Balog‘at yoshi haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, balog‘at yoshi o‘g‘il bolalarga 12, qiz bolalarga 9 yoshdan deb bilar edim. Sizlarning bir savolga javobingizda balog‘at yoshi ehtilom bo‘lish deyilibdi. Ma’lumki ba’zilarda ehtilom bo‘lish kechroq, 15-16 yoshlarda bo‘ladi. Bunday holatlarda namoz va ro‘za necha yoshdan boshlanadi? Bolalarni necha yoshdan namozga buyurish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bola o‘n yoshga etganida namoz o‘qimasa urishga buyurganlar. عَنْ سَبْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مُرُوا الصَّبِيَّ بِالصَّلَاةِ إِذَا بَلَغَ سَبْعَ سِنِينَ، وَإِذَا بَلَغَ عَشْرَ سِنِينَ فَاضْرِبُوهُ عَلَيْهَا. زَادَ فِي رِوَايَةٍ: وَفَرِّقُوهَا بَيْنَهُمْ فِي الْمَضَاجَعِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ Sabra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bola etti yoshga etganda uni namozga buyuringlar. O‘n yoshga etsa, uning uchun uringlar», dedilar». Boshqa rivoyatda: «Yotar joylarini ajratinglar», deb ziyoda qilingan. Abu Dovud, Ahmad va Termiziylar rivoyat qilganlar. Ammo farz bo‘lishi, o‘qimasa gunoh yozilishi ehtilom yoshidan boshlanadi. Ehtilom bo‘lmagan o‘g‘il-qizlar 15 yoshidan balog‘atga etgan hisoblanadilar. Qazosini o‘qimoqchi bo‘lganlar o‘sha balog‘at yoshidan buyon qoldirganlarini qazosini o‘qiydilar. 10 yoshdan qoldirganini emas. Vallohu a’lam!
21 Aprel 2022, 10:50 | Savol-javoblar | 125 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar