Ayollar namozi haqida

Assalomu alaykum! Ayol kishi agar uyida qaynatasi, o‘g‘illari va eri bilan yashasa, tahajjud namozini uyning ichkarisida emas hovlida o‘qisa bo‘ladimi? Qaynatasi yo‘qligidachi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Uyning ichkari xonalaridan birida o‘qiganingiz afzal.عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صَلَاةُ الْمَرْأَةِ فِي بَيْتِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلَاتِهَا فِي حُجْرَتِهَا، وَصَلَاتُهَا فِي مَخْدَعِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلَاتِهَا فِي بَيْتِهَا. وَفِي رِوَايَةٍ: لَا تَمْنَعُوا نِسَاءَكُمُ الْمَسَاجِدَ، وَبُيُوتُهُنَّ خَيْرٌ لَهُنَّ. رَوَاهُمَا أَبُو دَاوُدَ.Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishining hujrasidagi namozi hovlisidagi namozidan, qaznog‘idagi namozi hujrasidagi namozidan afzaldir», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Ayollaringizni masjidlardan man qilmang, zotan, hujralari ular uchun yaxshiroqdir», deganlar. Ikkisini Abu Dovud rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisda ayol kishi namozni qanchalar satr ila o‘qisa, shunchalar yaxshi bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Hatto, ayol kishi o‘z uyida namoz o‘qiganda to‘siqroq joyda o‘qishga harakat qilishi lozimligi uqtirilmoqda.
Ayol kishi namozni hovlida, ayvonda o‘qiganidan ko‘ra, ichkari uyga kirib o‘qigani afzal ekan. Ichkari uydan ko‘ra, qaznoqqa, ya’ni, turli narsalar qo‘yiladigan omborxonaga o‘xshash joyda namoz o‘qigani afzal ekan.
Chunki namoz o‘qiyotgan vaqtida ba’zi bir kishilar kirib kelib qolishi yoki ko‘ngli buzuq fosiqlar qasddan tomosha qilishi ehtimoli bor.
Ikkinchi rivoyatda agar ayollar izn so‘rasalar ularni masjidga borishdan man qilmaslikka chaqirish bilan birga, ularning masjidga bormaganlari yaxshi ekani uqtirilmoqda.
Ayol kishining masjidga borishi yoki bormasligi haqidagi boshqa hadislar ham xuddi shu ruhdagi hadislardir.
Mazkur hadislarni o‘rgangan odamda bu masalada ikki xil yo‘l tutish mumkinligi haqida xulosa qoladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarning masjidga borishlariga ruxsat berganlar, lekin qattiq shartlar ila. Xotin kishi masjidga borganda begonalarga ko‘rinmasin, hidli narsa ham surmasin.
Lekin bormagani ma’qul. Ayol kishi uyda namoz o‘qiganda ham to‘siqroq, ko‘zdan nariroq joyda o‘qigani yaxshi. Bu choralarning hammasi mo‘mina-muslimalarning obro‘larini, izzatlarini, fosiq va fojirlarga o‘yin bo‘lmasliklarini ta’minlash choralaridir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

4 Июл 2022, 21:18 | Савол-жавоблар | 218 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar