Aqiyq toshi

hazratim men bir mushk anbar dokonida "Aqiyq" deb nomlangan toshdan yasalgan uzuk kurdim aytishlaricha bu uzukdan Paygambarimiz s.a.w taqib yurgan ekan.Savol; Rasululloh s.a.w ning uzuklari bulganmi? Diyn uchun qilayotgan hizmatingizdan Alloh rozi bolsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Kisro, Qaysar va Najoshiyga maktub yozmoqchi bo‘ldilar. Bas, U zotga:«Ular xatmi (muhri) bor maktubdan boshqani qabul qilmaydilar», deyildi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam halqasi kumushdan bo‘lgan xotim – uzuk qildirdilar. Ko‘ziga «Muhammadun Rasululloh»ni naqsh qildilar».Sharh: Ushbu rivoyatdan biz uzuk deb nomlayotgan narsaning haqiqati va undan ko‘zlangan asosiy maqsad anglab olinadi.Buning uchun avval bir oz lug‘aviy bahs yuritmog‘imiz lozim. Biz «uzuk» deb nomlayotgan narsa arabchada «xotim» deb ataladi. Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi xatm qiluvchi–muhr bosuvchi deganidir. Chunki, «xatm» so‘zi «muhr» deganidir.Hozir biz o‘rganayotgan hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam chet ellardagi ba’zi davlat boshliqlariga yubormoqchi bo‘lgan maktublarini tasdiqlash uchun muhr bosish zarurati tug‘ilib qolganda uzuk qildirib uning ko‘ziga o‘zlarining muborak nomlarini va Allohning payg‘ambari ekanliklarini naqsh qildirgan ekanlar. Shundan keyin U zot o‘sha uzukni taqib yurganlar va biror hujjatni muhrlash lozim bo‘lib qolsa, qo‘llaridan chiqarib turib, u bilan muhrlaganlar.E’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu hadisi sharif Islomning xalqaro diplomatiyasining birinchi qadamlari qandoq bosilgani haqida hikoya qilayotganini ko‘ramiz. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Kisro, Qaysar va Najoshiyga maktub yozmoqchi bo‘ldilar».«Kisro» fors davlatining podshohi. O‘sha paytda fors davlati dunyodagi ikki katta imperiyaning biri edi. Fors podshohi Kisro deb atalar edi. Bu hozirda ba’zi davlatlarda davlat boshlig‘ini «prezident» deb atalishi kabi edi.Xuddi shunga o‘xshash:«Qaysar» Rum podshohining laqabi edi.«Najoshiy» Habashiston podshohining laqabi edi.Islom davlati qaror topib, artof-javonibdagi qabilalar Islomga kirishni boshlagan davrda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur davlat boshliqlariga maktub yuborib, ularni va ular orqali barcha fuqarolarini ham Islomga chaqirmoqchi bo‘lganlar. Ana o‘sha ishga qo‘l urila boshlaganda ba’zi xabardor kishilar xalqaro aloqalardagi podshohlarga maktub yuborishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan qoidalarni eslatdilar.«Ular xatmi (muhri) bor maktubdan boshqani qabul qilmaydilar», deyildi».Arablar o‘qish-yozishdan bexabar, birovga maktub yozish xayoliga ham kelmagan bir xalq edi. Shuning uchun, ularda bu borada biror tajriba bo‘lishi ham qiyin edi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqorida zikr etilgan podshohlarga elchilar orqali maktub yuborishga qaror qildilar. U zot ularni ham Allohning diniga chaqirish bo‘yicha o‘z zimmalaridagi mas’uliyatni ado etmoqchi edilar. Ana o‘shanda o‘zlari muomala qilmoqchi bo‘lgan shaxslarga ta’kidli bo‘lishi uchun elchilarga qo‘shib maktub ham yubormoqchi bo‘ldilar. Biladigan kishilar muhrsiz maktubni podshohlar qabul qilmasliklarini aytib, bu ishning samarali chiqishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqchi bo‘ldilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularning o‘rinli va foydali maslahatlaridan to‘g‘ri foydalandilar.«Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam halqasi kumushdan bo‘lgan xotim-uzuk qildirdilar. Ko‘ziga «Muhammadun Rasululloh»ni naqsh qildilar».Avvalgi rivoyatda aytilganidek, mazkur uzukka bir misqoldan oz kumush ishlatildi. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:1. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning chet el podshohlariga maktub yuborganlari.2. Boshqa din va davlat vakillari ila aloqa qilishda ularning urf-odatlarini e’tiborga olish kerakligi.3. Maktub, yozuv vositasi bilan ham Islomga da’vat qilish zarurligi.4. Xalqaro aloqalarni olib borishda xalqaro qoidalarga amal qilish joizligi.5. Yozilgan hujjatni muhr ila tasdiqlash kerakligi.6. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hujjatlarni tasdiqlash uchun tutgan muhrlari uzukda bo‘lgani.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam kumushdan uzuk tutdilar va unga «Muhammadun Rasululloh» deb naqsh qildilar. Va odamlarga:«Men kumushdan uzuk tutdim va unga «Muhammadun Rasululloh» deb naqsh qildim. Biror kishi uning naqshiga o‘xshash naqsh qilmasin», dedilar».Ikkisini beshovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Chunki boshqalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uzuklaridagi naqshni o‘z uzuklariga naqsh qildirib olsalar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muhrlarining e’tibori qolmas edi. Hozirgi kunimizning tushunchasi bilan aytadigan bo‘lsak, hamma o‘z rahbarining muhriga o‘xshash muhr qildirib olgan bo‘lar edi. Demak, har kishi o‘ziga xos muhrga ega bo‘lishi uchun har kim uzugiga o‘ziga xos, boshqalarnikiga o‘xshamaydigan alohida naqsh qildirishi kerak bo‘ladi.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzuklarning naqshi uch satr: Muhammadun — bir satr, Rasulu — bir satr va Allohi — bir satr edi».Termiziy va Buxoriy rivoyat qilganlar.Sharh: Ushbu rivoyatda kelgan ma’lumotga qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, o‘sha so‘zlar naqsh qilingan uzukning ko‘z qismi dumaloq ham bo‘lgan ekan.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uzuklari kumushdan bo‘lib, uning ko‘zi ham shundoq edi».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘ng qo‘llariga uzuk taqdilar. Uning ko‘zi habashiy edi. U zot uning ko‘zini kaftlariga qaratib olar edilar».Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.Sharh: Bu rivoyatda avvalgi vasfi kelgan uzukdan boshqa uzuk haqida so‘z ketmoqda. Chunki, avvalgi uzukning ko‘zi ham kumushdan edi. Buning ko‘zi esa, habashiy — Habashistonga mansub toshdan ekanligi ta’kidlanmoqda.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uzuklari mana bunda bo‘lar edi», deb chap qo‘lining sinchalog‘iga ishora qildi».Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar.Avval kelgan rivoyatda o‘ng qo‘llariga taqqanlari aytilgan edi. Bu rivoyatda chap qo‘llarining sinchaloqlariga taqqanlari aytilishidan bir undoq, bir mundoq taqqanlari tushuniladi. Ya’ni, uzukni o‘ng qo‘lga taqsa ham, chap qo‘lga taqsa ham bo‘laverar ekan.Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon xaloga kirsalar uzuklarini echib qo‘yar edilar».Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahorat qilgani xaloga kirgan paytlarida qo‘llaridagi uzuklarini echib, o‘zlari bilan birga bo‘lgan sahobalardan birlariga berib qo‘yar edilar. Chunki, avval o‘rganib o‘tganimizdek, uzuk ko‘ziga ulug‘ so‘zlar yozilgan edi. O‘sha so‘zlar hurmatidan uzuk bilan qazoi hojat qiladigan joyga kirib bo‘lmas edi. Ushbu rivoyatga amal qilaroq barcha mo‘min-musulmonlar ham xaloga kiradigan paytlarida uzuk va shunga o‘xshash Allohning ismi jaloli va Qur’oni Karim oyatlari bor narsalarni tashqarida, pok va muhtaram joyda qoldirib, yaxshilab tahorat qilib bo‘lganlaridan keyin qayta olmoqlari lozim.Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam kumushdan uzuk qilib oldilar. U ul zotning qo‘llarida bo‘ldi. So‘ngra Abu Bakrning qo‘lida, Umarning qo‘lida va Usmonning qo‘lida to Aris qudug‘iga tushib ketguncha bo‘ldi».Uchovlari va Nasaiy rivoyat qilgan.Sharh: Ushbu rivoyatdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uzuklari Islom davlati muhri sifatida xizmat qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlari hayot bo‘lganlarida uni qo‘llariga taqib yurib kerakli hujjatlarini u bilan muhrlab turganlar. U zot Rafiqi A’loga rihlat qilganlaridan keyin esa xalifalari Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga o‘tgan. Mazkur muborak uzukni u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan keyin Islom davlatiga boshliq bo‘lganlari uchun qo‘llariga taqib yurganlar. Xuddi shu holat ikkinchi va uchinchi xalifalar Hazrati Umar ibn Xattob bilan Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhumoda ham takrorlangan. Faqat Hazrati Usmon roziyallohu anhu u uzukni Qubo yaqinidagi Aris nomli bog‘dagi quduqqa qo‘llaridan tushirib yuborganlar. Bu hodisadan keyin Hazrati Usmon boshliq sahobalar uch kun davomida uzukni quduqdan topishga uringanlar. Oxiri quduqning hamma suvini tortib chiqarib, quritib ham topa olmaganlar. Ulamo ahlining ta’kidlashlaricha, shu hodisadan keyin ishlar orqaga ketishi, fitnalar boshlangan.

27 Май 2022, 04:23 | Савол-жавоблар | 219 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar