Farzandlarimga nima vasiyat qilayin?

Yaqinda otam olamdan o‘tdilar (Alloh o‘z rahmatiga olsin!). Vafotlaridan so‘ng bir nechta marosimlar o‘tkazdik: 3 kun ichida qo‘y sotib olib so‘yildi. Maraka, 40 kungacha payshanbilik, 17 kunda kichkina qirq, 37 kunda katta qirq, 52 kecha, yana bir narsalar. Har bir marosimda turli taomlar qilinib ba’zilarida 80-100, ba’zilarida 15-20 odam chaqirib o‘tkazildi. Otamni yo‘qotib siqilib turgan paytimda pulni muammosini qilib, 40-50 kun marosimlar bilan charchadim. O‘zim bitta o‘g‘ilman. Otamning 3 milliondan ortiq qarzlari bor ekan, ularni ado qilish o‘rniga marosimlar o‘tkazdim. Buni noto‘g‘ri ekanligini bilaman, o‘zim Alloh buyugan farzlarni baholiqudrat bajarib kelaman (insha Alloh). Qarshi bo‘ldim, lekin qarindosh-urug‘lar “zamonga qara” deb ko‘yishmadi. Shu narsalarga barham berish uchun ikki o‘g‘lim bor, shularga vafotimdan keyin nima qilishlari to‘g‘risida vasiyat qilmoqchiman. Sizdan iltimos, nima deb vasiyat qilishim mumkinligi aytsangiz? Zamonga qarash qanday bo‘ladi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
O‘zingiz va o‘g‘illaringiz hozirdan dinimiz va shariatimizni o‘rganishga harakat qilinglar. Agar oldinroq o‘rgangan bo‘lganingizda shuncha talofat ko‘rmagan bo‘lar edingiz. O‘g‘illaringizga vasiyatingiz, dinimizni o‘rganib, unga amal qil, shariatimizni o‘rganib, unga amal qildan iborat bo‘lsin. O‘shanda hamma narsa, bu dunyo va oxirat yaxshi bo‘ladi. Sizni ovora qilgan masalalarni kitobga yozib chiqarib qo‘yganimizga, ushbu saytda bayon qilganimizga ancha vaqt bo‘ldi. Ammo o‘qimaganlar bilmaydi va sizga o‘xshab afsus va nadomatga uchraydi. Alloh taolo barchamizni O‘z dinida sobitqadam qilsin!

26 Май 2022, 18:38 | Савол-жавоблар | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar