Noumid shayton

Assalomu alaykum! Bir tanishim «noumid shayton» degan gapni aytdi. Bu gapning rostligiga dalil bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Tahoviy rahmatullohi alayh “Allohning azobidan omonda bo‘lish, ya’ni “men har qanday amal qilsam ham Allohning azobiga duchor bo‘lmayman” degan xayolda bo‘lish, shuningdek inson gunohlarni qilib, tirik bo‘laturib Allohning mag‘firatidan noumid bo‘lish kishining Islom millatidan chiqishiga sabab bo‘ladi. Haq ikkisining o‘rtasidadir” deganlar. Alloh taolo "Zumar" surasida marhamat qiladi :قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ۝53. (Mening nomimdan) ayt: «Ey o‘z jonlariga isrof qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir». Imom Buxoriy Sa’iyd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?» – deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilgan ekan. Tafsirchi ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bu oyati karima Qur’ondagi eng umidvorlik oyati hisoblanadi. Bu oyatda bandalar uchun eng ulug‘ bashorat bor. Avvalo, Alloh taolo: «Ey o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim», – deb, bandalariga O‘z nisbatini bermoqda. Aslida, «isrof» deb mol-dunyoni ortiqcha sarflashga aytiladi. Shuningdek, bu so‘z ma’naviy jihatdan haddan oshishga nisbatan ham ishlatiladi. Binobarin, gunoh qilgan odam isrofchi bo‘ladi, chunki u Alloh belgilab qo‘ygan haddan (chegaradan) chiqqan hisoblanadi. Gunoh tufayli haddidan oshgan odam o‘ziga zarar, jabr qiladi. Alloh taolo ushbu oyatda bandalarining gunoh sababli isrofga yo‘l qo‘yib, o‘zlariga jabr etishlarini aytmoqda. «…Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!» Uning rahmati juda kengdir. «Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar». Alloh taolo «Niso» surasida shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat etishini ta’kidlagan. Chunki, «Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir». Tavba qilgan bandalarning gunohlarini kechiradi. Mufassirlarimiz, avval aytib o‘tilganidek, ushbu oyati karimani Allohning Kitobidagi eng umidli oyat, deb ta’kidlaydilar va, shu bilan birga, bu umid gunohga tashviq etuvchi umid emasligini ham qattiq uqtiradilar. Ya’ni «Alloh barcha gunohlarni kechiradi» degan umid bilan bila turib, gunohlarda davom etishning farqi bor. Bu oyatda Allohning qonun-qoidalarini bilmasdan avval gunoh qilib yurganlar mag‘firatdan umid uzmasliklari kerakligi aytilyapti. “Rum” surasida :وَإِذَا أَذَقْنَا النَّاسَ رَحْمَةً فَرِحُوا بِهَا وَإِن تُصِبْهُمْ سَيِّئَةٌ بِمَا قَدَّمَتْ أَيْدِيهِمْ إِذَا هُمْ يَقْنَطُونَ۝36. Va qachon odamlarga rahmatni tottirsak, undan shod bo‘lurlar. Agar ularga o‘z qo‘llari taqdim qilgan narsa tufayli yomonlik etsa, darhol umidsizlikka tushurlar. Bu ham subutsiz insonlarning holatlaridan bir ko‘rinishdir. Alloh taologa iymon vositasida mustahkam bog‘lanmagan odamlarda bunday holatning bo‘lishi turgan gap. «Va qachon odamlarga rahmatni tottirsak, undan shod bo‘lurlar». O‘zlariga Alloh tomonidan bir yaxshilik etsa, o‘ta quvonib, hovliqib ketadilar. Burunlari osmonga ko‘tarilib, bosar-tusarlarini bilmay qoladilar. Bunday yaxshi holat o‘zlari uchun sinov ekanini o‘ylamaydilar. Shukr aytadimi yoki noshukrlik qiladimi – shuni sinash uchun berilgan bo‘lishi mumkinligini xayollariga ham keltirmaydilar. Balki manmanlikka, riyokorlikka va maqtanishga o‘tadilar. Xuddi shu odamlarning o‘zi: «Agar ularga o‘z qo‘llari taqdim qilgan narsa tufayli yomonlik etsa, darhol umidsizlikka tushurlar». Ular, avvalo, o‘zlariga etgan yomonlik «o‘z qo‘llari taqdim qilgan narsa», ya’ni gunoh tufayli kelganini anglab etmaydilar. Uni o‘zlariga nisbatan o‘ta adolatsizlik sifatida qabul qilib, ortiqcha mahzun bo‘lib, dod-voy soladilar. Bu musibat o‘zlariga bir nasihat, tanbeh yoki gunohlariga kafforot bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Shuningdek, bu ham sinov bo‘lishi mumkinligi ularning xayollariga ham kelmaydi. Butunlay umidsizlikka tushmasdan, sabr qilib, chin ixlos bilan Allohga yolvorsalar, mushkullari kushod bo‘lishi mumkinligini eslamaydilar. Bunday odamlarning kaltafahmligi, uzoqni ko‘ra olmasligi sobit aqiyda sohibi emasliklarini bildiradi. Bo‘lmasa: أَوَلَمْ يَرَوْا أَنَّ اللَّهَ يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَن يَشَاء وَيَقْدِرُ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ۝37. Ular Alloh O‘zi xohlagan kimsaga rizqni keng yoki tor qilishini bilmaslarmi? Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat(belgi)lar bordir. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:28 | Савол-жавоблар | 176 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar