Dilda duo qilib, niyat so‘rash

Assalomu alaykum! Biror bir ish bilan mashg‘ul bo‘lganda, ko‘chada, yoki transportda yurganda, yoki yotgan holatida dilida duo qilib, Allohdan mag‘firat yoki niyat so‘rash mumkinmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo shunga buyurgan. Alloh taolo “Oli Imron” surasi 191-oyatida marhamat qiladi:الَّذِينَ يَذْكُرُونَ اللّهَ قِيَامًا وَقُعُودًا وَعَلَىَ جُنُوبِهِمْ وَيَتَفَكَّرُونَ «Ular Allohni tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollarida zikr qiladilar va osmonlaru erning yaratilishi haqida tafakkur qiladilarki...»Shunday darajada tafakkur qilgan odamning qalbi sof holga keladi va duo qilsa, ijobat bo‘ladigan maqomga etadi.
“A’rof” surasi 55-oyatida:ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ 55. Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo mo‘min bandalariga duo qilish odoblarini o‘rgatmoqda. Duoda tazarru – yolvorish va maxfiylik bo‘lishi zarurligini ta’kidlamoqda.
Xuddi shu ma’no Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgan.
Imom Buxoriy va imom Muslim Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar bayon qilinadi:
«Odamlar baland ovoz bilan duo qilgan edilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar, o‘zingizga shafqat qiling, sizlar kar yoki g‘aybga duo qilayotganingiz yo‘q. Siz duo qilayotgan Zot eng yaxshi eshituvchi va eng yaqin Zotdir», – dedilar».
Alloh taologa ibodatu duolarni tazarru ila va maxfiy qilish, xuddi shu oyati karimada ta’kidlanganidek, salafi solihlarimizning odatlariga aylangan edi.
Imom Abdulloh ibn Muborak Hasan Basriyning quyidagi so‘zlarini keltiradilar: «Agar bir kishi Qur’onni jamlagan bo‘lsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi fiqhdan juda ko‘p narsani bilsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi kechasi uyida uzundan-uzoq namoz o‘qib chiqsa ham, mehmonlariga bildirmas edi. Biz bir odamlarni ko‘rdikki, maxfiy qilish imkoni bo‘lgan ishni hech qachon oshkor qilmas edilar. Musulmonlar duoga ko‘p urinar edilar. Tovushlari hech eshitilmas edi. Ularning duolari Robblariga pichirlashdan iborat bo‘lar edi».
«Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling» degani shu. Alloh taolo qilgan ishidan rozi bo‘lib, maqtagan solih bandasi haqida «Qachonki Robbiga maxfiy duo qildi», degani ham shundan.(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 20:19 | Савол-жавоблар | 155 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar