Insonni insonga sajda qilishi haqida hadis bormi

Assalomu alaykum! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Insonni insonga sajda qilishi mumkin bo‘lganda, xotinni eriga sajda qilishiga buyurgan bo‘lar edim" degan hadislari bormi? Agar u bor bo‘lsa to‘laligicha qanday aytilgan? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shunday hadis bor. عَنْ قَيْسِ بْنِ سَعْدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَتَيْتُ الْحِيرَةَ فَرَأَيْتُهُمْ يَسْجُدُونَ لِمَرْزُبَانٍ لَهُمْ، فَقُلْتُ: رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَحَقُّ بِذَلِكَ، فَأَتَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقُلْتُ لَهُ ذَلِكَ، فَقَالَ: أَرَأَيْتَ لَوْ مَرَرْتَ بِقَبْرٍ أَكُنْتَ تَسْجُدُ لَهُ؟ قُلْتُ: لَا، قَالَ: فَلَا تَفْعَلُوا، لَوْ كُنْتُ آمِرًا أَحَدًا أَنْ يَسْجُدَ لِأَحَدٍ لَأَمَرْتُ النِّسَاءَ أَنْ يَسْجُدْنَ لِأَزْوَاجِهِنَّ لِمَا جَعَلَ اللهُ لَهُمْ عَلَيْهِنَّ مِنَ الْحَقِّ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ والْحَاكِمُ التِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُ: لَوْ كُنْتُ آمِرًا أَحَدًا أَنْ يَسْجُدَ لِأَحَدٍ لَأَمَرْتُ الْمَرْأَةَ أَنْ تَسْجُدَ لِزَوْجِهَا  Qays ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Hiyroga borib, ularning Marzubonlariga sajda qilayotganlarini ko‘rdim. (O‘zimcha) bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqliroqlar, dedim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, buni u zotga aytdim. Shunda u zot:
«Ayt-chi, bir qabrning oldidan o‘tsang, unga sajda qilarmiding?» dedilar.
«Yo‘q», dedim.
«Unday qilmanglar! Agar birovni birovga sajda qilishga amr qiluvchi bo‘lsam, Alloh ularga 
(erlarga) ular (xotinlar) ustidan bergan haqning sababidan ayollarni erlariga sajda qilishlariga amr qilgan bo‘lar edim», dedilar».
Abu Dovud, Hokim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Termiziyning lafzida:
«Agar birovni birovga sajda qilishga amr qiluvchi bo‘lsam, xotinni eriga sajda qilishiga amr qilgan bo‘lur edim», deyilgan.
Er – oilaning rahbari. Agar ayol erning itoatida bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi.
Ayolning eriga itoatsizligi esa, oilaning buzilishiga, boshqa ko‘plab noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Ushbu haqiqatni har bir musulmon oilaning har bir a’zosi yaxshilab tushunib olmog‘i zarur. Shu bilan birga, Alloh taologa gunoh bo‘ladigan ishlarda erga ham, undan boshqaga ham itoat qilish yo‘qligi umumiy qoida ekanini ham doimo yodda tutish kerak. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Ta’zim qilishda haddan oshmaslik Sajda yolg‘iz koinot Xoliqining haqqidir, Undan o‘zga yulduzu, insonu, quyoshu va unga o‘xshashlarning birortasiga sajda qilish haromdir. Sajda xoh ibodat niyatida bo‘lsin xoh ta’zim va ikrom niyatida bo‘lsin ummatning ijmo’si ila haromdir. Ibodat niyatida o‘zgaga sajda qilish bilan ta’zim va ikrom uchun sajda qilish orasidagi farq shuki, Alloh ta’olodan o‘zgaga sajda qilsa kofir bo‘ladi.Ta’zim va ikrom niyatida sajda  qiluvchi kofir bo‘lmasada, harom ishga qo‘l urib fosiqqa hukm qilinadi. Ibodat niyatida Alloh ta’olodan o‘zgaga sajda qilish biror bir ummat va biror bir shariatda halol emasdir. Chunki bunday qilish shirk hisoblanib, barcha anbiyo va rasullar undan qaytarganlar. Ta’zim va ikrom sajdasi esa avvalgi anbiyo va rasullar shariatida joiz bo‘lib, Odam alayhissalom dunyoga kelishlaridan oldin Alloh taolo farishtalarni u zotga sajda qilishga buyurgan. Yusuf alayhissalomning ota va akalari ham unga sajda qilganlari Qur’oni Karimda zikr qilingan. Bu sajda bizdan oldingi shariatda bo‘lib, Islomda uni mansuh(bekor) qilinganligiga ummatning barchasi ittifoq qilganlar. “Alloh taolodan o‘zgaga sajda qilish mutlaq harom” deb hukm chiqarganlar. وَمِنْ آيَاتِهِ اللَّيْلُ وَالنَّهَارُ وَالشَّمْسُ وَالْقَمَرُ لَا تَسْجُدُوا لِلشَّمْسِ وَلَا لِلْقَمَرِ وَاسْجُدُوا لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَهُنَّ إِن كُنتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَKechayu kunduz, quyoshu oy Uning oyat(belgi)laridandir. Bas, quyoshga ham, oyga ham sajda qilmang. Ularni yaratgan Allohga sajda qiling. Agar Ungagina ibodat qilmoqchi bo‘lsangiz. (Fussilat surasi, 37-oyat).Islom shariati qo‘l berib ko‘rishishga ruxsat bergan. Alloh taoloning ibodatini qilayotgan holatdagi ko‘rinishlardan ruku’, sajda, qiyomda qo‘l bog‘lab turish kabi harakatlarni Alloh taolodan o‘zgalar oldida qilishdan qaytargan. فصل [حكم الانحناء عند التحية] وأما الانحناء: عند التحية فينهى عنه؛ كما في الترمذي «عن النبي صلى الله عليه وسلم، أنهم سألوه: عن الرجل يلقى أخاه [أ] ينحني له؟ قال: لا (2)»( مجلة البحوث الإسلامية)Salom berish vaqtidagi egilishning hukmi to‘g‘risida kelgan faslda: “Salom berayotgan vaqtda egilib salom berishdan qaytarilgan. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?” deb so‘radilar. Shunda u zot “Yo‘q” dedilar (“Majallatul buhusil islamiya”).Yuqorida aytilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, insonning insonga ikrom niyatida qilgan ta’zimi insonning Allohga qiladigan ibodat ta’zimi suratida bo‘lmasligi kerak. Hozirgi kunimizda ham o‘zbeklarning urf-odatlariga qo‘shilib ketgan ba’zi bir urflar bor. Masalan, “kelin salom”dagi kelinning boshqalarga ta’zim qilishi ham xuddi namozda Alloh taologa ruku’ qiladigan darajada egilishga o‘xshaydi. Kelinning boshqalarga ta’zim shaklidagi salomi xalqimizning chiroyli va o‘ziga xos odatlaridan bo‘lsada, ta’zimda ruku’ darajasigacha egilmaslikka e’tibor qaratsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam!Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh  “Ahkamul Qur’an”Tarjimon: Abdulmannon Qosimiy

3 May 2022, 23:30 | Savol-javoblar | 169 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar