Jabroil alayhissalom haqlarida

Bismillah. Assalomu alaykum.1) Shayx hazratlari, Jabroil alayhissalom haqlarida to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Jabroil alayhissalom haqlarida ozgina bo‘lsa ham ma’lumotga egamiz, lekin to‘liqroq ma’lumot bilmoqchi edik. Bir qori akani ma’ruzalarida Jabroil alayhissalom haqlarida qisqacha ma’lumot berdilar va bizni yanada qiziqtirib quydilar, shuning uchun sizdan, iloji bo‘lsa, to‘liqroq ma’lumot olsak degandik inshaalloh. 2) Shayx hazratlari qiblagohimiz 5 yarim oydan beri betoblar, shuning uchun ularni haqlariga duo qilsangiz. Alloh dard bergan ekan, shifosini ham O‘zi bersin! Amiyn. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Alloh taolo bilan bandalari o‘rtasida elchilik vazifasini o‘tagan Jabroil alayhissalom vahiy keltirib turgan. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli holatlarda ko‘ringan. Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomni asl xilqatlarida ikki marta ko‘rganlar. Birinchi marta Hiro g‘oridan tushib kelayotib, vodiyda qanotlari bilan osmonni to‘sib turganida ko‘rganlar. Ikkinchi marta Isro kechasida ko‘rganlar. O‘shanda olti yuzta qanoti borligi, har bir qanoti mag‘rib bilan mashriqqa etishi aytilgan. Bundan farishtalar faqat ikki, uch, to‘rt qanotli emas, undan ko‘p qanotli ham bo‘lishlari kelib chiqadi.Jabroil alayhissalom asosan odam shaklida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganlarida Dehyatul Kalbiy ismli sahobiy suvratlarida kelganlar. Ammo boshqa hadislarda birov tanimaydigan odam shaklida kelganlari ham bor. Demak, U zot Dehyatul Kalbiy roziyallohu anhuning shakllaridan boshqa shaklda ham kelgan ekan.Alloh taolo barcha bemor mo‘min bandalariga, jumladan sizning qiblagohingizga shifoi komil bersin! Omiyn!

20 Апрел 2022, 21:09 | Савол-жавоблар | 380 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar