Rajab oyida ro‘za tutish haqida

Shayx hazratlari. Men Rajab oyida ro‘za tutmoqlikni niyat qilib yurgandim, saharlik va iftorlikda niyat qanaqa bo‘ladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
RAJAB oyi RO‘ZASI  Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu dedi: «Sa’iyd ibn Jubayrdan Rajab oyida turganimizda Rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: «Ibn Abbosning «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik», deyayotganini eshitganman», dedi».  To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Usmon ibn Hakim Sa’iyd ibn Jubayrdan Rajab oyi ro‘zasi haqida so‘rasa ham, u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari haqida javob berganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam gohida surunkasiga ro‘za tutar edilar, hatto kishilar u kishi og‘izlarini ochmasa kerak, deb o‘ylab qolishardi. Gohida esa og‘izlari surunkali ochiq holda yurganlaridan kishilar endi ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylab qolishar edi. Rajab oyida ham shunday bo‘lar edi. Mujiyba al-Bohiliyya roziyallohu anhodan, u kishi o‘z otalari yoki amakilaridan rivoyat qilinadi:  «Albatta, u (otasi yoki amakisi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. So‘ngra esa bir yildan keyin holati va ko‘rinishi o‘zgargan holda yana keldi va: «Ey Allohning Rasuli, meni tanimayapsizmi? » dedi. «Sen kimsan? » dedilar. «O‘tgan yili oldingizga kelgan al-Bohiliyman», dedi. «Seni nima o‘zgartirdi? Ko‘rinishing chiroyli edi? » dedilar. «Sizdan ajraganimdan so‘ng faqat kechasigina taom edim», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nima uchun o‘zingni azobga solding? – dedilar-da, so‘ngra: – Sabr (Ramazon) oyi ro‘zasini tut va har oydan bir kun tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling, mening quvvatim bor», dedi. «Ikki kun ro‘za tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling», dedi. «Uch kun ro‘za tut», dedilar. «Bir oz ziyoda qiling», dedi. «Harom (oy)larning ba’zisida ro‘za tut, so‘ngra (ba’zisini) tark qil, harom (oy)larning ba’zisida ro‘za tut, so‘ngra (ba’zisini) tark qil, harom (oy)larning ba’zisida ro‘za tut, so‘ngra (ba’zisini) tark qil», deb uchta barmoqlarini bukib, ochib ko‘rsatdilar».  Abu Dovud, Ahmad va Nasaiylar rivoyat qilganlar. Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar: 1. Yil bo‘yi ro‘za tutish shariatga to‘g‘ri kelmasligi, o‘zini o‘zi azoblash ekanligi. 2. Nafl ro‘za tutmoqchi bo‘lgan odam Ramazondan boshqa oylarda bir, ikki yoki uch kundan tutsa bo‘lishi. 3. Agar mazkur miqdorni ham oz deb bilsa, harom oylarda uch kun-uch kundan tutsa, yaxshi bo‘lishi. Ushbu hadisning bu faslda keltirilishining sababi Rajab oyi ham harom oylardan bo‘lganligidandir. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Albatta Allohning huzurida oylarning soni Allohning kitobida osmonlar va erni yaratgan kunidagi o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to‘g‘ri diyndir. Bas, ularda o‘zingizga zulm qilmang», («Tavba» surasi, 36-oyat) degan. «Harom oylar» – hurmatli, ulug‘langan oylar, urush-janjal, dushmanlik qilish harom qilingan oylar, deganidir. Ana o‘sha hurmatli to‘rt oy – Muharram, Zulqa’da, Zulhijja va Rajab oylaridir. Demak, Rajab oyida nafl ro‘za tutish savobli ish hisoblanadi. Mashhur sahih kitoblardan boshqa hadis kitoblarida keltirilgan rivoyatlarda Rajab oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan. Ilojini topgan kishilar bu oyda nafl ro‘za tutsalar, yaxshi bo‘lishi aniq.

20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 3 122 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar