Yolg‘on bilan insonlarni jalb qilish

Assalomu alaykum! Hozirgi kunda telegrammda ko‘plab savdo sotiq gruppalari bor. Va ular o‘z gruppalariga insonlarni jalb qilish uchun aqlga sig‘maydigan narxlarda skidkalar deb reklama berishadi. Shu reklama orqali gruppaga kirsangiz u arzon narxlardan asar xam yo‘q. Yoki tugadi deb yozib qo‘yishadi. Bir kun tanishimda xam shunday reklama ko‘rganimda bu marketingni bir yo‘li dedi. Asli bu narxda sotilmaydi dedi. O‘shandan beri shunday reklama ko‘rsam lichkalariga kirib noto‘g‘ri ekanini, agarda bor bo‘lib tugagan bo‘lsa reklamani olib tashlang deb yozib yuboraman. Albatta meni gapimdan xammani g‘azabi qo‘zg‘ab xasadkorlikda ayblashadi. Noxaqlikka chidolmayman. Man ularga yozib xato qilyapmanmi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Agar holat xuddi siz aytgandek bo‘lsa siz to‘g‘ri ish qilyapsiz. Savdoda yolg‘on gapirish joiz emas. وَمَرَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِرَجُلٍ يَبِيعُ طَعَامًا فَسَأَلَهُ كَيْفَ تَبِيعُ؟ فَأَخْبَرَهُ، فَأُوحِيَ إِلَيْهِ أَنْ أَدْخِلْ يَدَكَ فِيهِ فَأَدْخَلَ يَدَهُ فَإِذَا هُوَ مَبْلُولٌ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ غَشَّ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُمَا: فَقَالَ: مَا هَذَا يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ؟ قَالَ: أَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: أَفَلَا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَيْ يَرَاهُ النَّاسُ، ثُمَّ قَالَ: مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي «Nabiy sollallohu alayhi vasallam taom sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: «Qanday sotyapsan?» deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zotga «Qo‘lingni u(taom)ning ichiga tiq», deb vahiy qilindi. U zot qo‘llarini tiqsalar, ho‘l ekan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim aldasa, bizdan emasdir», dedilar».

Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Muslim va Termiziyning lafzida:
«U zot:
«Ey taom egasi! Bu nima?!» dedilar.
«Yomg‘ir tekkan edi, ey Allohning Rasuli», dedi.
«Odamlar ko‘rishlari uchun buni taomning ustiga qilsang bo‘lmasmidi! Kim aldasa, mendan emas!» dedilar»
, deyilgan.
Sharh: Savdodagi aldamchilik qilish savdogarni musulmonlik doirasidan chiqarishi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Mendan emas» deganlari «Mening dinimda emas», deganlaridir.
Endi bugungi katta-kichik savdogarlarning qilayotgan ishlariga bir nazar solaylik.
Savdoning qaysi turi bo‘lsa, hammasida xaridorni yaxshilab aldash uslubi ishlab chiqilgan. Nima qilib bo‘lsa ham xaridorni aldab, molni o‘tkazib olishdan boshqa tashvish yo‘q.
Yaxshi, sifatli molni ko‘rgazmaga qo‘yib, yomonini tortib yoki o‘lchab berish – eng oson uslub.
Avvalgilarga o‘xshab, yomg‘ir tegib qolgandi, de¬yish yo‘q. Ziroat mahsulotini bozorga uzib yoki terib olishdan oldin, albatta, tomiridan to‘yib ichib olganicha suv qo‘yiladi. Mahsulot tarozi bosadigan bo‘lgandan keyin bozorga olib chiqiladi. Albatta, uni egan odamni dard bosadi.
Bozorda sherigining shirin anorini so‘yib, ko‘rgazmaga qo‘yib, o‘zining achchiq anorini pullaydiganlar ham yo‘q emas.
Qo‘yingki, inson bolasining aqliga sig‘maydigan narsalar, hiyla-nayranglar bozorda uchraydi. Ushbu narsalarni kasb qilib olgan aldamchilarning o‘zini musulmonman, deb atashga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidanman, deyishga haqlari bormikan?!
Alloh taolodan qo‘rqish kerak. Aldamchilikni tashlash kerak. Aldamchilik bilan topilgan mol-dunyo harom bo‘ladi. Egasiga yuqmaydi. Boshiga bitgan balo bo‘ladi. Qiyomatda ham sharmanda qiladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:35 | Савол-жавоблар | 161 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar