Bir martta aytish farzmi?

Assalomu alaykum! Men ko‘p kuzatdim musulmon odamlar juda dindan uzoqlashib ketgan. Namoz o‘qimaydi ro‘za tumaydi gunox ishlarni ko‘p qiladi so‘kinadi xatto xar gapida so‘kinib gapirganlaniyam ko‘rdim men bu ishni qilish gunox deb bir marta aytish farz deb eshitdim shu to‘g‘rimi? Men o‘zim bilgancha gunoxdan qaytaraman lekin qaytmayda shunday xollarda juda juda siqilaman, hatto bu hayotda yashagim kelmay qoladi. Biz shunday darajaga etdikmi deb juda ko‘p o‘ylayman. Men bu gunox deb, bilganimcha bilimimi ulashmasam gunoxkor bo‘lmaymanmi? Alloh taloga javob bermaymanmi? Baribir aytsam qilishmaydiku siqilmaslik uchun o‘zim namozimi o‘qib boshqalarga o‘rgatmasdan aytmasdan yursam javob uchun odindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Shuaro” surasida marhamat qiladi:  لَعَلَّكَ بَاخِعٌ نَّفْسَكَ أَلَّا يَكُونُوا مُؤْمِنِينَ۝ 3. Ehtimol, mo‘min bo‘lmaganlari uchun o‘zingni halok qilmoqchidirsan?!
Ya’ni «Ey Muhammad, ehtimol, anavi kofirlar mo‘min bo‘lmaganlari uchun ularga achinib, kuyunib, o‘zingni qiynamoqchi, halok qilmoqchidirsan?!»
Albatta, bunda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tasalli bor. Avvalo, Alloh taolo u kishiga kofirlarning iymonga kelmaganlari uchun ich-ichlaridan afsus-nadomat chekib, o‘zlarini qiynayotganlarini bilib turganidan xabar bermoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun esa Robblarining bu holatdan xabar berishidan ko‘ra kattaroq tasalli yo‘q. Ayni paytda, bu xabar Muhammad sollallohu alayhi vasallam mushriklarning muomalalaridan qanchalik qiyin ahvolga tushayotganlarini ham bildiradi. Chunki o‘zini halok etish fikri Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdek zotga o‘zidan-o‘zi kelavermaydi.  إِن نَّشَأْ نُنَزِّلْ عَلَيْهِم مِّن السَّمَاء آيَةً فَظَلَّتْ أَعْنَاقُهُمْ لَهَا خَاضِعِينَ۝ 4. Agar xohlasak, ularga osmondan oyat (mo‘’jiza) nozil qilamiz. Bas, bo‘yinlari unga egiluvchi bo‘lib qoladir.
Agar yuborgan Payg‘ambarimizga, nozil qilgan Kitobimizga mushriklar iymon keltirmasalar, bo‘yin egmasalar, ularni qabul etmasalar,
«...xohlasak, ularga osmondan oyat (mo‘’jiza) nozil qilamiz».
Moddiy, hech inkor qilib bo‘lmaydigan bir mo‘’jiza tushiramizki,
«Bas, bo‘yinlari unga egiluvchi bo‘lib qoladir».
Bo‘yinlari bardavom egilishidan boshqa iloj qolmaydi. Lekin Alloh taolo bunday qilmadi. Odamlarni majburlab, bo‘yinlarini egishni xohlamadi. So‘nggi, olamshumul dinning majburlash dini bo‘lishini hech istamadi. Asosiy mo‘’jiza sifatida moddiy, majburiy mo‘’jizani ixtiyor etmadi. Islomning asosiy mo‘’jizasi o‘laroq, ma’naviy mo‘’jizani – Qur’oni Karimni ixtiyor qildi. Odamlar biror moddiy narsadan qo‘rqqanlaridan emas, o‘qib-o‘rganib, ilm hosil qilganlaridan, ma’naviy-ruhiy ozuqa topganlaridan Islomga kirishlarini iroda etdi. Oqibatda Qur’oni Karim qiyomatgacha bitmas-tuganmas ilohiy mo‘’jiza bo‘lib qoldi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 11:19 | Savol-javoblar | 155 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar