Qaysi kitoblarni tavsiya qilasiz?

hazrat. Men Xaq yo‘lga endi kirganlardanman. Niyatim fitna yoki boshqa narsa emas. Kommunist ota-onaning "Alloh dilda bo‘lishi kerak" degan tarbiyasini olgan, dindan bexabar ayolman. Sizni ustoz bilib kitoblaringiz orqali bilmaganlarimni o‘rganishga xarakat qilyapman. Agar sizga beradigan savollarim jo‘n yoki o‘rinsiz bo‘lsa sizdan uzr so‘rayman. Qilayotgan xayrli ishlaringiz davomli bo‘lsin. Sizga Allohdan sabr tilayman. Alloh ikki dunyoyingizni obod qilsin. Sura yodlamoqchi edim, arabchani bilmaganligim uchun o‘zbek xarflarida yozilgan kitob olish maqsadida bozorga bordim va ko‘pchilik namozxon sotuvchilar tavsiyasi bilan "QURONI KARIMDAN SURA VA OYaTLAR VA ULARNING FAZILATLARI"deb nomlangan (adashmasam) kitobni oldim. Ochib o‘qisam ShARH surasini idishga yozib yuvib ichilsa u kasalga davo bo‘ladi, bu kasallikning oldi olinadi kabilar yozilgan ekan. Qalbimda bu kitobga shubxa uyg‘ongani uchun qaytarib berdim. To‘g‘ri qildimmi yo‘qmi bilmayman. Sizdan iltimos, menga tqg‘ri yo‘l ko‘rsating. Savol 1. Qaysi mualliflarning kitoblarini o‘qishni tavsiya qilasiz? Savol 2. Menga o‘xshab endi xidoyatga yuz tutganlar uchun boshlang‘ich kitob, ya’ni gunoh, savob, makruh, . . . . So‘zlarining ma’nosi va shular to‘g‘risida to‘liqroq malumot beruvchi kitobingiz bormi, nomi nima? Ko‘p savol berganligim uchun ming bor uzr. Yordamingiz uchun katta rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Alloh taolo sizni va barchalarimizni hidoyatda sobitqadam qilsin! Sizning dinimizni o‘rganib, unga amal qilish borasida olib borayotgan ishlaringizni muvofaqiyatli etsin! Kitob tanlashda hushyor bo‘lganingiz juda ham yaxshi. Bir vaqtlar qaysi kitoblarni o‘qish haqida ushbu saytda ma’lumotlar berilgan edi. Izlasangiz chiqib qolar degan umiddaman. Dinimiz ila yaqindan tanishish bo‘lyicha dastlab o‘zimning “Iymon” va “Mukammal saodat yo‘li” kitoblarini, ibodatlarni o‘rganish va bajarish bo‘yicha “Kifoya” kitobini tavsiya qilaman.

26 Май 2022, 23:36 | Савол-жавоблар | 133 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar