Axli sunnalar xaqida umumiy gaplar
Assalomu alaykum! Ustoz shu erda axli sunnallar deb yozilgani joyi va umimiy shu erdagi yozilgan malumotlar va shu muallif odam tugri etikod bn yozganmi Kalom masalasidagi aytilgan gaplar o‘ntaga etadi. Ularning hammasini zikr qilib gapni cho‘zib o‘tirmaymiz. Faqat ahli sunna va jamoatning aqiydasini zikr qilish ila kifoyalanamiz. Ular sunnat va hadis ulamolaridir. O‘sha gaplarning to‘qqizinchisi: «Alloh taolo qachon xohlasa, qandoq xohlasa gapiruvchidir. U zot eshitiladigan ovoz bilan gapiradir. Agar muayyan ovoz qadimiy bo‘lmasa ham, kalomning turi qadimiydir. Ahli sunna va jamoadan rivoyat qilingani shudir». Xulosa qilib aytganda, to‘rt mazhab ahllaridan bo‘lmish ahli sunnalar va ulardan boshqa o‘tganu qolganlar hammasi Alloh taoloning kalomi maxluq emasligiga ittifoqdirlar. Qur’on U zotning gapirgan kalomidir. U o‘z zoti ila qoim bo‘lgandir. Imom at-Tahoviy rahmatullohi alayhning: «U zot subhanahu va taoloning xohlagan vaqtida, xohlagan shaklida gapiruvchiligi bardavomdir va U zotning kalomining turi qadimiydir», degan gaplari shunga dalolat qiladi. Shuningdek, imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning «al-Fiqhul Akbar»dagi: «Qur’on mushaflarda yozilgandir, qalblarda yod olingandir, tillarda o‘qilgandir, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingandir, bizning Qur’onni talaffuz qilishimiz maxluqdir. Qur’onning o‘zi maxluq emasdir», degan gaplari ham shunga dalolat qiladi. Muallifning: «va uni haqiqatda Allohning kalomi, deb qattiq ishondilar. U odamlarning kalomiga o‘xshab maxluq emasdir», degan gaplari mo‘’taziliy mazhabidagilarga raddiyadir. Chunki ular Allohning kalomi odamlarning kalomiga o‘xshab maxluqdir, deb da’vo qiladilar». Mo‘’taziliy mazhabi Qur’oni Karimning maxluq yoki maxluq emasligi masalasida musulmonlar jumhuri e’tiqodiga mos bo‘lmagan e’tiqodga bordilar va uni shior qilib ko‘tardilar. Mo‘’taziliylar Alloh taoloning kalomi sobitligi, bu ma’noning anbiyolardan mutavotir yo‘l ila naql qilinganida va Alloh taoloning gapiruvchi ekanligi kabi masalalarda musulmonlar jumhuri bilan bir fikrdalar. So‘ngra mo‘’taziliylar Alloh taologa nisbat berilgan kalom U zot O‘zidan boshqada, misol uchun lavhul mahfuz yoki Jabroil farishtada xalq qilgan ovoz va harflardan iboratdir. U esa yangi paydo bo‘lgan bo‘lib, qadim emasdir, deydilar. Ularning fikricha, Alloh taoloning kalom sifati yo‘qdir. Ahli Sunna va Jamoa mazhabi bo‘yicha esa, mo‘’taziliylar aytgan gaplardan tashqari aytilmasa ham nafsda mavjud kalom bo‘ladi. Ana o‘sha nafsdagi mavjud sifatdir. U ilm va irodadan boshqa alohida narsadir. Bu sifat Alloh taoloning zotidagi qadimiy sifatdir. Ana o‘shani Allohning kalom sifati deyiladi. Mo‘’taziliylar Alloh taologa kalom degan qadimiy sifat nisbatini bermaydilar. Ularning fikricha, ahli sunna va jamoa, kalom, deb aytayotgan narsa agar xabardan iborat bo‘lsa, ilm sifatiga, amr yoki nahiydan iborat bo‘lsa, iroda sifatiga oid narsadir. Ularning fikricha, nafsdagi kalom degan narsa yo‘q. Lafzdagi kalom esa maxluqdir. Qur’oni Karim ham lafzda aytilgan bo‘lgani uchun maxluqdir. Ahli sunna va jamoa ulamolari mo‘’taziliylarning bu gapini qattiq rad qildilar. Chunki bu gap Qur’oni Karimni oddiy gaplar darajasiga tushirib qo‘yar edi. Ikki tomon orasidagi bu tortishuv oxir-oqibat islom olamidagi katta fitnaga aylandi. Tarixdagi eng afsuslanarli hodisalardan biriga aylangan bu fitnaning asosiy sababchilari mo‘’taziliylar edi. Mo‘’taziliy mazhabi tarafdorlari hukumatga yaqin bo‘lib olib, ko‘p buzg‘unchiliklar qildilar. Ularning o‘sha davrdagi boshliqlaridan biri Ibn Abu Dovud xalifa Ma’munga odamlarni majbur qilib «Qur’on maxluq» deb ayttirishga urindi. Uning maslahati bilan xalifa Ma’mun voliylarga ahli sunna val jamoa ulamolarini haqoratlab xat yozdi. Ularni hukumat qarorgohlariga olib kelib «Qur’on maxluq» degan gapni ayttirishni, uni bajarmaganlarni esa jazolashni tashkil qildi. Musulmonlar ulkan fitnaga uchradilar. Islom aqiydasi buzilishi xavfi tug‘ildi. Bag‘dodda Imom Ahmad ibn Hanbal boshchiligida ulamolar bunga qattiq qarshilik ko‘rsata boshladilar. Ular ilmiy munozaralarda mo‘’taziliylarni sharmanda qilishar edilar. Buni sezgan xalifa Ma’mun Bag‘dodning ettita atoqli olimini o‘z huzuriga yuborishni amr qildi. Ularni majbur qilib, e’tiroflarini oldi va hammaga e’lon qildi. Shu bilan Imom Ahmadning qanotini kesmoqchi va shavkatini sindirmoqchi bo‘ldi. Lekin Imom Ahmad bu fitnaga qarshi salobatli tog‘dek mahkam turdilar. U kishi o‘z ilmlari bilan xalq orasida fitnachilarni hujjat va dalillar bilan sharmanda qilib, dovdiratib qo‘ydilar. Shunda Ma’mun o‘zi turgan Turmus shahriga Imom Ahmad ibn Hanbal va u kishining sheriklari Muhammad ibn Nuhni yuborishni amr qildi. Olimlarning qo‘llarini kishanlab, behurmat qilib olib ketishdi. Ammo ular yo‘ldalik paytida xalifa Ma’mun vafot etdi. Olimlarni kishanlangan hollarida Bag‘dodga qaytarishdi. Yo‘lda Ibn Nuh vafot etdilar. Imom Ahmad u kishini o‘zlari yuvib, janoza o‘qib, ko‘mdilar. Imom Ahmadni esa yangi xalifa tayin bo‘lguncha qamab qo‘yishdi. Yangi xalifa ham eskisining yo‘lini tutdi. Akasi Ma’munning vasiyatiga amal qilgan xalifa Mo‘’tasim ham fitna yo‘lini davom ettirdi. Imom Ahmadni ikki yildan ortiq, aniqrog‘i yigirma sakkiz oy qamoqda ushlab qiynashdi, ammo irodasini buka olmadilar. Imom Ahmadning e’tiroflari ko‘pchilikning huzurida bo‘lishini xohlashar edi. Shuning uchun odamlarni to‘plab, xalifa Mo‘’tasim o‘zi chiqar va Imom Ahmadni so‘roqqa tutur edi. Gap bilan enga olmasliklariga ko‘zlari etgandan so‘ng kaltaklashga o‘tdilar. Har safar gap-so‘z foyda bermagandan so‘ng Imomni hushidan ketib qolguncha darra bilan urishar, keyin esa ko‘tarib, qamoqqa olib ketishar, bu hol ertasiga yana yangidan boshlanar edi. Bir kuni kaltak zarbidan hushidan ketayozgan Imomning qulog‘iga fitnaboshi Ibn Abu Dovud: «Ey, Ahmad, qulog‘imga, Qur’on maxluq, deb qo‘ygin, seni xalifaning qo‘lidan qutqarib olaman», dedi. Shunda Imom Ahmad boshlarini zo‘rg‘a ko‘tarib: «Ey, Ibn Dovud, qulog‘imga Qur’on Allohning kalomi, maxluq emas, deb qo‘ygin, seni Allohning azobidan qutqarib olaman», dedilar. Bu voqea xalifaning tavba qilishi, fitnaboshi Ibn Abu Dovud va uning sherigi Bashrul Musraysiyning boshi olinishi va Imom Ahmadning e’zozlanishi bilan tugadi. Shunday qilib bu buyuk Imom musulmonlarning katta fitnadan qutulib qolishlariga sababchi bo‘ldilar. Hozirda mo‘’taziliylarning o‘zlari ham, gaplari ham o‘tmishdan bir ko‘ngilsiz xotiraga aylanib qolgan. Ammo ularning mazkur fitnasi haqida gapirmasdan iloj yo‘q. Alloh taoloning musulmonlarni bu kabi fitnalardan O‘zi asrasin! Alloh taoloning ma’nolar sifatlari deb atalgan sifatlari bilan batafsilroq tanishib chiqdik. Alloh taolo ushbu sifatlarning ma’nosi ila sifatlangandir. U zot Qodir, Murid - Iroda qiluvchi, Olim, Tirik, Eshituvchi, Ko‘ruvchi va Gapiruvchidir.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Afsuski bu kabi gaplarni ancha-muncha tolibi ilmlar tushinishmaydi. Avom xalq qanday tushinishsin? Avom xalq uchun “Allohning nazdida nima to‘g‘ri bo‘lsa shunga iymon keltirdim” deyish kifoya qiladi. Vallohu a’lam!
6 May 2022, 21:10 | Savol-javoblar | 200 | Qur’oni karim
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Afsuski bu kabi gaplarni ancha-muncha tolibi ilmlar tushinishmaydi. Avom xalq qanday tushinishsin? Avom xalq uchun “Allohning nazdida nima to‘g‘ri bo‘lsa shunga iymon keltirdim” deyish kifoya qiladi. Vallohu a’lam!
6 May 2022, 21:10 | Savol-javoblar | 200 | Qur’oni karim