Yo‘lga qon chiqarib yuborish

Assalomu alaykum! Men Toshkent viloyat, Angren shahardan sizlarga savol yo‘llamoqdaman, savolim shundan iboratki bizni mahallamizdan o‘tgan katta magistral yo‘l bor Toshkent-Andijon(vodiyga ketish asosiy yo‘li) shu katta yo‘lda aynan bizni mahallamiz yonida shu oy ichida ko‘p baxtsiz halokatlar bo‘lmoqda. Haftasiga 1-2 inson olamdan o‘tmoqda, katta yo‘ldagi avariyalar tufayli, shu bilan mahallamiz faollari katta yo‘lga qon chiqarib yuborish kerak yo‘l qonsirab qolgan deyishmoqda. Kimdur tuya so‘yish yoki qurbonlikka yaraydigan mol qurbonlik qilish kerak yo‘l uchun deyishmoqda. Bu masalaga javob olish uchun ilmli ustozladan borib maslahat olish kerak bid’atga aralashib gunohga botib qolmaylik degan fikrni aytim, lekin hozir karantin sababli bora olmaymiz. Shunga ilmli ustozladan javob olmoqchi edik. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qurbonlik kunlari qurbonlik uchun undan boshqa kunlari aqiyqa uchun jonliq so‘yish joiz. Undan boshqa hech qanaqasiga, hech kimga atab jonliq so‘yish joiz emas. Xususan “Yo‘l qonsirab qolibdi, yo‘lga atab” deyish ahmoqlikdan boshqa ish bo‘lmaydi. Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan jonliqni Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qilgan.  قُل لاَّ أَجِدُ فِي مَا أُوْحِيَ إِلَيَّ مُحَرَّمًا عَلَى طَاعِمٍ يَطْعَمُهُ إِلاَّ أَن يَكُونَ مَيْتَةً أَوْ دَمًا مَّسْفُوحًا أَوْ لَحْمَ خِنزِيرٍ فَإِنَّهُ رِجْسٌ أَوْ فِسْقًا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلاَ عَادٍ فَإِنَّ رَبَّكَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ 145...«...yoxud fisq ila Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan bo‘lsa, mustasno».
Ya’ni hayvon Allohdan o‘zganing nomi bilan va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilsa, fosiqlik – din chegarasidan chiqish bo‘ladi, so‘yilgan go‘sht harom hisoblanadi. Shunday qilib, harom aniq bo‘ldi. Allohning amriga yuraman, degan banda mazkur narsalarni zinhor-bazinhor iste’mol qilmasligi kerak. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 12:57 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar