Sajda oyatlari

Assalomu alaykum! Men endi Qur’on yodlashni o‘rganmoqdaman. Qur’onda sajda oyatlari bor ekan, shu oyatlar qaysi suralarda kelganini aytib bersangizlar. Yodlash vaqtida sajda oyati kelib qolganda qanday yo‘l tutaman. Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo sizning zehningizni ziyoda qilib, Qur’on hofizi sharafi ila rizqlantirsin.
U(tilovat sajda) quyidagi o‘n to‘rt oyatdan birini tilovat qilgan kishiga yoki eshitgan kishiga vojib bo‘ladi.
1. A’rof surasining oxiridagi 206-oyat.
2. Ra’d surasidagi 15-oyat.
3. Nahl surasidagi 49-oyat.
4. «Banu Isroil» (Isro) surasidagi 109-oyat.
5. Maryam surasidagi 58-oyat.
6. Haj surasidagi birinchi sajda oyati, ya’ni 18-oyat (bu suradagi ikkinchi sajda oyati, ya’ni 77-oyat hanafiy mazhabiga ko‘ra vojib emas).
7. Furqon surasidagi 60-oyat.
8. Naml surasidagi 26-oyat.
9. Sajda surasidagi 15-oyat.
10. Sod surasidagi 24-oyat.
11. Fussilat surasidagi 37-oyat.
12. Najm surasidagi 62-oyat.
13. Inshiqoq surasidagi 21-oyat.
14. Alaq surasidagi 19-oyat.
Agar bir majlisda yoki namozda sajda oyatini bir necha bor takror qilsa, bir sajda kifoya qiladi.
Sajda oyatini tilovat qiluvchi uni masjidda, kichik uyning ichida, yurib borayotgan ulov yoki kemaning ustida yoki namozdan oldin qilgan qiroatni o‘sha erda namozda takror qilsa, bir sajda kifoya qiladi. Chunki bu holatlarning barchasida makon bitta hisoblanadi va tilovatlar bir-biriga kirishib ketadi.
Bunda takrorni qilib bo‘lib sajda qilsa ham, sajdani qilib olib, keyin takror qilsa ham, baribir. Tilovat qiluvchi yodlash uchun, ta’lim uchun, e’tibor yoki fahmlash uchun takror qiladi. Bularning har birida sajda qiladigan bo‘lsa, qiyinchilik tug‘iladi va o‘shandan qochib, takrorni tark qilish xavfi tug‘iladi. Alloh taolo esa dinda qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. U Zot O‘z Kitobida: «Va sizga bu dinda hech qanday tanglik qilmadi», degan (Haj surasi, 78-oyat). Yana boshqa bir oyatda: «Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va qiyinlikni iroda qilmaydi», degan (Baqara surasi, 185-oyat).
Tinglovchida o‘zining majlisi e’tiborga olinadi.
Sajda oyatini tinglovchiga tilovat sajdasining vojib bo‘lishi uning majlisi e’tiboridan bo‘ladi.
Tilovat qiluvchi bir necha joyda tilovat qilgan bo‘lsa ham, tinglovchi bir joyda eshitgan bo‘lsa, bir marta tilovat sajdasi qiladi.
Agar tilovat qiluvchi bir joyda o‘tirib tilovat qilsa va tinglovchi joyini almashtirib turgan bo‘lsa, almashgani adadicha sajda qiladi.
Kiyim to‘qishdagi yurish va bir shoxdan boshqa shoxga o‘tish joyni o‘zgartirishdir.
«Kiyim to‘qishdagi yurish» deganda avvalgi vaqtdagi qo‘l bilan o‘rmak o‘rnatib mato to‘qish, ya’ni ma’lum masofaga qoziq qoqilib, yigirilgan ipni o‘sha qoziqlar orasidagi masofaga borib-kelib to‘qish anglanadi. Demak, o‘rmakning bir tarafida turganda sajda oyatini o‘qisa yoki eshitsa, bir tilovat sajdasi, narigi tarafga borganda eshitsa, yana bir tilovat sajdasi vojib bo‘lgan.
Shuningdek, daraxt ustidagi odam shoxdan shoxga o‘tsa ham joyi o‘zgargan hisoblanadi. Unga ham necha marta shoxdan shoxga o‘tsa, shuncha tilovat sajdasi vojib bo‘ladi.
Sahroda va yo‘lda uch qadam yurilsa, bir majlisdan ikkinchi majlisga o‘tgan bo‘ladi va tilovat sajdasi qilish vojib bo‘ladi.
Agar bir nechta sajda oyatini tilovat qilsa, bir majlisda bo‘lsa ham, o‘sha oyatlarning adadicha sajda qiladi.
Sajda oyatining o‘zini tark qilish makruhdir.
Namozdami yoki namozdan tashqaridami, tilovat qilayotganda sajda oyatining o‘zini qoldirib, undan keyingi oyatga o‘tib ketish makruhdir. Bunda sajdadan, Alloh taoloning toatidan yuz o‘girish sodir bo‘lgan bo‘ladi.
Aksi makruh emas.
Sajda oyatining yolg‘iz o‘zini tilovat qilish makruh emas. Bunda sajdaga qiziqish bor.
Unga boshqasini qo‘shish mandubdir.
Bir oyatni boshqa oyatdan afzal ko‘rishga o‘xshab qolmasligi uchun sajda oyatiga bir-ikki oyatni qo‘shib tilovat qilish yaxshi bo‘ladi.
Sajda oyatini qiroat qilib turib, oxiridagi sajda ma’nosidagi so‘zni tilovat qilmasa, sajda qilmaydi. Agar sajda ma’nosidagi so‘zning o‘zini tilovat qilsa ham, sajda qilmaydi.
Uni tinglovchidan maxfiy qilish yaxshidir.
Chunki u tilovat sajdasiga tayyor bo‘lmasa, qiynalib qoladi. Misol uchun, tahorati bo‘lmasligi mumkin.
Qiroati maxfiy bo‘lgan namozda imomning sajda oyatini tilovat qilishi makruh. Bunda muqtadiylarga shubha tushadi. Nima uchun sajda qilganlarini bilmay qoladilar.
Juma va iyd namozlarida sajda oyatini tilovat qilish ham makruh.
Agar imom minbarda sajda oyatini tilovat qilsa, minbarda turib yoki undan tushib tilovat sajdasini qiladi. Tinglovchilar ham tilovat sajdasini qiladilar.
Tilovat sajdasini avval o‘rindan turib, keyin qilgan afzal. Sajda oyatini tilovat qilgan odam sajdadan bosh ko‘tarmagunicha, tinglovchi boshini ko‘tarmaydi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 346 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar