Yana Yosin Surasi haqida

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakatuh! Hurmatli Shayx hazratlari! Yosin surasi haqida oldin savol berganimda “Muqaddas oylar va mustajob duolar” deb nomlangan kitobda “zaif gaplar ko‘p” deb aytgan edingiz.
Lekin Yosin surasiga qiziqishim bo‘lgani bois ushbu savollarni berishimga to‘g‘ri kelyapti:
Yosin surasi haqida o‘qiganlarim – quyidagilarni qaysi biri to‘g‘ri va noto‘g‘ri ekanini aytib bersangiz:
1. Yosin Surasini o‘qish Qur’oni Karimni 40 marta xatm qilishga tengligi.
2. Uni kechasi o‘qigan kishining, ertasi gunohlari kechirilgan holda uyg‘onishi. Javobingiz uchun oldindan tashakkur!

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bunday gaplardan mening xabarim yo‘q. Sizga “Tafsiri Hilol”ni o‘qishni tavsiya qilaman. Hozircha sizga o‘sha kitobdan olingan quyidagi ma’lumotlarni taqdim qilaman. Imom Bazzor Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi «YaSiyn»dir. Men uning ummatimdan har bir insonning qalbida bo‘lishini istardim», – deganlar. Imom Molik va imom ibn Hibbonlar Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «YaSiyn»ni kechasi Allohning roziligi talabida o‘qisa, uni mag‘firat qiladi», – deganlar. Imom Ahmad, imom Abu Dovud, imom Nasaiy, imom ibn Moja va Imom Hokimlar Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «YaSiyn» Qur’onning qalbidir. Kim uni Allohni va oxirat kunini umid qilib o‘qisa, albatta, mag‘firat qilinadi. Uni o‘liklaringizga o‘qinglar», – deganlar.

26 Май 2022, 23:47 | Савол-жавоблар | 216 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar