Namozxonlar xaqida

Assalomu alaykum! Jahannamda uchta vodiy bor :
1. G‘oy vodiysi: Unga namozni qazo qilishga odatlanib, hammasini kechqurun bir qilib o‘quvchilar tushadi.
2. Vayl vodiysi: Unga namozlarni kechiktiruvchilar tushadi.
3. Saqor vodiysi: Unga namozni tark qiluvchilar tushadi.
2-hadisda “nomozlarni kechiktiruvchilar” deyilgan? Bunda qanday namozxonlar nazarda tutilmokda?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Maryam” surasida marhamat qiladi : فَخَلَفَ مِن بَعْدِهِمْ خَلْفٌ أَضَاعُوا الصَّلَاةَ وَاتَّبَعُوا الشَّهَوَاتِ فَسَوْفَ يَلْقَوْنَ غَيًّا ۝ 59. Bas, ularning ortidan bir o‘rinbosarlar qoldiki, ular namozni zoe qilib, shahvatlarga ergashdilar. Bas, tezda yomonlikka yo‘liqurlar.
Rohmanning oyati tilovat qilinganda, yig‘lab, sajdaga otiladigan hassos zotlar ortidan ularning o‘rinlariga nobakor, fosiq va betavfiq o‘rinbosarlar keldi. Bu betavfiq kimsalar namozni zoe qildilar. Namozni zoe qilish, uni o‘qimaslik eng katta musibat ekanini ushbu oyati karimadan bilib olsa ham bo‘ladi. Namozni tark etgan odam har qanday yomonlikdan, gunohdan tap tortmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun mazkur nobakor o‘rinbosarlarning namozni zoe qilganlari zikr etilgandan keyin shahvatlarga ergashganlari bayon etilmoqda. Ya’ni ular havoyi nafslari nimani istasa, shuni qiladigan bo‘lib qoladilar. Jumladan, aroqxo‘rlik, zinokorlik, ayshu ishrat, o‘yin-kulgi kabi shahvatlar shular jumlasidandir. Endi ular namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yuraveradilar.
«Bas, tezda yomonlikka yo‘liqurlar».
Namozni zoe qilgach, shahvatga ergashadi. Shahvatga ergashgan zalolatga yuz buradi. Zalolatga ketganga esa halokat etadi. Lekin, baribir Alloh taolo mehribon, ularga yana bir bor imkon berib, tavba eshigini ochdi: إِلَّا مَن تَابَ وَآمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُوْلَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا۝ 60. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, amali solih qilsa, bas, ana o‘shalar jannatga kirurlar va hech zulm qilinmaslar.
Namozni zoe qilib, shahvatlariga ergashib yurganlardan kim tavba qilsa, noshoyista amalidan afsus-nadomat chekib, tamomila to‘g‘ri yo‘lga qaytsa, so‘ngra iymon keltirib, mo‘min bo‘lsa va yaxshi amallarni ado etsa, yomonlikka uchramaydi. Balki
«...ana o‘shalar jannatga kirurlar...»
Noil bo‘lgan iymonlari va ado etgan yaxshi amallari evaziga jannatga doxil bo‘lurlar.Va “Maa’uun” surasida ham : فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ ۝ الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ ۝4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki…
5. Ular namozlarini unutuvchilardir.
Ya’ni namozning ma’nolarini, hikmatlarini, insonning vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qo‘zg‘ashini unutganlarning holiga voy! Joyi jahannam!
Alloh taolo «Ankabut» surasining 45-oyatida: «…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur», – degan. Kim namoz o‘qisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan bo‘ladi.
Ushbu oyatlarning ma’nosi haqida mufassirlarimiz bir qancha ta’villar aytganlar.
Abul Oliya: «Bular namozni o‘z vaqtida o‘qimaydiganlar, ruku’ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», – degan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shunday namozxonki, u o‘zi o‘qigan namozidan savob umid qilmaydi va uni o‘qimasa, iqobidan qo‘rqmaydi», – deganlar.
Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralganda, «Ular namozni o‘z vaqtidan orqaga suradiganlar», – deganlar.
Mufassirlarimiz ushbu jumladagi kelishik qo‘shimchalariga ham alohida e’tibor berganlar. Oyatda «An solatihim saahuun» – «namozlarini unutuvchilar», deyilmoqda, «fii solatihim» – «namozlarida» deyilmayapti. Shundan oyatda munofiqlar haqida so‘z ketayotgani kelib chiqadi. Chunki mo‘min kishi ham namoz ichida ba’zi narsalarni unutishi mumkin. Lekin unutish bilan unutishning farqi bor. Munofiqning namozni unutishi o‘qimaslik, unga e’tiborsizlik qilishi ila bo‘ladi. Mo‘min esa namozning ichida biror narsani unutib, xatoga yo‘l qo‘ysa, sahv sajdasi qilib, darhol to‘g‘rilaydi.
Va yana “Muddasir” surasida ham :
42. «Sizlarni olovga nima kiritdi?» (deb).
Gunohkorlar arz-dod qilishga mushtoq bo‘lib turganlari uchun batafsil javob bera boshlaydilar: قَالُوا لَمْ نَكُ مِنَ الْمُصَلِّينَ۝43. Ular: «Namoz o‘qiydiganlardan bo‘lmagan edik.
Bu oyati karimada do‘zaxiylarning o‘zlari do‘zaxga tushishlariga sabab bo‘lgan asosiy narsani zikr qilmoqdalar. Aslida, bosh sabab iymonsizlik, lekin Ular:
«Namoz o‘qiydiganlardan bo‘lmagan edik», – deyishmoqda. Demak, namoz bilan iymon ajralmas narsalar ekan. Bu oyatda musulmon kishining hayotida namozning ahamiyati naqadar ulkan ekani yana bir bor ta’kidlanmoqda. وَلَمْ نَكُ نُطْعِمُ الْمِسْكِينَ۝ 44. Va miskinlarga taom bermagan edik.
Bu sifat ham iymonsizlikning alomatlaridandir. Miskinlarga taom berish iymondan bo‘lib, o‘z sohibini Allohning azobidan saqlaydi. Tabiiyki, taomga kiyim-kechak va uy-joy ham qo‘shiladi. Miskinlarga taom bermaslik insonlarni barcha razilliklarga ham boradigan qilib qo‘yadi. Shu bilan birga, miskinlarni jamiyatga, qorni to‘qlarga qarshi ham qilib qo‘yadi.
Shuning uchun ham miskinlarning farovon turmush kechirishlariga hissa qo‘shmagan odam do‘zaxiylikka sazovor, gunohkor hisoblanadi. وَكُنَّا نَخُوضُ مَعَ الْخَائِضِينَ۝45. Va botilga sho‘ng‘uvchilar bilan birga sho‘ng‘ir edik.
Ya’ni aqiyda, din, e’tiqod va boshqa shunga o‘xshash narsalarda botil so‘zlarni ko‘p gapirar edik, yolg‘onni ko‘z yummay, so‘zlar edik. وَكُنَّا نُكَذِّبُ بِيَوْمِ الدِّينِ ۝ حَتَّى أَتَانَا الْيَقِينُ ۝ 46. Va qiyomat kunini yolg‘onga chiqarar edik…
47. toki bizga o‘lim kelgunicha», – derlar.
Insonlarning ana shunday toifalarining dunyoga kelishi barcha balolarning boshidir. Chunki qiyomat kuniga ishonmaydigan kishi oldida hamma mezon buziladi. Zero, uning fikriy o‘lchovi buzuqdir. U insonlarga ulug‘ ne’mat qilib berilgan hayotni «besh kunlik umr» deb chegaralaydi. Barcha narsani ushbu tor doirada o‘lchaydigan bo‘lib qoladi. Shu sababli bunday toifadagi insonlar ko‘paygan jamiyatda hamma narsa rasvo bo‘ladi.
Gunohkorlar o‘zlarining do‘zaxga kirishlariga sabab bo‘lgan mazkur ishlarni o‘lgunlaricha qilaverganlarini o‘zlari e’tirof qilmoqdalar. To o‘lim kelgunicha qilganini qilib yurgan bo‘lsa, o‘lim kelib, haqiqat yuzaga chiqsa, ul gunohkorlarning holi nima bo‘ladi? فَمَا تَنفَعُهُمْ شَفَاعَةُ الشَّافِعِينَ ۝ 48. Bas, ularga shafoatchilarning shafoati manfaat bermaydir.
("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

21 Апрел 2022, 07:10 | Савол-жавоблар | 180 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar