Lotoreya yutug‘ini halollash

Assalomu alaykum! Lotoreya to‘g‘risida menda bir savol bor edi. Agar lotoreyada yutuq chiqsa va uni teng yarmini xayr-exson qilsam qolgani menga halol bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Asma’iy rahmatullohi alayh ko‘chada ketayotsa boshida savatga anor solib ketayotgan bir joriyaning ortidan bir yigit tushib, undan bir dona anorni o‘g‘irlab oldi. Asma’iy o‘g‘rining ortidan tushib kuzatdi. Shunda o‘g‘ri ko‘cha bo‘yida o‘tirgan bir nochor insonga o‘g‘irlagan anorini sadaqa qildi. Asma’iy yigitning ortidan borib nega bunday qilganini so‘radi. Yigit esa “Men Alloh bilan savdolashyapman. O‘g‘irlik qildim bir gunoh yozildi, hadislarda ehson evaziga 10ta ajr berilishi yozilgan. Uni nochorga ehson qildim. Shu hadisga binoan 10ta savobga ega bo‘ldim. Qiyomat kuni bir gunohim evaziga bir savobim olinsa, 9tasi foydamga qoladi” dedi. Asma’iy: “Sen noto‘g‘ri ijtihod qilibsan, chunki o‘g‘irlik gunohi kabira bo‘lib, harom amaldir. Undan erishilgan narsa ham harom hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Alloh taolo pokdir, faqat pokizanigina qabul qiladi” deganlar. Shuning uchun Alloh seni haromdan topganingni aslo qabul qilmaydi. Hatto  ulamolar: “Haromdan topib savob umidida sadaqa qilish kufrdir” deganlar. Chunki harom molning hukmi o‘z egasiga qaytarilishi, egasi topilmasa savobini umid qilinmasdan faqir-miskinlarga sadaqa qilishdir” dedi. (Qisosu tarixil uzamo kitobidan). Sizning ham qilmoqchi bo‘lgan ishingiz xuddi shunga o‘xshaydi. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 10:50 | Savol-javoblar | 140 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar