Jin va shaytonlar haqida

Assalomu alaykum! Ustozlar, jinlar va shaytonlar haqida kengroq ma’lumot bersangizlar. Jinlarni vazifasi nima, insonlarga qanday zarari bor  va ulardan qo‘rqishimiz kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo O‘zining kalomida : وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ۝ 56. Jin va insni faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim. Ushbu qisqagina oyatda ulkan haqiqat o‘z ifodasini topgandir. Odamlar va jinlarning yaratilishidan yagona maqsad Allohga ibodat qilish ekan. Ko‘pgina islomiy tushunchalar qatori, ibodat tushunchasida ham xatolar sodir bo‘lgan. Oqibatda hozirgi kunimizda «ibodat» deganda kishilar ongida namoz, ro‘za, qiroat, zikr kabi narsalargina namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, mazkur amallar ulkan ibodatlardir, bularsiz Islomni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo ushbu tushuncha bilan hozir tafsir qilayotgan oyatimizga murojaat qiladigan bo‘lsak, insonlar va jinlar butun umrlarini namoz o‘qib, zikr qilib o‘tkazmoqlari lozim bo‘lib qoladi. Chunki insu jinni Alloh taolo faqat O‘ziga ibodat qilishlari uchun yaratgandir. «Jin va insni faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim». Namozu ro‘za, zikru tilovatdan boshqa ishga qo‘l urgan shaxs, yuqorida aytib o‘tilgan tushuncha bo‘yicha, Allohning irodasiga qarshi chiqqan osiy bo‘ladi. Holbuki, boshqa oyatlarda Alloh taolo bandalarini er yuzini obod qilishga, oila qurishga va boshqa ishlarga buyurgan. Insonni O‘zining er yuzidagi xalifasi (o‘rinbosari) deb e’lon qilgan. Demak, «ibodat» ma’nosining boshqacha talqini ham bo‘lishi kerak. Keling, ibodatning lug‘aviy va istilohiy ma’nosini o‘rganib chiqaylik-chi, qanday natijaga erishar ekanmiz. «Ibodat» so‘zi arab tilida «bo‘ysunish», «o‘zini past tutish», «itoat etish» va «amrni bajarish» degan ma’nolarni bildiradi. Demak, har bir ishda Allohga bo‘ysunish, itoat qilish, Allohning amrlarini bajarish, huzurida o‘zini past olish Allohga ibodat qilishni anglatar ekan. Ulamolar istilohida esa Allohga yaqinlik hosil qilish uchun qilinadigan har bir ish ibodatdir. Alohida ta’kidlab aytmoq lozimki, namoz, ro‘za, haj, zakot kabi ibodatlar Islomning negizini tashkil etadigan ulkan ibodatlardir. Bularsiz inson musulmon bo‘lishi qiyin. Bu erda xato «ibodat» ma’nosini faqat mazkur amallarga bog‘lab qo‘yishdadir. Shuning uchun odam namoz o‘qiyotganida o‘zini Allohning huzurida his qiladi-yu, kasb bilan shug‘ullanayotganida o‘zini Allohga noma’qul ish qilayotgandek his qiladi. Ibodat ma’nosini to‘g‘ri tushunadigan bo‘lsak, bu hozirgidan keng va komil tushuncha ekani ma’lum bo‘ladi. Har bir ishimizni shariatga mos qilib, Allohning amriga, Nabiy alayhissalomning sunnatlariga muvofiq olib borsak, har bir ishimiz ibodatga aylanadi, savob o‘rniga o‘tadi. Buning uchun ikki asosiy shartga amal qilmoq zarur: 1. Har bir ish Qur’on yoki Sunnatga muvofiq bo‘lmog‘i lozim. 2. Har bir ishni qilish yoki tark etishda Allohning roziligini istash kerak. Shunda har bir ishimiz ibodatga aylanadi. Demak, niyatni yaxshilash lozim. Nabiy alayhissalom o‘zlarining mashhur hadislarida: «Albatta, har bir ish niyatga bog‘liq, har bir kishi nimani niyat qilsa, o‘shanga etadi», – deganlar. Islomda ibodat tushunchasi keng tushuncha ekaniga Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharif ham dalil-hujjat bo‘ladi: «Bir guruh kishilar: – Ey Allohning Rasuli, boylar ajru savobni olib qo‘ydilar, chunki bizga o‘xshab namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi va yana ustiga, ortiqcha molu dunyolaridan sadaqa qiladilar, – deyishdi. Ul zot: – Alloh taolo sizlarga ham sadaqa qiladigan narsalarni berib qo‘ymaganmi? Har bir tasbehingiz sadaqa, har bir takbir ham sadaqa, har bir tahlil ham sadaqa, amri ma’ruf ham sadaqa, nahyi munkar ham sadaqa va har biringizning shahvatingizda ham sadaqa bor, – dedilar. Shunda odamlar: – Birontamiz shahvatimizni qondirsak ham ajr oladimi? – deb so‘radilar. Nabiy alayhissalom: –    Aytinglar-chi, shu ishni haromdan bajarsa, unga gunoh bo‘larmidi? Xuddi shuningdek, haloldan bajarsa, unga ajr bo‘ladi, – dedilar». (“Tafsiri Hilol” kitobidan “Zariyat” surasi). Jin bilan shaytonning asli bir bo‘lib, yo‘ldan adashgan fosiq va kofir jinlarni shayton deyiladi. Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 20:19 | Савол-жавоблар | 185 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar