Harbiy oilada farzandga namoz o‘qishga ta’qiq

Men harbiy oilada katta bo‘lganman. Dadam harbiy bo‘lib nafaqaga chiqqan, oyim esa hozirda harbiy ishda ishlayapti. Litseyga o‘qishga kirgach, namoz o‘qish farzligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarish kerakligini, xullas islom dinidagi asosiy tushunchalarni bildim. Shundan so‘ng, qo‘limdan kelgunicha namoz o‘qishni o‘rgandim. Ota-onam boshida bunga qarshilik qilishmadi, ammo hozirga kelib, tahorat qilishga ham ruxsat berishmayapti. Bunga sabab, harbiylarda diniy amallarni cheklashida va TV orqali namoyish etilayotgan dinga oid Kino va ko‘rsatuvlarda. Oyim menga "nafaqaga chiqib bo‘lganimdan so‘ng bu ishlarni qilasan, hozir o‘qishingni o‘qi" deydilar (nafaqaga 2-3 yil qoldi). Ota-onamga diniy amallarni qanchalik bajarish kerakligi tushuntirdim. Menga "namozni ota ona roziligi bilan o‘qishing kerak. Sen ota-onangni yoki dinni tanla!" dedilar. Shunday holatda nima qilishim kerak? Sizning javobingizdan keyin ota onamning fikri o‘zgarishi mumkin. Javob uchun rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ularga xo‘p deb qo‘yib, bildirmay o‘qiyvering. Onaningiz boshqalar bolamning namoz o‘qiganini bilib qolsa, meni ishdan haydab yuborishadi, deb qo‘rqmoqda. Ularning fikri qatib, dili quluflanib qolgan. Siz bilgan narsalarni bilishmaydi. Alloh taologa ma’siyat bo‘ladigan narsada ota-onaga itoat qilinmaydi. Siz ularga yaxshi gapirib yuravering. Ammo namoz qolmasin.

26 Май 2022, 18:10 | Савол-жавоблар | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar