Sotgan narsamin aybini aytmay sotgandim

Assalomu alaykum! Alhamdulillah hozir 5 maxal ibodatdaman, tavba qilganman. Maktabda o‘qigan paytlarimda 18 yoshimda tanishimga telefon sotgandim, lekin o‘sha telefonni aybi bor edi. Men aybini aytmay sotganman. Buni gunox ekanligini shu paytda xam bilar edim. Xozir 21 yoshdaman, endi buni gunoxi og‘ir ekanligini ko‘proq angladim. Biroz vaqt o‘tgach o‘sha inson shu telefonni aybi borligini bilib mendan norozi bo‘lib yurganligini eshitdim. Shu gunoximni qanday yuvsam bo‘ladi? Iloji bo‘lsa shu mavzuga doir xadis bo‘lsa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘sha odamni topib rozi qilasiz. عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ثَلَاثَةٌ لَا يُكَلِّمُهُمُ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ: الْمَنَّانُ بِمَا أَعْطَى، وَالْمُسْبِلُ إِزَارَهُ، وَالْمُنَفِّقُ سِلْعَتَهُ بِالْحَلِفِ الْكَاذِبِ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch 
(toifaga) Alloh azza va jalla qiyomat kuni gapirmaydi, nazar solmaydi va poklamaydi. Ularga alamli azob bo‘lur. (Ular) berganini minnat qiluvchi, izorini (faxr ila) sudrab yuruvchi, yolg‘on qasam ila savdo molini o‘tkazuvchilar(dir)», dedilar».
Nasaiy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: «Yolg‘on qasam ila savdo molini o‘tkazuvchi». 
Xaridorni ishontirish uchun o‘tmas matohini qasam ichib, maqtagan odam ham qiyomat kuni og‘ir ahvolga tushadi. Alloh taolo unga ham gapirmaydi, nazar solmaydi va uni poklamaydi. وَمَرَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ: مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim aldasa, bizdan emasdir», dedilar».
Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Savdodagi aldamchilik qilish savdogarni musulmonlik doirasidan chiqarishi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Mendan emas» deganlari «Mening dinimda emas», deganlaridir.
Qo‘yingki, inson bolasining aqliga sig‘maydigan narsalar, hiyla-nayranglar bozorda uchraydi. Ushbu narsalarni kasb qilib olgan aldamchilarning o‘zini musulmonman, deb atashga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidanman, deyishga haqlari bormikan?!
Alloh taolodan qo‘rqish kerak. Aldamchilikni tashlash kerak. Aldamchilik bilan topilgan mol-dunyo harom bo‘ladi. Egasiga yuqmaydi. Boshiga bitgan balo bo‘ladi. Qiyomatda ham sharmanda qiladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 07:51 | Savol-javoblar | 179 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar