Guvohsiz nikoh

Nikohni guvohsiz o‘qisa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
َ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا نِكَاحَ إِلَّا بِوَلِيٍّ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ وَلَفْظُهُمَا: لَا نِكَاحَ إِلَّا بِوَلِيٍّ وَشَاهِدَيْ عَدْلٍ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz nikoh yo‘qdir», dedilar». Abu Dovud, Termiziy, Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilganlar. Ahmad va Bayhaqiyning lafzida: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir», deyilgan. Sharh: Valiyni Hanafiy mazhabi nikohning shartlaridan biri, desa ham, boshqa mazhablar nikohning ruknlaridan biri, deganlar. Shunga binoan, nikohning to‘g‘ri bo‘lishi unga bog‘liq. Odatda, ota yoki uning o‘rniga qolgan kishi valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi – ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka-uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi. Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam nikohda valiy bo‘la olmaydi. Chunki bunday odam shariatniki, oyoqosti qilganidan keyin taqdiri o‘ziga ishonib, topshirib qo‘yilgan qizlarning huquqlarini ham poymol qilishi hech gap emas. Hanafiy mazhabida «Odam tanlashni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi», deyilgan. Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil tayin qilishi joiz. Ushbu hadisda yana bir narsa – ikki adolatli shohidsiz nikoh yo‘qligi zikr qilinmoqda. Darhaqiqat, ana o‘sha guvohlar ikki yoshning halol-pok yo‘l – nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar, boshqa kishilarga ham buni etkazadilar. Keyinchalik eru xotin o‘rtasida nikoh masalasida da’volashuv bo‘lib qolsa, ular qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu narsalarni e’tiborga olgan holda guvohsiz nikoh bo‘lishi mumkin emas. Nikohda guvohlar ikki erkak kishi, Hanafiy mazhabida ikki erkak kishi bo‘lmasa, bir erkak, ikki ayol kishi bo‘lishi ham mumkin. Ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi. Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim: 1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi. 2. Balog‘atga etganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi. 3. Hur. Qul guvoh bo‘lmagan. 4. Musulmonlik. Musulmon bo‘lmagan odam guvoh bo‘lolmaydi. 5. Ikkala guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning so‘zlarini eshitishi kerak. 6. Guvoh adolatli – diniy jihatdan to‘liq ishonchli odam bo‘lsa yaxshi. Bo‘lmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan. Ikki guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishlari kerak. Guvoh adolatli – dini mukammal bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi. Bunday odam topilmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan. Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohligi asari da’vo paytida o‘tmaydi. Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam. Boshqa mazhablarda fosiqning guvohligi o‘tmaydi. Ammo hanafiy mazhabida yuqorida zikr qilingan shart ila uning nikohdagi guvohligi qabul qilingan. Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida to‘g‘ri bo‘ladi. Misol uchun, ajrashib ketgan er-xotin o‘zlarining ikki o‘g‘li guvohligida yoki birlarining ikki o‘g‘li huzurida qayta yarashsalar ham to‘g‘ri bo‘laveradi. Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Misol uchun, erning ikki o‘g‘li guvohligida nikoh qilindi. Keyin er-xotin orasida nizo chiqib, qoziga murojaat qilindi. Ikki o‘g‘ilning guvohligi otaning foydasiga qabul qilinmaydi. Ammo erning xuddi o‘sha o‘g‘illarining guvohligi xotinning foydasiga qabul qilinadi. Chunki ular bilan xotinning orasida qarobat – yaqin qarindoshlik yo‘q. Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi. Zimmiy – Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin shaxsdir. Agar musulmon odam zimmiy ayolga uylanayotgan bo‘lsa, ikki zimmiy erkakning guvohligida qilingan nikoh to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo keyinchalik mazkur er-xotinning orasida nizo chiqib, ishlari mahkamada ko‘rilayotganda zimmiylarning musulmonning ziddiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi. Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, vakil guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga etgan, boshqa odam unga valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi guvoh bo‘la oladi. Ammo vakil qiluvchi va valiy qiluvchi hozir bo‘lmasa, vakil ham, valiy ham guvoh bo‘la olmaydi. Chunki bu holatda ularning har biri aqdi nikohning bir tarafi bo‘ladi. Nikohdan o‘tuvchining o‘zi aqd paytida hozir bo‘lsa, uning o‘zi aqdning bevosita egasi bo‘ladi. Bu holda vakilning ham, valiyning ham guvoh bo‘lishlariga imkon tug‘iladi.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 11:23 | Savol-javoblar | 305 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar