Ayol kishini namozdagi kiyimi

Assalomu alaykum! Ayol kishi namoz o‘qiyotganida quloq, ba’zida bo‘yni ochiq bo‘ladi, shu mumkinmi? Ro‘molini orqaga bog‘lab o‘qisa bo‘ladimi? Javob uchun rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hur ayolning jamiki badani avratdir. Yuz, ikki qo‘l va oyoq bundan mustasno.
Bu hukmning dalillari:
Alloh taolo "Nur" surasida:
«Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar», degan (31-oyat).
«Zohir bo‘lgan ziynatlar» deganda namozda yuz, ikki qadam va ikki kaft anglanadi. Namozdan tashqarida ikki qadam ham avratdir.
«Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar».
Ya’ni boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘kslari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Asmo binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girib oldilar va:
«Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men:
«Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas», deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».
Demak, namozda mazkur avrat joylarni to‘sib o‘qish farzdir. Ba’zi a’zolar ochilib qolsa nima bo‘ladi va shunga o‘xshash savollarga keyingi jumlalarda javob keladi.
Bir a’zoning to‘rtdan birining ochilishi namozni man qiladi.
Agar unutib ochilgan bo‘lsa va ochilishi bir ruknning ado etilishicha vaqt davom etsa va a’zoning choragidan ozi ochilsa, namoz botil bo‘lmaydi. Agar namozxon mazkur miqdorni qasddan ochsa, namozi darhol buziladi.
Boldirning o‘zi bir a’zodir.
Uning to‘rtdan biri ochilib qolsa va zikr qilingan muddatgacha yopilmasa, namoz botil bo‘ladi.
Son, zakarning yolg‘iz o‘zi va ikki turmuq ham. Osilib tushgan soch ham.
Bularda ham oldingi zikr qilingan hukm sobit bo‘ladi.
«Avratni to‘sish» deganda shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.
2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi.
Kiyim tanqis bo‘lganda avval g‘aliz avratni, keyin boshqalarini to‘sish kerak bo‘ladi. Agar faqat bitta avratni to‘sishga etadigan narsa bo‘lsa, u bilan orqani to‘sib, oldini qo‘li bilan to‘sadi.
Boshqasi bo‘lmaganda harom kiyim ila, misol uchun, erkak kishi ipak kiyimda namoz o‘qisa, tahrimiy karohat ila namoz bo‘ladi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

21 Апрел 2022, 07:28 | Савол-жавоблар | 165 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar