Bo‘g‘inlarning sadaqasi haqida

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Iltimos ushbu savolimga izlash xizmatidan javob topa olmadim. Alloh sizdan qilgan savobli ishlaringizda rozi bo‘lsin. Men internet orqali inson a’zolarini bo‘g‘inlarining sadaqasi haqidagi masalani tingladim. Audio formatida bo‘lgani uchun va o‘sha domla juda tez o‘qigani uchun ushbu duoni to‘g‘ri yoza olmadim. Yana bir bor sizdan iltimos qilaman ushbu duoni yozib yuboring, Alloh umringizni ziyoda qilsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- عَنْ أَبِي ذَرٍّ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: يُصْبِحُ عَلَى كُلِّ سُلَامَى مِنْ أَحَدِكُمْ صَدَقَةٌ؛ فَكُلُّ تَسْبِيحَةٍ صَدَقَةٌ، وَكُلُّ تَحْمِيدَةٍ صَدَقَةٌ، وَكُلُّ تَهْلِيلَةٍ صَدَقَةٌ، وَكُلُّ تَكْبِيرَةٍ صَدَقَةٌ، وَأَمْرٌ بِالْمَعْرُوفِ صَدَقَةٌ، وَنَهْيٌ عَنِ الْمُنْكَرِ صَدَقَةٌ، وَيُجْزِئُ مِنْ ذَلِكَ رَكْعَتَانِ يَرْكَعُهُمَا مِنَ الضُّحَى. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ. وَلَهُمَا: يُصْبِحُ عَلَى كُلِّ سُلَامَى مِنِ ابْنِ آدَمَ صَدَقَةٌ؛ تَسْلِيمُهُ عَلَى مَنْ لَقِيَ صَدَقَةٌ، وَأَمْرُهُ بِالْمَعْرُوفِ صَدَقَةٌ، وَنَهْيُهُ عَنِ الْمُنْكَرِ صَدَقَةٌ، وَإِمَاطَتُهُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ صَدَقَةٌ، وَبُضْعُهُ أَهْلَهُ صَدَقَةٌ، وَيُجْزِئُ مِنْ ذَلِكَ كُلِّهِ رَكْعَتَانِ مِنَ الضُّحَى. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Tongda biringizdan har bir bo‘g‘in uchun sadaqa lozimdir. Bas, har bir tasbeh sadaqadir, har bir tahmid sadaqadir, har bir tahliyl sadaqadir va har bir takbir sadaqadir. Amri ma’ruf sadaqadir. Nahyi munkar sadaqadir. Bularning o‘rniga choshgohda ikki rak’at namoz o‘qish kifoya qiladi», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar. Abu Dovud va Ahmadning lafzida: «Tongda odam bolasining har bir bo‘g‘ini uchun sadaqa lozimdir. Uchragan odamga salom berishi sadaqadir. Amri ma’ruf qilishi sadaqadir. Nahyi munkar qilishi sadaqadir. Yo‘ldan ozor beruvchi narsani olib tashlashi sadaqadir. Ayoliga yaqinlik qilishi sadaqadir. Bularning o‘rniga choshgohdagi ikki rak’at namoz kifoya qilur», dedilar». Sharh: Uyqudan eson-omon turib, uch yuz oltmishta bo‘g‘ini ishga tushib ketishi har bir inson uchun katta baxt, ulug‘ ne’matdir. Mo‘min-musulmon kishi har bir ne’mat uchun Alloh taologa munosib shukr qilishi kerak. Shukr qilganda ham, har bir bo‘g‘ini hisobiga bir sadaqa qilishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Tongda biringizdan har bir bo‘g‘in uchun sadaqa lozimdir» deganlari shuni ang-latadi. Sadaqa deganda pul yoxud mol sarflashni tushunmaslik kerak. Mo‘min banda tomonidan qilingan har bir yaxshilik, shariatga muvofiq amal sadaqadir. 1. Bir marta «Subhanalloh» deb tasbeh aytish ham sadaqa. Bu bilan bir bo‘g‘in uchun qilinishi zarur bo‘lgan shukr ado etiladi. 2. Bir marta «Alhamdulillah» deb tahmid aytish ham sadaqadir. Bu bilan yana bir bo‘g‘in uchun qilinishi zarur bo‘lgan shukr ado etiladi. 3. Bir marta «Laa ilaaha illalloh» deb tahliyl aytish ham sadaqa. Bu bilan yana bir bo‘g‘in uchun qilinishi lozim bo‘lgan shukr ado etilgan bo‘ladi. 4. Bir marta «Allohu akbar» deb takbir aytish ham sadaqa. Bu bilan yana bir bo‘g‘in uchun qilinishi lozim bo‘lgan shukr ado etiladi. 5. Amri ma’ruf qilish ham sadaqa. 6. Nahyi munkar qilish ham sadaqa. 7. Yo‘lda ko‘ringan odamga salom berish ham sadaqa. 8. Yo‘ldan ko‘pchilikka ozor beradigan narsani olib tashlash ham sadaqa. 9. Iffat va solih farzand talabida jufti haloli ila yaqinlik qilish ham sadaqadir. Musulmon odam shu va shunga o‘xshash solih amallarni qilib, har bir bo‘g‘ini uchun kunda qilishi kerak bo‘lgan sadaqalarni ado etsa, qanday yaxshi! Ayniqsa ikki rak’at choshgoh namozi o‘qigan odam uch yuz oltmish bo‘g‘ini uchun qilishi lozim bo‘lgan sadaqani ado etgan bo‘lar ekan. Chunki namoz paytida insonning barcha bo‘g‘inlari ishga tushadi. Bu hadisda choshgoh namozi nihoyatda faziylatli ekanligi bayon qilinmoqda. Shuning uchun ham bu namozni doimiy ravishda o‘qib yurishga odatlanishimiz lozim.

26 Май 2022, 20:12 | Савол-жавоблар | 164 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar