobini “kitob sotuvchi oshnalari”dan 6000 so‘mdan plastik kartochkaga sotib olgan “Chorsulik uddburon”lar 15000 so‘mdan naqd pulga sotishmoqda. Do‘konlaringizdagi “kitob sotuvchilari”ni tartibga chaqirib qo‘ysangiz. Ma’rifat hazinasini “olib sotarlik tijorati”ga aylantirishmasin. Ulgurji kitoblarni xarid qiluvchilarga cheklovlar qo‘yilsa yoki ular uchun alohida sotuv shahobchalari tashkil qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Toki men kabi oddiy kitobxonlarga zulm bo‘lmasin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuh! Savol va tanbehingiz uchun tashakkur. Siz zikr qilgan Toshkentdagi ikki do‘kon va undan tashqari respublikamizda ishlab turgan yana ettita do‘konlarimizni tashkil qilishdan asosiy maqsad, siz aytgan “kitobfurushlar”ning olib-sotarlik faoliyatlari va ba’zi hollarda haddan tashqari qimmat narxlarni tartibga solish edi. Bu maqsad ancha amalga ham oshdi, Allohga shukr. Lekin afsuski, ba’zi holatlarning muolajasi to‘liq amalga oshmadi. Xususan, bizning do‘konlarda ba’zi kitoblarning kamayib ketishi yoki tugab qolish holatida narxlarni qimmatlab ketishining oldini olishga muvaffaq bo‘linmadi. Tajriba shuni ko‘rsatayapdiki, bu muammoning birdan-bir echimi do‘konlarimizda kitobning etarli miqdorda bo‘lishi ekan. Kitoblarni doimiy sotuvda, etarli miqdorda bo‘lishi esa bizning irodamizdan tashqari bo‘lib, rasmiy talablarga bog‘liqdir. Endi Siz ko‘targan ikkinchi masalaga, ya’ni Hazratning yangi kitoblariga kelsak, ularning sotuvga chiqishi ham o‘sha talablar bilan bog‘liq bo‘lib, o‘tgan dushanba kuni, 13-apreldagina cheklangan miqdordagi kitoblar do‘konlarga chiqarildi. Shuning uchun siz murojaat qilgan muddatda ular sotuvda bo‘lmagan. Afsuski, miqdorning cheklanganligi, yangi kitoblar uzoq muddat kutilgani va Hazratimning vafotlari kitoblarning tezda sotilib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu kitoblar do‘konlarimizda har bir xaridorga ikki nusxadan ortiq berilmasa ham, deyarli ikki-uch kunda tugadi. Shuningdek, bu kitoblar do‘konimizning respublikadagi filiallariga ham taqsimlab berilgan. Vodiy va Samarqanddagi do‘konlarda yangi kitoblar hozircha bor. Do‘kon xodimlarini tartibga chaqirish masalasiga kelsak, Alloh hoxlasa, albatta tartibga chaqiramiz. Siz yuqorida zikr qilingan holatni bilmaganingiz uchun shu fikrga kelgan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylayman. Har holda, mulohazangiz uchun yana bir bor tashakkur. Duolaringizdan umidvormiz! Alloh barchamizni O‘z hidoyatida bardavom qilsin, zulmdan asrasin! Ismoil Muhammad Sodiq

26 Май 2022, 16:49 | Савол-жавоблар | 233 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar