ona

ona uz farzandine nohaq jahel ustida oq qileshi mumkunme? olloh taolo uz kitopida farzantilane oq qililar deb aytkanme umuman shariyatda farzantne oq qileshlik mumkunme?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ota-onaga oq bo‘lish Abdurrohman ibn Abu Bakradan, u otasi roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta:«Sizlarga gunohlarning kattasi xabarini beraymi?» dedilar. «Ha, ey Allohning Rasuli!» deyishdi. «Allohga shirk keltirish. Ota-onaga oq bo‘lish», dedilar va yonboshlab turgan edilar, tik turib, o‘tirib:«Ogoh bo‘linglar, yolg‘on gap!» dedilar. Ana shu gapni qayta-qayta takrorladilar, qo‘rqib ketganimdan «sukut saqlasaydilar» dedim». Mana bu hadisda Alloh taoloning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohga shirk keltirishdek buyuk, dunyodagi eng katta gunohdan keyingi ikkinchi o‘rinda ota-onaga oq bo‘lishni aytyaptilar. Demak, Allohga shirk keltirishdan odam qanchalik qo‘rqsa, ota-onaga oq bo‘lishdan ham shunchalik qo‘rqishi kerak ekan va yolg‘on gap, to‘qima bo‘htonlardan ham shunchalik darajada ehtiyot bo‘lishi lozim ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hadisda eng katta gunohlar haqida xabar bermoqdalar. Ana shu uchta katta gunohning biri ota-onaga oq bo‘lish ekan. Mug‘iyra ibn Sho‘’baning kotibi Varroddan rivoyat qilinadi:«Muoviya Mug‘iyra ibn Shu’baga xat yozib, menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlaring haqida bir maktub yozib yubor», dedi.«Bas, u menga imlo qildi. Men qo‘lim bilan yozdim:«Men u zotning ko‘p savoldan, molni zoe qilishdan va qiylu qoldan qaytarganlarini eshitdim», dedi». Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu xalifa bo‘lib turgan vaqtlarida mashhur sahobiy Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhuga xat yozgan ekanlar. Xatlarining ma’nosi: «Sen menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlaring haqida bir maktub yozib yubor»dan iborat ekan. Shunda roviy Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu o‘z kotiblari Varrodni chaqirib men imlo qilib aytaman, sen yozgin, degan ekanlar. Varrod «men o‘z qo‘lim bilan yozganman» deb ta’kidlab qo‘ymoqda. Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu o‘z xatlarida «Men u zot sollallohu alayhi vasallamdan, ko‘p savol berishdan, molni zoe qilishdan, qiylu-qoldan, ya’ni behuda gap-so‘zdan qaytarganlarini eshitganman», degan xabarni bergan ekanlar. Mana shu erdagi behuda gap-so‘z ota-onaga oq bo‘lishga sabab bo‘lganidan bu bobda shu hadis keltirilgan. Ya’ni ota-onaga gap qaytarish, ota-onaning huzurida bo‘lmag‘ur gaplarni gapirish oqibatida bola nazardan qolishi, oq bo‘lishi ehtimoli bor. Ko‘p savol berish deganda haqni bilish, ta’lim olish uchun, bilmagan narsasini bilish uchun beriladigan savol emas, balki fitna qo‘zg‘ash uchun, ixtilof chiqarish uchun, noto‘g‘ri g‘arazlar uchun qitmirlik qilib, bo‘lar-bo‘lmas bema’ni savollar beraverishdan qaytarganlari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, voqelikda yo‘q narsalarni so‘rashdan ham qaytarganlar. O‘zi yo‘q, xayoldan, to‘qib so‘rashaveradi.Rasululloh o‘zi yo‘q narsa haqida so‘ralsa, keyin voqe’ bo‘lib qolishidan ogoh qilganlar. Bu ma’noda Qur’oni Karimda oyat ham bor. Lekin bilmagan narsasini so‘rab-o‘rganish zarurat, kerak narsa. Bu hadisi sharifda man qilinayotgan narsalardan yana biri – molni zoe’ qilish. Keraksiz joylarga, behuda ishlarga va harom-harishga mol sarflash mumkin emasligi turgan gap. Lekin halol bo‘lsa ham hoyu-havasga, riyokorlikka, xo‘jako‘rsinga, odamlar orasida shuhrat topishga mol sarflash ham molni zoe’ qilish bo‘ladi. Balki har qanday molni isrofdan saqlash kerak. Bir bandaning qo‘lidagi mol faqat o‘ziniki emas, balki uning oila a’zolari, o‘sha odam yashab turgan jamiyatning ham haqqi bo‘ladi.Ushbu hadisi sharifda man qilinayotgan narsalardan biri, «qiylu qol», ya’ni odamlar orasida ularning gaplarini «dedi, dedi» shaklida behuda gapirib yurish. Ya’ni, o‘zi anig‘ini bilmaydigan, befoyda, g‘iybatdan iborat va to‘g‘ri bo‘lmagan gaplarni naql qilib yurish. Ammo gap aniq, ishonchli kishidan sodir bo‘lgan va foydali bo‘lsa, uni gapirish joiz. Ota-ona oq qildim, deyishi shart emas, farzand ularga nisbatan beodoblik qilish bilan o‘z-o‘zidan oq bo‘lib qolaveradi. Ammo ota-ona shariatga xilof ish qilishsa va farzand qarshi chiqsa oq bo‘lmaydi.

3 May 2022, 21:27 | Savol-javoblar | 150 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar