Al adab al mufraddagi hadis

Assalomu alaykum! Odoblar xazinasi 1-kitobidagi 162-hadis bazi tabiblarning karomati borligiga dalil bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu tabibning ilmi va tajribasi deb tushuniladi. عَنْ عَمْرَةَ: أَنَّ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا دَبَّرَتْ أَمَةً لَهَا، فَاشْتَكَتْ عَائِشَةُ، فَسَأَلَ بَنُو أَخِيهَا طَبِيبًا مِنَ الزُّطِّ، فَقَالَ: إِنَّكُمْ تُخْبِرُونِي عَنِ امْرَأَةٍ مَسْحُورَةٍ، سَحَرَتْهَا أَمَةٌ لَهَا، فَأُخْبِرَتْ عَائِشَةُ، قَالَتْ: سَحَرْتِينِي؟ فَقَالَتْ: نَعَمْ. فَقَالَتْ: وَلِمَ؟ لَا تَنْجِينَ أَبَدًا. ثُمَّ قَالَتْ: بِيعُوهَا مِنْ شَرِّ الْعَرَبِ مَلَكَةً.Amradan rivoyat qilinadi:
«Oisha roziyallohu anho cho‘risiga: «Vafot etsam, ozodsan», dedi. So‘ng Oisha bemor bo‘lib qoldi.
Shunda akasining o‘g‘illari asli sudanlik tabibdan so‘rashdi. U:
«Sizlar sehrlangan ayol haqida gapiryapsizlar. Uni cho‘risi sehrlab qo‘ygan», dedi.
Oishaga xabar etganda:
«Sen meni sehrladingmi?!» dedi.
«Ha», dedi.
«Nima uchun, abadiy najot topmagur?! – dedi. Keyin: – Uni eng yomon egalik qiladigan arablarga sotib yuboringlar!» dedi.
Sharh: Oisha onamiz roziyallohu anho o‘z cho‘rilariga vafotlaridan keyin uning ozod bo‘lishini bildirdilar.
Quldorlikka qarshi kurashning yo‘llaridan biri ham shu bo‘lgan. Buning uchun Islom «mudabbar» degan usulni joriy qilgan.
Xojaning o‘z qullariga «Vafot etsam, ozodsan», deb tayinlab qo‘yishi ham qul ozod qilishning bir yo‘li bo‘lib, savobi xojaga tegadi. Aks holda qul meros sifatida xojaning bolalariga o‘tib, qulligicha qoladi.
Islom o‘sha paytdagi odamlarni quldan ham, savobdan ham mahrum qilmaslik uchun mana shu go‘zal odatni yo‘lga qo‘ygan. Bu ham Islomning quldorlikka qarshi olib borgan kurash yo‘llaridan biridir.
Oisha onamiz roziyallohu anho ham cho‘rilariga «Vafot etsam, ozodsan», deb qo‘ygan ekanlar.
Bir kuni Oisha onamiz roziyallohu anho betob bo‘lib qolibdilar. Shunda u kishining jiyanlari, ya’ni akalarining bolalari bir tabibni olib kelib, ko‘rsatishibdi. Tabib: «Bu ayol sehrlanibdi, uni o‘zining cho‘risi sehrlab qo‘yibdi», debdi. Tabibning so‘zlarini Oisha onamizga etkazishibdi. Oisha onamiz cho‘rini chaqirib: «Sen meni sehrladingmi?» deb so‘rabdilar. Cho‘ri: «Ha», debdi. Sababini so‘rasalar, «Siz vafot etsangiz, men ozod bo‘laman», degan javobni olibdilar.
Shunda Oisha onamiz roziyallohu anho: «Uni sotib yuboringlar. Sotganda ham, arablardan qo‘l ostidagilarga yomon muomala qiladigan kishilarga sotinglar», deb aytgan ekanlar.
Oisha onamiz roziyallohu anho cho‘rining qilmishiga yarasha o‘zlari unga yomonlik qilmay, ta’zirini eyishi uchun uni qo‘l ostidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lmaydigan odamlarga sotib yuborishni buyurgan ekanlar. Vallohu a’lam!

15 Июн 2022, 18:00 | Савол-жавоблар | 180 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar