Duxon surasi

Assalomu alaykum! Duxon surasini kechasi uxlashdan oldin o‘qib yotgan odam haqidagi ma’lumotlarni bersangizlar. Javobingiz uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ حم الدُّخَانَ فِي لَيْلَةٍ أَصْبَحَ يَسْتَغْفِرُ لَهُ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Haa miym» – «Duxon»ni kechasi qiroat qilsa, tong otguncha unga etmish ming farishta istig‘for aytib chiqadi», dedilar». Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharifda «Duxon»ni kechasi qiroat qilsa» degan jumlada qanday kecha ekani aytilmagan. Bu qaysi kecha ekanini kelgusi hadisi sharifdan bilib olamiz. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ حم الدُّخَانَ فِي لَيْلَةِ الْجُمُعَةِ غُفِرَ لَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Haa miym» – «Duxon»ni Jum’a kechasi qiroat qilsa, u mag‘firat qilinadi», dedilar». Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Ana endi aniq aytildi. «Duxon»ni Jum’a kechasi qiroat qilgan odam mag‘firat qilinar ekan. Ulamolarimiz o‘sha mag‘firat qilinadigan gunohlar sag‘ira – kichik gunohlar ekanini alohida ta’kidlaganlar. وَلِلطَّبَرَانِيِّ: مَنْ قَرأَ حم الدُّخَانَ فِي لَيْلَةِ جُمُعَةٍ أَوْ يَوْمِ جُمُعَةٍ بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ Tobaroniyning rivoyatida: «Kim «Haa miym» – «Duxon»ni Jum’a kechasi yoki Jum’a kuni qiroat qilsa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi», deganlar». Sharh: «Duxon» surasi faqat ertaga Jum’a, degan kechasi emas, Jum’a kuni kunduzi o‘qilsa ham bo‘ladi. Uni o‘sha vaqtda qiroat qilgan bandaga Alloh taolo jannatda bir uy bino qilar ekan. Imkonini topgan kishilar ushbu hadisi shariflarga amal qilib yursalar, albatta, katta savobga ega bo‘ladilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:20 | Савол-жавоблар | 182 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar