O‘g‘rini qo‘lini kesish hukmi haqida bildirilgan fikr

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Meni bir tanishim fikrim bo‘yicha o‘g‘irlik uchun qo‘lni kesish yaxshimas, jazo juda qattiq deb aytdi. Men aniq ilmim bo‘lmagani uchun unga javob bera olmadim. Shu haqda sizdan so‘ramoqchi edim. Qo‘lni kesish hukmi Qur’onda kelganmi yoki hadisdami? Umuman shar’iy hukmlarga mana shunday fikr bildirayotganlarga qanday javob qilsak bo‘ladi? Yaqinda farzandlik bo‘lgandim, ismini Odilbek qo‘ydik, shu farzandimni haqqiga ham duo qilsangiz Ustoz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: 38. O‘g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning qo‘llarini kesinglar. Bu Allohdan bezdiruvchi iqob o‘laroq, kasb qilgan narsalariga yarasha jazodir. Alloh o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir. Ushbu oyati karima va unda bayon qilingan hukm eng ko‘p tortishuvlarga, bahslarga va muqoyasalarga sabab bo‘lgan masalalardandir. Mazkur bahs, tortishuv va muqoyasalar hozirgi kunda – Islom dushmanlari Allohning shariatiga qarshi hujumlarni ko‘paytirgan paytda yanada avj oldi. Odamlar orasida turli noto‘g‘ri fikrlar ham tarqaldi. Islom shariati parchalanmas, bir butun tuzumdir. Oyatda ana o‘sha tuzumda yashab turgan kishilardan o‘g‘rilik qilganlarining qo‘lini kesish haqida so‘z ketmoqda. Islomiy jamiyat o‘z hukmi ostida yashayotgan kishilarga, kim bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshi hayot kechirish huquqini beradi. Ularni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalaydi. Ijtimoiy hayotda adolatni o‘rniga qo‘yadi. Shaxsiy mulkning halol yo‘l bilan rivojlanishiga eshikni keng ochib qo‘yadi. Jamiyat a’zolarining ijtimoiy ta’minotini ham yo‘lga qo‘yadi. Xulosa qilib aytganda, kishilarni o‘g‘rilikka boshlaydigan omillarning oldini oladi. Ana shundan keyingina o‘g‘rining qo‘lini kesishga hukm chiqaradi. Islom har bir insonga yaxshi hayot kechirish haq-huquqini berishi insonlarning yaxshi eb-ichishi, kiyinishi, turar joyga ega bo‘lishida o‘z aksini topadi. Bu narsaga erishishning asosiy yo‘li har bir insonning halol mehnatidir. Islom jamiyati o‘z a’zolariga halol mehnat ila kasb qilishga to‘liq sharoit yaratib berishga mas’uldir. Fuqaroning hunari bo‘lmasa, hunar o‘rgatadi. Hunarini ro‘yobga chiqarishga imkon yoki maydon bo‘lmasa, o‘sha imkon va maydonni yaratadi, ish topib beradi. Agar ushbu omillarni ishga solib ishlasa ham, topgani kun kechirishga etmasa yoki boshqa sabablar tufayli ishlay olmasa, Islom shariati bo‘yicha, boshqa tomonlardan yordam oladi. Avvalo, iqtisodiy jihatdan holati yaxshi bo‘lgan yaqin qarindoshlaridan unga nafaqa joriy qilinadi. Yoki bu ish yashab turgan joyidagi boy kishilar zimmasiga yuklanadi. Bunga ham imkon bo‘lmasa, musulmonlarning baytul moli – xazinasidan nafaqa oladi. Unda ham etarli bo‘lmasa, davlat boy fuqarolardan olib beradi. Shuncha g‘amxo‘rlik va yaxshiliklari bor jamiyatda odam o‘g‘rilik qiladimi? Agar shunda ham o‘g‘rilik qilinsa, qo‘lini kesishga loyiq ish hisoblanmaydimi bu?! Hazrati Umari Odil roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida yo‘lda ketayotib, tilanib o‘tirgan qari odamni ko‘rib qolibdilar. – Bu kim? – deb so‘rabdilar. – Bu – Falonchi yahudiy, qarib, ishga yaramay, shu holga tushib qoldi, – deyishibdi. Hazrati Umar: – Yoshlik chog‘ida undan jizya olsag-u, qariganida shu holda tashlab qo‘ysak, adolatdan bo‘lmaydi, – debdilar-da, haligi yahudiyga baytul moldan nafaqa belgilabdilar. Ko‘rinib turibdiki, mazkur imtiyozdan musulmon emaslar ham foydalanadilar. Islom jamiyati o‘z a’zolarini to‘g‘ri yo‘lda tarbiya qiladi. Ularning tarbiyasi iymon asosiga, Allohdan qo‘rqish, qiyomatdan umidvor bo‘lish asosiga quriladi. Rizqni halol yo‘l bilan topib eyish har bir musulmon uchun vojib ekanini chuqur tushuntirib tarbiya qilinadi. O‘g‘rilik qilish, birovning molini botil yo‘l bilan eyish gunoh ekani, o‘g‘rilik qilgan odam gunohkor bo‘lishi, shariat hukmi bo‘yicha uning qo‘li kesilishi tushuntirilib, tarbiya qilinadi. Ana shundan keyin ham o‘g‘rilik qilganning qo‘li kesilmasinmi? Islomiy jamiyat ijtimoiy adolatni o‘rniga qo‘yadi. Bu jamiyatda birovning haqini boshqasi emaydi, zulm yo‘li bilan tortib olmaydi. Har kim halol mehnatiga yarasha haq oladi. Uning mehnati kapitalist yoki davlat tomonidan tahqirlanmaydi. Jamiyat mulki hisoblangan narsalarda har bir insonning tegishli haqqi bor, ulardan faqat davlatboshilar yoki ba’zi shaxslar va oilalargina foydalanmaydi. Islom jamiyati shaxsiy mulkni rivojlantirishga keng yo‘l ochib qo‘yadi. Odamlar halol yo‘l bilan qancha ko‘p molu mulk topsa, shuncha yaxshi. Davlat ulardan mol-mulklarini tortib olmaydi. Boshqa kishilar ularga hasad qilmaydi. Mana shunday sharoitda yashab turib ham, halol mehnatga harakat qilmay, birovlarning haqini harom yo‘l bilan olishga cho‘zilgan qo‘l kesilsa, arzimaydimi?! Islom jamiyati o‘z a’zolarining ijtimoiy ta’minotlarini yaxshilab, yo‘lga qo‘yadi. Avvalo, nochor kishilarning nafaqasini yaqin qarindoshlariga Allohning oldidagi diniy burch sifatida vojib qiladi. Ota farzandlariga, er xotiniga, aka ukalariga, farzand ota-onasiga va hokazo nafaqa berishi shart. Ya’ni boy qarindoshlar nochorlariga nafaqa berishlari vojib. O‘z ixtiyorlari bilan berishmasa, qozi hukm chiqarib, majbur qiladi. Fiqh kitoblarimizning nafaqa bobida bu masalalar keng yoritilgan. Nochor insonning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, unga davlat yordam beradi, boy musulmonlar nafaqa beradilar. Ish beruvchi ishchiga nafaqa beradi va hokazo. Agar bu choralar qo‘llanmagan bo‘lsa, o‘g‘rilik sodir etgan odamning qo‘lini kesishga hukm chiqarishga davlat haqli bo‘la olmaydi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning huzurlariga Muzayna qabilasidan bir necha yigitni birovning tuyasini o‘g‘irlaganlari uchun ushlab, olib keldilar. Hazrati Umar ularning qo‘llarini kesishga amr qildilar. Shunda ba’zilari bu yigitlar Ibn Hotib ibn Balta’a ismli kishining yigitlari ekanini, xo‘jayinlari ularga ovqat bermagani uchun tuya o‘g‘irlab, so‘yib eyishga majbur bo‘lganlarini aytdilar. Hazrati Umar hukmni darhol bekor qildilar. Xo‘jayinni chaqirib kelib, koyidilar, yigitlarni esa o‘g‘irlangan tuyaning bahosini ikki barobar to‘lashga amr qildilar. Ayni chog‘da, shariat hukmiga ko‘ra, birovni ushlab kelib, manavi o‘g‘ri ekan, deyilsa, darhol qo‘li kesilavermaydi. Bu tadbirning o‘ziga yarasha tartib va qoidalari bor. Bularni bir chekkadan yaxshilab tushunib olish kerak. Avvalo, o‘g‘rilik nima – shuni bilib olaylik. Shar’iy istilohda o‘g‘rilik birovning berkitilgan molini maxfiy suratda olishdir. «Berkitilgan» deganimiz, «qarovsiz qolmagan» degan ma’noni anglatadi. Omborga qo‘yib, qulflangan yoki qorovul qo‘yilgan bo‘lsa, mol berkitilgan bo‘ladi. Qarovsiz qolgan molni o‘g‘irlagan odamning qo‘li kesilmaydi, balki boshqa chora ko‘riladi. Berkitilgan joydan chiqib qolgan, omborning eshigi ochiq qolib, undan ko‘rinib turgan moldan olgan odamga yoki mol bor joyga kirib-chiqib yurishiga ruxsat berilgan odamlarga nisbatan ham, agar moldan olsalar, boshqa chora ko‘riladi. O‘g‘rining qo‘li kesilishidagi eng muhim shartlardan biri – berkitilgan joydan o‘g‘irlangan mol Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi chorak dinor qimmatga ega bo‘lishi kerak. Undan oz bo‘lsa, o‘g‘rining qo‘li kesilmaydi. Unga boshqa chora ko‘riladi. Endi qo‘li kesilishi lozim bo‘lgan o‘g‘riga bu jinoyat qanday tarzda sobit bo‘ladi? Ya’ni qozixona «Bu odamning aybdor – jinoyatchiligi sobit bo‘ldi, qo‘li kesilsin», deb qachon hukm chiqara oladi? O‘g‘rilik sobit bo‘lishi avvalo o‘g‘rining shaxsiy e’tirofi ila bo‘ladi. U e’tirof qilganidan so‘ng, yuqoridagi shartlar tekshirib chiqiladi. To‘g‘ri kelsa, yana bir bor o‘g‘ridan bu ishni tushunib qilgan-qilmagani so‘raladi. Ana shundan so‘ng hukm chiqariladi. Yana o‘g‘rilik ikki adolatli kishining guvohligi bilan ham sobit bo‘ladi. Guvoh adolatli bo‘lishi juda muhim. Ya’ni umrida hech qachon shariatga xilof qilmagan, yolg‘on gapirmagan, avval guvohligi noto‘g‘ri chiqmagan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham qozilar guvohlarning guvohligini qabul qilishdan oldin ularning kimligini o‘rganib chiqadilar. Jamiyatdagi e’tiborli kishilardan ularning pokligi, adolati haqida ma’lumot oladi. So‘ngra guvohligini qabul qiladi. Mazkur shartlarda ozgina shubha tug‘ilsa, qo‘l kesish bekor qilinadi. Agar o‘g‘rilik shubhasiz sobit bo‘lsa, o‘g‘rining o‘ng qo‘li bilagi bilan kaftini birlashtirib turuvchi bo‘g‘indan kesiladi. Islomning bu hukmiga qarshi chiquvchilar, «Bu jazo insonparvarlik ruhiga to‘g‘ri kelmaydi, o‘g‘ri qanchalik miqdorda o‘g‘rilik qilgan bo‘lsa ham, qo‘lini kesmasdan, qamash kerak», – deyishadi. Necha yuz yillardan buyon bu tadbirlarini joriy ham qilmoqdalar. Ammo yildan-yilga, oydan-oyga, kundan-kunga o‘g‘rilik ko‘payib bormoqda. Mayda o‘g‘rilar uchun qamoqxona jazo emas, balki malaka oshirish kursi, o‘g‘rilik ishini yanada chuqurroq egallash maktabi bo‘lib qoldi. Qamoqdan o‘zidan ko‘ra tajribali shaxslardan tajriba o‘rganib chiqib, avvalgisidan kattaroq o‘g‘rilik qilmoqdalar. Bu mantiqsiz holat etti yoshdan etmish yoshgacha – hammaning istehzosiga sabab bo‘lmoqda. Islomiy jazo bo‘lmish qo‘l kesish esa eng samarali omil hisoblanadi. Islomda jinoyatning oldini olishga, tag-tomiri bilan yo‘qotishga harakat qilinadi. Shuning uchun ham tayin qilingan jazolar nafaqat tan jazosi, balki ruhiy, ma’naviy va tarbiyaviy jazo ham hisoblanadi. Bu ma’noda Islomda ko‘zda tutilgan jazolar jinoyatchi nimani ko‘zlab jinoyat qilsa, uni avvalo o‘shandan mahrum qilishga o‘tiladi. Misol uchun, merosga tezroq etish uchun meros qoldiruvchining o‘limiga sabab bo‘lgan merosxo‘r avval merosdan mahrum qilinadi, keyin boshqa choralar ko‘riladi. O‘g‘rilik qilgan odam bu ishga osonlik bilan molu mulkka ega bo‘lish maqsadida qo‘l uradi. Unga molu mulk topishni qiyinlashtirish uchun qo‘li kesiladi. Qolaversa, boshqa jazo choralari kabi, bu jazo ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Jazo hukmi ko‘pchilik xalqni to‘plab turib ijro etiladi. Ko‘pchilikning ichida sharmanda bo‘lgan va tanasida jinoyatining belgisi qolgan shaxs ikkinchi bor bu ishga qo‘l urmaydi. Eng muhimi – hukmni ijro etish paytida hozir bo‘lganlar ham o‘rnak olib, shu kabi sharmanda bo‘lmaslik uchun o‘g‘rilikdan tiyiladilar. Bu hukmning ijro etilishidan ko‘ra, uning haybati ko‘pchilikni jinoyatdan ushlab turishi e’tiborga sazovordir. «O‘g‘rining qo‘li kesiladi», degan hukm chiqishi bilanoq ko‘pchilik o‘zidan-o‘zi quyilib qoladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vaqtlarida ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan so‘ng uch-to‘rt kishining qo‘li kesilishi bilan hech kim o‘g‘rilik qilmay qo‘ygan. 39. Kim zulmidan keyin tavba etsa va isloh qilsa, Alloh albatta tavbasini qabul qiladir. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir. Gunoh qilgan banda tavbaga shoshilmog‘i lozim. Ammo bu oyati karimaga chuqurroq nazar soladigan bo‘lsak, unda: «...tavba etsa va isloh qilsa…» – deyilmoqda. Musulmon odam uchun yomonlikdan qaytishning o‘zi kifoya qilmas ekan. Yomonlikdan qaytish bilan birga, yaxshilik amallarni qilishi ham zarur ekan. Chunki yomonlikni qilmay qo‘yib, yuraversa, orada bo‘shliq paydo bo‘ladi va bu bo‘shliq uni yana yomonlikka qaytarishi mumkin. Shuning uchun ham yaxshilik qilish tavbani qabul etish shartlariga qo‘shilmoqda. O‘g‘rilikka qo‘l urgan odam afsus ila tavba qilib, tavbaning shartlariga rioya etsa, Alloh taolo huzurida albatta, uning tavbasi qabuldir. Ammo u qo‘lga tushib, ishi qozixonaga etsa, unga nisbatan chora qo‘llanishi shart. Bu erda uni kechirib bo‘lmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir odam qimmatbaho ridosini boshiga qo‘yib, uxlab yotganda, boshqa bir shaxs astagina ridoni o‘g‘irlaydi. Ammo bir oz o‘tib, qo‘lga tushadi. Ridoning egasi uni ushlab, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib boradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘g‘rining qo‘lini kesishga amr qiladilar. Shunda ridoning egasi rahm qilib: – Mayli, men roziman, bitta rido uchun qo‘li kesilib ketmasin, – deydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga: – Shu gapingni uni mening oldimga olib kelmay turib aytganingda, bo‘lar edi. Ammo endi mumkin emas, – deydilar. O‘g‘irlangan mol egasi o‘g‘rining aybini kechib yubora olmaganidek, hokim ham, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kechib yubora olmaydi. Madinai Munavvarada bir ayol o‘g‘rilik qilib, qo‘lga tushadi. Uning qarindosh-urug‘lari bundan qattiq tashvishlanadilar. Agar qo‘li kesilsa, butun urug‘imizga or bo‘ladi, deb qayg‘uradilar. Maslahatlashib, «Usoma ibn Zayd Payg‘ambarimizning erkasi, uni ishga solaylik, kechirib yuborsalar ajab emas», – deyishadi. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu vositachilik qiladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq g‘azablanadilar va masjidda jamoat namozidan so‘ng xutba qilib: «Sizga nima bo‘ldiki, Allohning haddidan bo‘lmish bir hadda menga vositachi qo‘yasizlar! Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa ham qo‘lini kesaman! Sizdan oldin o‘tganlarning halok bo‘lishiga sabab ham oddiy odamga haddni joriy etib, obro‘liga joriy etmaslik edi», – dedilar («Hadd» deganda shar’iy jazo tushuniladi).

26 Май 2022, 19:23 | Савол-жавоблар | 219 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar