Davolanishga yordam berish haqida

Assalomu alaykum! Ustozlar, hozirda hammaga ma’lum narsa-kasalliklar va kasal kishilar juda ham ko‘payib ketdi. Ayrim kasalliklardan davolanish uzoq muddat va ko‘p harajatlarni talab etmoqda. Shunday holatlarda guvoh bo‘linayotgan holat shuki, bemor kishining davolanishiga yordam berishdan bemorning yaqin-atrofidagi mo‘’min-musulmonlar o‘zlarini olib qochishmoqda, hattoki yordam berishga qurbi etadigan jigar aka-ukalar ham qodir bo‘la turib yordamlashishmayabti. Natijada ko‘plab tuzalib ketishi mumkin yosh-yosh bemorlar vafot etib ketishmoqda. Shunday holatlarda bemorga davolanish uchun yordam berish birinchi navbatda kimlar uchun farz yoki vojib? Asri soadat davrida sahobalar hayotida bu masalalar qanday hal bo‘lgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hozirda ko‘pchilik katta eyish katta katta uylar qurish katta katta mashinalar olish bilan band. Bu qaysidir ma’noda joiz, ammo yon atrofimizda muhtojlar bo‘laturib, ularni hojatini chiqarmasdan qilinsa nojoiz bo‘ladi. Berilgan mol-dunyo oxiratda ziyonimizga ekanligining alomati bo‘ladi. Eng yomoni iymondagi taraqqiyotga to‘siq bo‘ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُسَاوِرٍ قَالَ: سَمِعْتُ ابْنَ عَبَّاسٍ يُعَاتِبُ رَجُلًا فِي الْبُخْلِ يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَيْسَ الْمُؤْمِنُ الَّذِي يَبِيتُ شَبْعَانَ وَجَارُهُ إِلَى جَنْبِهِ جَائِعٌ Abdulloh ibn Musovirdan rivoyat qilinadi:
«Abdulloh ibn Abbosning bir kishini baxillikda ayblab shunday deganini eshitdim:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘zi to‘q yotib, yonidagi qo‘shnisi och qolgan kimsa mo‘min emas», dedilar». 
عَنِ ابْنِ عُمَرَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَمْ مِنْ جَارٍ يَتَعَلَّقُ بِجَارِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَقُولُ: يَا رَبِّ أَغْلَقَ عَنِّي بَابَهُ وَمَنَعَنِي فَضْلَهُ Ibn Umardan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qiyomat kuni qanchadan-qancha qo‘shnilar o‘z qo‘shnilariga osilib: «Yo Robbim! 
(U mening) yuzimga eshigini yopgan va fazlidan meni to‘sgan», deydi», dedilar».
Sharh: 
Shuning uchun mo‘min-musulmonlar qo‘shnilariga qo‘pol muomala qilmasliklari, qo‘shnisi muhtoj bo‘lib turganda undan yuz o‘girmasliklari, beradigan narsalari bo‘lsa, bermay qo‘ymasliklari kerak ekan.
O‘zi sog‘ bo‘laturib bemor qo‘shnisiga yordam bermaslik ham yuqoridagi hadisga tushadi. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 07:52 | Savol-javoblar | 161 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar