Olov tekkan taomni esa tahorat ketadimi

Assalomu alaykum! Olov tekkan taomni ist’emol qilganda tahorat olish haqida savol bermoqchiman. Shunday hadis bormi va ushbu hadis sahihmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sahih, ammo nasx, ya’ni amaldan qolgan hadis. "Hadis va Hayot" kitobida quyidagicha keladi. عَنْ زَيْدِ بْنِ ثَابِتٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الوُضُوءُ مِمَّا مَسَّتِ النَّارُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Olov tekkan narsadan tahorat», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: U kishi rivoyat qilgan olov tekkan narsadan murod, olovda pishgan go‘shtdir. Bu ham avvalgi hadis kabi nasx bo‘lib, amaldan qolgan hadislardan hisoblanadi. Bu ma’noni quyida keladigan hadis amalga oshirgan va tasdiqlagan.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَكَلَ كَتِفَ شَاةٍ ثُمَّ صَلَّى وَلَمْ يَتَوَضَّأْ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘yning kiftini edilar va namoz o‘qidilar, tahorat qilmadilar».
Uchalalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadis oldingi hadisni nasx qilib, amaldan qoldirgan. Shuning uchun ham musulmon ummati qadimdan hozirgacha hech shubha¬lanmasdan olovda pishirilgan narsalarni tanovul qilganlar va qilmoqdalar.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ آخِرُ الْأَمْرَيْنِ مِنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَرْكَ الْوُضُوءِ مِمَّا غَيَّرَتِ النَّارُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ  Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu ikki ishning oxirgisi (amal qilingani) olov o‘zgartirgan narsadan tahorat qilmaslik bo‘lgan edi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 20:14 | Savol-javoblar | 161 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar