Mushkulkushod

Assalamu alaykum! Mushkulkushod mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
SAVOL: Bibi Mushkulkushod onamizning qissalarini o‘qish mumkinmi? Bugungi kunda buni "shirk" deb topishgan. Shayx Hazratlarining ayni holatga munosabatlarini bilmoqchi edik. JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym. «Bibi Mushkulkushod» degan nomli qissa shariatimizda yo‘q narsa, mumkin emas narsa. Mushkulni kushod qiluvchi ya’niki, bandaning boshiga tushgan og‘irlikni engil qiluvchi, mushkul ishlarni kushoyish aylovchi zot Alloh taoloning o‘zi. Bibi Mushkulkushod degan bir shaxs odamlarning mushkulini kushod qiladigan, og‘irini engil qiladigan, qayg‘usini ketkazadigan, boshiga tushgan musibatni yo‘q qiladigan bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun, «Bibi Mushkulkushod» degan marosimlarni qilish, u erda Islomga aloqasi bo‘lmagan bir qissani o‘qish odamning boshiga tushgan mushkulni kushoyish aylab yozib yuboradigan holat emas. Balki boshiga og‘ir ish, mushkul tushgan mo‘min-musulmon Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan rivoyatlar asosida Qur’on oyatlaridan o‘qib, salovotlar aytib, Alloh subhanahu va taoloning O‘zidan mushkulini oson qilishni so‘ramog‘i lozim. Bu to‘g‘rida aniq va ishonchli rivoyatlar bor. Sahobalarning roziyallohu anhum hayotlarida o‘tgan tajribalar bor. Ana o‘shalardan, Qur’on oyatlaridan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan duolardan o‘qib, Alloh subhonahu va taoloning o‘zidan mushkulini oson bo‘lishini so‘rash kerak. Bu narsani qayta-qayta aytishga majburmiz, chunki turli sabablarga ko‘ra, asosan diniy ta’limotning yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, ayollarimiz o‘rtasida Islom ta’limotlari, jumladan, boshiga mushkul tushganda nima qilish kerakligi to‘g‘risidagi shar’iy ko‘rsatmalar joriy bo‘lmaganligidan mana shu narsa ayollarimiz o‘rtasida keng tarqalib qolgan. Hatto Xadicha Kubro madrasasida ta’lim olgan, viloyatlardan kelgan qizlardan ba’zilari ham murojaat qilishgan. Ular bu erda tahsil olib yurtlariga ta’tilga qaytib borsalar ayollar «Sen shunday diniy madrasada o‘qib kelding, bizga «mushkulkushod» qilib bergin» degan taklifni qilib, ularni xijolatga qo‘yayotganliklarini aytadilar. «Sen madrasada o‘qib kelding, bizga Qur’on tilovatini o‘rgatgin, bizga namoz ta’limini bergin, bizga shariat ahkomlarini o‘rgatgin» deyish o‘rniga bizga «mushkulkushod» o‘qib bergin» degan talabni qo‘yishadi. Holbuki, bu narsa shariatda yo‘q, musulmonlar qilmasligi kerak narsa bo‘lganligidan albatta madrasada buni o‘qitish mumkin emas. Bu to‘g‘rida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Ana shu qizlar ham bizga murojaat qilib, «ana shu masalaga aniqlik kiritsangiz», deb so‘rashgan. Shuning uchun kattayu-kichik, yoshu-qari opa-singillarimiz yaxshi tushunib, anglab etmoqlari lozimki, bizning shariatimizda «Bibi Mushkulkushod» nomli shaxs yoki qissa yoki boshiga mushkul tushgan odam qiladigan marosim mutlaqo yo‘q, bu shar’iy narsa emas, balki boshiga mushkul tushganda banda Allohning o‘ziga yolvorishi kerak, Qur’on oyatlaridan o‘qishi kerak. Alloh subhanu va taoloning O‘zidan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan duolarni o‘qish, takrorlash, Allohning zikrini qilish or-qali mushkulini oson bo‘lishini so‘rashlari lozim. Vallohu a’lam. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

21 Aprel 2022, 11:59 | Savol-javoblar | 177 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar