Saxobalar haqida

Men doimo namozdan sung tilovat kilib savobini Saxobalarning ruxlariga bagishlardim. Bir ukimishli dugonam, bunday kilmang, saxobalar ichida Paygambarimizning nabiralarini katl kilganlari ham bor deb aytdi. Endi duoda saxobalarni eslamaymi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
 Dugonangiz to‘g‘ri aytmabdi. Sahobalar haqida aqiyda quyidagicha bo‘lishi kerak.   RASULULLOH SALLOLLOHU ALAYHI VASALLAMNING SAHOBALARI MUHABBATI   97. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalariga muhabbat qilamiz. Ularning birortalarining muhabbatida haddan oshmaymiz. Ularning birortasidan tonmaymiz. Kim ularni yomon ko‘rsa, yaxshilikdan boshqa narsa bilan zikr qilsa, o‘shani yomon ko‘ramiz. Ularni faqat yaxshilik bilan zikr qilamiz. Ularga muhabbat qilish din, iymon va ehsondir. Ularni yomon ko‘rish kufr, nifoq va tug‘yondir. Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalariga muhabbat qilamiz, lekin ularning muhabbatida haddan oshib, ular ma’sumligi yoki ilohligini e’tiqod qilmaymiz – Alloh O‘zi saqlasin. Shiy’a mazhabidagilar ko‘pchilik sahobalarga va Nosiba mazhabidagilar ba’zilariga qilganidek, biz ularning birortalaridan tonmaymiz. Sahobalarni yomon ko‘rgan, ularni yaxshi emas narsa bilan zikr qilganlarni yomon ko‘ramiz va adovat ko‘rsatamiz. Sahobalarni faqat yaxshilik, odob va ulug‘lash bilangina zikr qilamiz. Ularni yaxshi ko‘rish - din, iymon va ehsondir. Kim ularga muhabbat qilmasa, uning dini ham, iymoni ham, ehsoni ham yo‘qdir. Ularni yomon ko‘rish kufr, nifoq va tug‘yondir. Bu bilan muallif Rofiza va Nosiba mazhablariga raddiya qilmoqda. Dalil: Alloh taolo va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam umumiy va tafsiliy ravishda sahobalarga madh va maqtov aytganlar. Umumiy madh va maqtovga misollar:   «Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga bo‘lganlar esa, kofirlarga qarshi shiddatli, o‘zaro rahimdildirlar. Ularni ruku’ va sajda hollarida ko‘rursan! » (Fath: 29).   «Allohga bergan ahdlariga sodiq odamlar. Bas, ulardan o‘lim topganlari ham bor, ulardan intizor bo‘lib turganlari ham bor. Ular biror o‘zgarish qilmadilar». (Ahzob: 23). Tafsiliy madh va maqtovga misollar.   «Muhojir va ansoriylardan, avvalgi va o‘zuvchi bo‘lganlaridan va ularga yaxshilik bilan ergashganlardan Alloh rozi bo‘ldi. Ular ham Undan rozi bo‘ldilar». (Tavba: 100).   «Batahqiq, Alloh mo‘minlardan ular senga daraxt ostida bay’at qilayotganlarida rozi bo‘ldi». (Fath: 18).   «Albatta, iymon keltirganlar, hijrat qilganlar, mollari va jonlari bilan Allohning yo‘lida jihod qilganlar va joy berib, nusrat berganlar , ana o‘shalar, bir-birlariga do‘stdirlar». (Anfol: 72).   «Sizlardan fathdan oldin infoq qilib, jang qilganlarga birov barobar bo‘la olmas. Ularning darajasi keyin infoq qilib, jang qilganlardan ulug‘dir. Barchaga Alloh go‘zal (oqibat)ni va’da qilgandir. Alloh qilayotgan amalingizdan o‘ta xabardordir». (Hadid: 10).   «Faqir muhojirlar, ular o‘z diyorlaridan va mol mulklaridan judo qilingan edilar. Allohdan fazl va rahmat umid qilardilar. Allohga va Uning Rasuliga yordam berdilar. O‘shandoq kishilar sodiqdirlar. U(muhojir)lardan avval bu joyda yashagan va iymonga ixlos qilgan. O‘zlari tomon hijrat qilib kelgan kimsalarni sevadiganlar. . . » «Va ulardan keyin kelib: «Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgan, qalbimizda iymon keltirganlarga (nisbatan) hiqd qo‘ymagin. Ey Robbimiz, albatta, sen, shafqatli va mehribonsan», deydiganlar». (Hashr, 8-10). Ushbu oyatlar Muhojir va Ansoriy sahobalarga va ularga yaxshilik bilan ergashganlarga madhu sanoni o‘z ichiga olgandir. Sunnatdan dalillar: 1. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:   «Mening sahobalarimdan birortasini so‘kmanglar. Agar sizlardan birortangiz Uhud tog‘idek tilloni infoq qilsa ham ularning bir muddiga ham, nasiyfiga ham etmaydi», deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar). 2. Ibn Botta qilgan rivoyatda Abduloh ibn Abbos roziyallohu anhu:   «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini so‘kmanglar. Ularning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan bir soatlik maqomi, sizning qirq yillik amalingizdan yaxshidir», deganlar. Muallifning «Ulardan birortasidan tonmaymiz-voz kechmaymiz» Rofizalar kabi» degani haqida. Rofizalar-shiy’alar. Ularning e’tiqodi bo‘yicha, hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolardan tonmaguncha ahli baytga sadoqatlari sobit bo‘lmaydi. Ahli sunnat va jamoa esa hamma sahobalarga sadoqat izhor qiladilar.  

21 Aprel 2022, 09:49 | Savol-javoblar | 186 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar