Ramazon oyi va ayoliga yaqinlik qilish

Assalomu alaykum! Ro‘zador odam ayoliga yaqinlik qilishi mumkin emas ekan, qazo va kafforat lozim bo‘lar ekan. Bu yaqinlik qilish deganda kunduzi og‘iz yopilgan payti nazarda tutilyaptimi yoki Ramazon oyining barcha kecha va kunduzi nazarda tutilganmi? Demoqchi bo‘lganim og‘iz ochilgandan keyin yaqinlik qilishga ruxsat bormi? Men dinda unchalik ham bilimli emasman shuning uchun savolim noo‘rin bo‘lib qolgan bo‘lsa uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bu ta’qiq ro‘za tutilgan kunduzi nazarda tutilgan. Ya’ni og‘iz yopilib to ochilgunicha tiyilish buyurilgan. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَى نِسَآئِكُمْ هُنَّ لِبَاسٌ لَّكُمْ وَأَنتُمْ لِبَاسٌ لَّهُنَّ عَلِمَ اللّهُ أَنَّكُمْ كُنتُمْ تَخْتانُونَ أَنفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنكُمْ فَالآنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُواْ مَا كَتَبَ اللّهُ لَكُمْ وَكُلُواْ وَاشْرَبُواْ حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ثُمَّ أَتِمُّواْ الصِّيَامَ إِلَى الَّليْلِ وَلاَ تُبَاشِرُوهُنَّ وَأَنتُمْ عَاكِفُونَ فِي الْمَسَاجِدِ تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَقْرَبُوهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللّهُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ۝ 187. Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul qildi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida sizga oq ip qora ipdan oydinlashguncha eb-ichavering. So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling. Masjidlarda e’tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang. Ushbular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang. Alloh odamlarga O‘z oyatlarini ana shunday bayon etadir. Shoyadki, taqvo qilsalar.
Ro‘za tutish yangi farz qilingan davrda iftordan keyin ro‘za tutgan odam uxlab qolsa-yu, keyin uyg‘onsa, unga emoq, ichmoq va xotiniga yaqinlik qilmoq mumkin bo‘lmay qolar edi. Ansoriylardan Qays ibn Sarma ismli kishi kunduzi ro‘za tutib, xurmo bog‘ida ishlab, charchab, iftor paytida xotinining huzuriga kelib:
– Taoming bormi? – debdi. Xotini:
– Yo‘q, hozir borib, biron narsa topib kelaman, – deb chiqib ketibdi. Kunduzi ishlagani uchun Qays charchab, uxlab qolibdi. Xotini kelib, erining uxlab yotganini ko‘rib, «Sho‘ring qurisin», debdi-yu, uyg‘otmabdi. Ertasiga kunning yarmida Qays roziyallohu anhu hushidan ketib yiqilibdi. Bu hodisa Nabiy alayhissalomga etibdi. So‘ngra Alloh taolo:
«Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi» deb boshlanuvchi oyatini nozil qildi. Shu bilan ro‘za kechasida, ya’ni kun botgandan keyin, to tong otguncha muddat orasida taom eyish va ayoliga yaqinlik qilish halol qilindi. Shu bilan birga, Alloh Islomda erkak kishi bilan uning xotinining aloqasi faqat jins masalasi emas, balki undan ancha katta masala ekanini anglatish uchun
«Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz», – dedi.
Odatda libos badanni to‘sish, uni issiq-sovuqdan, chang-g‘uborlardan saqlash hamda ziynat uchun ishlatiladi. Shuningdek, Islomda eru xotin bir-birlarining ayblarini to‘sadilar, bir-birlarini yomonlikdan saqlaydilar va bir-birlarini ziynatlaydilar.
Keyin esa bandalarining ko‘nglida nima kechayotganini ham bilib turishining xabarini beradi:
«Alloh o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul qildi va sizlarni afv etdi».
Ushbu jumlada zikr etilgan «xiyonat» ro‘za kechasida ko‘ngildan o‘tgan ayolga yaqinlik qilish haqidagi istakdan iborat. Ayrim rivoyatlarda kelishicha, ba’zilar bu ishni qilgan ekanlar. Nima bo‘lsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qilib, gunohlarini afv etdi. Shu bilan birga, ko‘ngillaridan o‘tgan istakka yo‘l ochdi, ruxsat berdi:
«Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling».
Ya’ni «Endi ruxsat bo‘ldi. Siz xotinlaringizga yaqinlik qilib, Alloh yozgan narsani farzandni talab qiling».
Alloh taolo ro‘za kechasida ayollarga yaqinlik qilishga ruxsat berish bilan birga, eb-ichishga ham ruxsat berdi:
«Tong paytida sizga oq ip qora ipdan oydinlashguncha eb-ichavering».
Imom Buxoriy Adiy ibn Xotimdan rivoyat qiladilarki, u kishi:
«Tong paytida sizga oq ip qora ipdan oydinlashguncha eb-ichavering» degan oyat nozil bo‘lganda, bitta oq, bitta qora ipni oldim-da, yostig‘imning ostiga qo‘ydim. Ularga qarab-qarab turib, oqi qorasidan ayon bo‘lganda, og‘zimni berkitdim. Tong otib, kunduzi bo‘lganda, Rasulullohning huzurlariga borib, qilgan ishimni aytib berdim. U kishi:
«Unday bo‘lsa, yostig‘ing keng ekan-da, u gap kunduzning oqi bilan kechaning qorasi haqida edi», – dedilar».
Bu payt fajri sodiq deyiladi va yorug‘likning ufqda tarqalishini bildiradi.
Kelasi jumlada xotiniga yaqinlik istisno qilingan holat zikr etiladi:
«Masjidlarda e’tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang».
«E’tikof» so‘zi «bir narsani lozim tutish» ma’nosini bildiradi. Shariatda esa Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida masjidda ibodatni lozim tutishga aytiladi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. E’tikof o‘tirgan odam iloji boricha masjiddan chiqmay, ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bunda banda Alloh uchun hamma narsadan ajrab chiqadi. Shuning uchun ayollarga yaqinlik qilishdan ham o‘zini tiyadi.
«Ushbular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang».
Ushbu zikr qilingan narsalarning barchasi Alloh taologa bog‘liq narsalar, uning chegaralaridir. Alloh ularga yaqinlashmaslikka buyurmoqda, chunki chegaraga qancha yaqinlashilsa, chegarani buzish ehtimoli shuncha ko‘payadi.
«Alloh odamlarga O‘z oyatlarini ana shunday bayon etadir. Shoyadki, taqvo qilsalar».
E’tibor beradigan bo‘lsak, ro‘za haqidagi oyatlar majmuasining birinchisida ham taqvoga urg‘u berilgan edi. Endi mana shu oxirgi oyatda ham taqvoga urg‘u berilmoqda. Ha, ro‘zaning son-sanoqsiz foydalari ichida uning ro‘zadorda taqvo hissini mustahkamlashi birinchi o‘rinda turadi.
Endi ro‘za haqidagi oyatlar tamom bo‘lib, Alloh taolo mo‘minlarga moliyaviy aloqalarni ham halol, pok ravishda olib borish zarurligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar beradi. Taqvo nafaqat Alloh taolo bilan banda orasidagi muomalalarda, balki banda bilan banda orasidaga muomalalarda ham bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 184 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar